Andijon viloyati hokimligi huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” IKning buyurtmasiga asosan, Asaka tumani “Ne’matobod” MFY hududida 360 o‘rinli yangi maktab qurilmoqda.
Qurilish deyarli yakuniga yetgan. Biroq fuqarolar tomonidan Kun.uz'ga qurilishda kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani bo‘yicha murojaat kelib tushdi. 2022 yil 7 dekabrda foydalanishga topshirilishi belgilangan bino hamon o‘quvchilarni qabul qilishga tayyor emas.
“Maktabning tom qismlarida temir-betonlar o‘rniga yog‘ochlardan foydalanishdi. Maktab ichida devorlar yorilmoqda. Namlik hisobi olinmagani va sifatli qurilish mollaridan foydalanilmagani evaziga devorlarni sho‘r bosmoqda. Eshiklari esa to‘liq yopilmaydi. Biz quruvchilarga e’tirozlarimizni aytdik. Biroq inobatga olishmadi. Farzandlarimiz bu maktabda o‘qishni boshlamasdan shunday holat bo‘lsa, bu bino uzoqqa dosh bermaydi”, – deydi mahalla faoli Doniyor Homidov.
Qurilish ishlarini “Odil-Xamza” XK olib bormoqda. Korxona bosh muhandisi savollarimizga javob berish asnosida maktab qurilishini tez orada yakunlashini ta’kidladi.
“Ikkita binoni bir-biriga ulaganimiz uchun devorda yoriq hosil bo‘lgan. Yangi binoda albatta cho‘kish, namlik chiqishi, issiqda o‘zgarishi mumkin. Bu tabiiy hol. Muammolarni bartaraf etyapmiz. Qurilishni dastlab yordamchi pudratchi sifatida “Obod Dior Toshkent” MChJga bergandik. Ammo ularning ishlari bizga yoqmagani bois o‘zimiz davom ettiryapmiz. Muddatidan o‘tib ketishiga ham shu sabab. Eshiklarining orasi ochiqligi ham barchasi binoni topshirgunimizcha to‘g‘rilanadi”, – dedi muxbir bilan telefon orqali suhbatda korxona bosh muhandisi Obidjon Ismoilov.
Maktab binosi qurish uchun sarflanayotgan 4,5 milliard so‘mga yaqin mablag‘ to‘g‘ri sarflangani, qurilishlarda kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan-qo‘yilmagani yuzasidan tegishli tashkilotlar o‘rganish olib borishi maqsadga muvofiq.
Abduvali Qurbonov