Internetda tilla sotuvchi firibgar qo‘lga olindi

Jamiyat 00:43 / 11.01.2023 10265

Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasiga 1968 yilda tug‘ilgan M.B. murojaat qilib, unga Telegram'dagi guruhlarning biridagi Dilyara ismli shaxs 900 dollarlik taqinchoqni taklif qilgani va oxir-oqibat aldab ketgani haqida shikoyat qilgan.

IIBB xabariga ko‘ra, jabrlanuvchi o‘ziga notanish bo‘lgan shaxsga oldindan elektron to‘lov orqali 2 mln 290 ming so‘m pulni plastik kartaga tushirib beradi. Ammo Dilyara g‘oyib bo‘ladi, xabarlarga esa javob bermaydi.

Holat yuzasidan noma’lum shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) 3-qismi bilan jinoyat ishi ochildi.

IIBB Axborot texnologiyalar sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari olib borgan tezkor texnik tadbirlar orqali bu jinoyatni 1998 yilda tug‘ilgan, muqaddam Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi bilan sudlangan D.Sh. sodir etgani aniqlangan va u qo‘lga olingan.

IIBB Axborot xizmati katta mutaxassisi Jamoliddin Nasimovning ma’lum qilishicha, D.Sh. ismli shaxs Telegram guruhlarida tilla sotaman deb, yana kamida 3 nafar fuqaroni chuv tushirgani aniqlangan. Hozir holat yuzasidan surishtiruv ishlari davom ettirilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: