–13 gradusda cho‘milayotgan 70 yoshli “morj” otaxon

Jamiyat 13:39 / 13.01.2023 60693

Murodjon ota qish kunlarida cho‘milish odatini 1974 yillarda, harbiy xizmatga borgan vaqtlarda boshlagan. Orada o‘sha paytdagi militsiyada ishlagan kezlari bu hobbisiga vaqt ajrata olmagan. Nafaqaga chiqqandan keyin, o‘zining sevimli mashg‘ulotini yana davom ettirgan.

Uning aytishicha, qishning chillasida cho‘milishdan oldin odam tanasini qizdirib olishi kerak. Shu sababdan otaxon suvga tushishdan avval maktab stadionida 6-8 kmgacha yuguradi. Tanasi qiziganidan keyin esa daryo tomon shoshadi.

Yugurishda qizigan tana sovimasdan turib suvga tushish kerak. “Morj” suvda ko‘p turmaydi. Suvda ozgina turgandan keyin chiqadi va Norin daryosining suvidan kaftida uch marta suv olib ichadi.

Buni tomosha qilayotgan odam sovuqdan seskanib ketishi tabiiy. Lekin Murodjon ota bu holatga o‘rganib qolgan va bu mashg‘ulot uning hobbisiga aylangan. Nabiralarini ham qishda cho‘milishga tayyorlaydi.

“Qizimning farzandi bor, hozir Angliyada o‘qiydi. O‘sha 7-sinfligida ota-onasidan yashirib qishda cho‘miltirgani olib chiqardim. Cho‘milayotganimizni otasiga yoki onasiga aytib qo‘ymaslikka kelishdik. Ular cho‘milayotganda videoga olib qo‘yardim. Yoz kelganda ota-onasiga videoni qo‘yib berdim. Ular farzandlari qishda shamollamasdan, yo‘tal yoki tomog‘i og‘rimasdan chiqqanining sababini bilishdi. Shundan keyin bobosi bilan qishda cho‘milishga borishi kerakligini aytib xursand bo‘lishgandi”, – deydi u.

“Morj” otaxon bu mashg‘ulotni boshqalarga ham o‘rgatishdan va bu foydali ekanini aytishdan mamnunligini ta’kidlaydi. Lekin biz buni takrorlashni hammaga ham maslahat bermagan bo‘lardik.

Tohirjon Tursunov,
Kun.uz muxbiri

Ko‘proq yangiliklar: