Microsoft o‘z xodimlariga cheksiz dam olish huquqini beradi

Fan-texnika 00:18 / 13.01.2023 70465

Microsoft kompaniyasi amerikalik xodimlariga 16 yanvardan boshlab cheksiz muddat ta’til olish huquqini beradi. Bu «o‘z ixtiyoriga ko‘ra ta’til olish» siyosati doirasida joriy qilinmoqda, deb ma’lum qildi CBS. Ishchilarga yil davomida istalgan miqdorda ta’til olishga ruxsat beriladi.

Kompaniya o‘z qarorini mehnat jarayoni tobora moslashuvchan bo‘lib borayotgani, rahbariyat esa yangi tendensiyalarga rioya qilishga intilib, xodimlarga dam olish vaqtining davomiyligini mustaqil belgilash imkoniyatini berayotgani bilan izohladi.

Yangilik Microsoft kompaniyasining Amerikadagi 122 ming xodimiga taalluqlidir.

Bundan tashqari, Microsoft o‘z xodimlariga korporativ tadbirlar uchun yoki davolanish, sudda ishtirok etish, qarindoshlarining o‘limi holatlarida kafolatlangan 10 kunlik ta’tilni ham taklif qildi.

Cheksiz dam olish amaliyoti allaqachon boshqa IT-kompaniyalarda, xususan, Netflix, Hubspot, Oracle va Salesforce kompaniyalarida ham joriy qilingan. Biroq, bu amaliyotdan voz kechilgan holatlar ham bo‘ldi, masalan, 2015 yilda Kickstarter bu muddatni 25 kunga qisqartirdi. Chunki ko‘plab xodimlar, aksincha, dam olish uchun kamroq muddat olishni boshladilar, chunki ular bunga loyiq ekanini hisoblashda muammoga duch kelishdi.

Shu bilan birga, ba’zi kompaniyalar, aksincha, xodimlariga nisbatan siyosatini kuchaytirmoqda va masofadan ishlash imkoniyatini yopmoqda. Masalan, milliarder Ilon Mask Twitter kompaniyasini qo‘lga kiritgach, ish «o‘ta og‘ir» bo‘lishini e’lon qildi, xodimlarga masofadan ishlashni taqiqladi va ular uchun bepul ovqatlanishni bekor qilish haqida o‘ylamoqda.

Ko‘proq yangiliklar: