SSV: Korrupsion holatlar bo‘yicha murojaatlar vazirning shaxsiy telefon raqami orqali ham qabul qilinadi

Jamiyat 14:53 / 12.01.2023 11346

Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov tomonidan 2023 yil tizimda «Korrupsiyaga qarshi kurash yili» deb e’lon qilingan. 

Bu boradagi ustuvor vazifalar ijrosi doirasida vazirning (+998-91) 403-17-73 shaxsiy telefon raqami orqali sohadagi korrupsiyaviy holatlar yuzasidan aniq fakt va dalillarga asoslangan murojaatlar qabul qilish boshlandi.

Bundan tashqari, fuqarolar o‘z murojaatlarini quyidagi platformalar orqali ham yo‘llashi mumkin:

  • vazirlik qoshida kun-u tun faoliyat olib boruvchi «1003» qisqa raqamli «Sall-markaz»;
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar sog‘liqni saqlash boshqarmalari qoshida muntazam faoliyat yurituvchi «1103» qisqa raqamli «Sall-markaz»lar;
  • vazirlikning yangi ishga tushirilgan rasmiy telegram-boti;
  • barcha tuman tibbiyot muassasalarining fuqarolar gavjum bo‘ladigan joylariga o‘rnatilgan va tibbiyot maskani rahbari bilan bog‘lanish imkonini beruvchi to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqa liniyalari;
  • vazirlik rasmiy veb-saytida aholidan kelib tushayotgan savollarga tezkor javob berishga mo‘ljallangan «Jivo» ilovasi.

«Sog‘liqni saqlash vazirligi har qanday korrupsion holatlarga nisbatan murosasiz munosabatda bo‘ladi va fuqarolarning hech bir murojaati e’tibordan chetda qolmaydi», deyiladi vazirlik xabarida.

Ko‘proq yangiliklar: