Jizzaxda tug‘ilgan bolaga Mbappe deb ism qo‘yilgani rad etildi

Sport 23:16 / 17.01.2023 27315

Ijtimoiy tarmoqlarda Jizzax viloyatining Baxmal tumanida tug‘ilgan bolaga “MBAPPE” deb ism qo‘yilganligi haqida xabar tarqaldi. Xabarga bolaning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi ilova qilingan.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Hujjatga ko‘ra, bola 2023 yilning 14 yanvar kuni dunyoga kelgan. Tug‘ilganlik holati Baxmal tumani FHDYo bo‘limi tomonidan 16 yanvar kuni qayd etilgan.

Kun.uz bu xabar qanchalik haqiqatga yaqin ekanini bilish maqsadida Adliya vazirligining axborot xizmati bilan bog‘landi. Vazirlik tomonidan ushbu holat o‘rganib chiqilganda, internetda tarqatilgan xabar yolg‘on ekani, bolaga bunday ism qo‘yilmagani aniqlandi.

Adliya vazirining matbuot kotibi Sevara O‘rinboyevaga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqda tarqalgan hujjat fotoshop mahsuli bo‘lib, aslida bolaga Abdulloh deb ism qo‘yilgan. Mutaxassislarga ko‘ra, buni tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma raqami yoxud hujjatda qayd etilgan jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsion raqamidan ham osongina aniqlash mumkin.

“Ma’lumot tariqasida, bolaga ism uning kelgusidagi manfaatlaridan kelib chiqqan holda beriladi, kelgusida uning sha’ni va qadriga salbiy ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan ism berilishiga yo‘l qo‘yilmaydi”, deyiladi Adliya vazirligining Kun.uz’ga taqdim etgan ma’lumotida.

Eslatib o‘tamiz, Mbappe futbol bo‘yicha Fransiya terma jamoasining a’zosi Kilianning familiyasidir.

O‘zbekistonliklar o‘z farzandiga futbol yulduzi, kino qahramon yoki tarixiy shaxslarning ismini qo‘ygani bungacha ham kuzatilgan. Internetda 1984 yilda tug‘ilgan Chingalchuk, 1990 yilda tavallud topgan Brus Li, 1993 yili dunyoga kelgan Amir Temur, 1994 yilda tug‘ilgan Maradonalarning hujjatlari nusxasi mavjud.

Ko‘proq yangiliklar: