“O‘zbekneftgaz”: Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli “Dengizko‘l” siquv kompressor stansiyasining barqaror ishlashi ta’minlanmoqda

Jamiyat 21:26 / 12.01.2023 16272

Dastur doirasida konlarda tabiiy gaz qazib chiqarishni oshirish maqsadida yangi ishlatish quduqlarini burg‘ilash, tabiiy gazni uzatish tizimini kengaytirish bo‘yicha gaz quvurlari hamda texnologik obektlar qurib ishga tushirildi.

Xususan, Muborak boshqarmasida 2020-2022 yillarda dastur doirasida 3 ta, ya’ni “Zevarda”, “Alan” va “Dengizko‘l” konlarida siquv kompressor stansiyalarining 2-navbatlari ishga tushirilishi bilan boshqarmadagi siquv kompressor stansiyalari soni hozirgi kunda 16 ta yetdi.

Shunday loyihalardan biri bo‘lgan “Dengizko‘l” siquv kompressor stansiyasining 2-navbati ham “Dengizko‘l” konidagi tabiiy gaz zaxiralarini yanada chuqur o‘zlashtirishni ta’minlash maqsadida ishga tushirilgan bo‘lib, loyiha bosh pudratchi – “Enter Engineering” kompaniyasi tomonidan qurilgan.

Stansiyada zamonaviy gaz-turbina uskunalari va kompressorlar ishlab chiqarishda yetakchi xorijiy kompaniyalar, ya’ni “Baker Hughes”, “Akchelik”, “DenEyr Enerji”, “IGNK”, “Shandong Vintex” va shu kabi kompaniyalar tomonidan yetkazib berilgan.

Loyiha 2022 yil noyabr oyida to‘liq ishga tushirilib, natijada “Dengizko‘l” konidan kunlik tabiiy gaz qazib olishni 1,0 mln kub metrga oshirish va gazni barqaror yetkazib berish imkoniyati yaratildi. “Dengizko‘l” guruhi konlarida hozirgi kunda 29 ta ishlatish quduqlari mavjud bo‘lib o‘rtacha kunlik gaz qazib chiqarish 3,7 mln kub metrni tashkil etadi.

2023 yil 11 yanvarda respublikamiz bo‘ylab kuzatilgan anomal sovuq harorat tufayli avtomatik boshqaruv tizimi nazorat o‘lchov asboblarida yuzaga kelgan nosozliklar tufayli stansiya agregatlari ishdan to‘xtagan edi. Stansiyani qayta ishga tushirish uchun zudlik bilan ishlar tashkil qilinib, gaz haydash agregatlarini qayta ishga tushirish bo‘yicha zarur choralar ko‘rildi.

“O‘zbekneftgaz” AJ mutaxassislari, “Maxsusenergogaz” AJ hamda “Enter Engineering” kompaniyasidan jalb qilingan mutaxassislar bilan hamkorlikda murakkab qurilma hisoblanadigan siquv kompressor stansiyaning gaz haydash agregatlari boshqaruv tizimida yuzaga kelgan nosozliklar bartaraf etildi va stansiyadagi 2 ta gaz haydash agregatlari to‘liq ishga tushirildi.

Hozirda Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasidagi mavjud barcha kompressor stansiyalari barqaror holatda ishlamoqda va tabiiy gaz qazib chiqarish ko‘rsatkichlari to‘liq qayta tiklandi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati Ⓣ

Ko‘proq yangiliklar: