Matematika o‘qituvchisi quyoshda ishlaydigan mashina yasadi

Fan-texnika 09:18 / 10.01.2023 79183

Elektr transport vositalaridan foydalanish jadal sur’atlar bilan o‘sib bormoqda. Talab ortib borayotgani sabab, ko‘plab avtokompaniyalar o‘zlarining EV modellarini ishlab chiqaradilar. Biroq 2009 yilda tabiiy energiyadan foydalanib mashina boshqarish mumkinligi ko‘pchilikning xayoliga kelmagan.

Ammo matematika o‘qituvchisi Bilol Ahmad o‘sha paytda EV yasashni o‘ylagandi. Deyarli 13 yillik mashaqqatli mehnatdan so‘ng Bilol o‘z uyida quyoshdan quvvat olib ishlaydigan mashina yasadi.

Bu quyosh avtomobili har jihatdan zamonaviy. Barcha turdagi eng so‘nggi gadjetlar bilan jihozlangan va to‘liq avtomatlashtirilgan. Hatto mashinasining eshiklari Transformerlar filmidagi kabi uzoqdan ochiladi.

U 1998 yilda ishlab chiqarilgan Nissan Misra avtomobilining asosiy modelini elektromobilga aylantirgan. “Menga ushbu mashinaning dizayni yoqdi va bu loyiha uchun eng zo‘r mashina ekanini his qildim. Ammo bu mashinada dvigatelni vitesga ulash men duch kelgan eng qiyin muammolardan biri edi. Keyinchalik men unga quyosh panellarini o‘rnatdim”, deydi Bilol.

Mashinaning deyarli butun tashqi qismi qora rangdagi quyosh panellari bilan qoplangan. Avtomobilning bu quyosh panellari har qanday yo‘nalishda aylanishi mumkin va bu narsa avtomobilni yanada o‘ziga xos qiladi. Mashina yuqori kilovattli dvigatel bilan ishlaydi va yo‘lda oddiy mashina kabi harakat qiladi. Ushbu quyosh avtomobilida besh kishi bemalol o‘tirishi mumkin.

Bilol mashinaga zaryadlanuvchi akkumulyatorni ham o‘rnatgan, shuning uchun uni istalgan zaryadlovchi stansiyada quvvatlantirish oson.

Bilolning aytishicha, avtomobilning quyosh panellari avtomatik ravishda quyosh nuri ko‘proq tushadigan tomonga aylanadi. Bu xususiyat qishda bulutli bo‘lgan Kashmir kabi joylarda katta ahamiyatga ega. Oddiy quyosh panellari odatda bunday ob-havoda 20 foizdan 30 foizgacha kamroq ishlaydi. Shuning uchun u monokristalli quyosh panellaridan foydalangan, mashina hatto kam quyosh nurida ham yaxshi ishlaydi.

Bilolning so‘zlariga ko‘ra, uning mashinasi bugungi zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan. Shunga qaramay, uning narxi bozorda mavjud elektromobildan ancha past. Bilolning aytishicha, agar mashina ko‘p miqdorda ishlab chiqarilsa, uning narxi atigi 6-8 million atrofida bo‘ladi. Biroq bu mashinani yasash uchun Bilol 15 million sarfladi. Bunga uning yillar davomida ko‘plab tajribalar qilgani sabab bo‘lgan.

Avtomobil ishlab chiqarishdan oldin, 2009 yilda Bilol Ahmad LPG boshqaruv xavfsizlik moslamasini ishlab chiqdi va patentladi. Agar kimdir gaz regulyatorini o‘chirishni unutib qo‘ysa, Bilolning LPG boshqaruv moslamasi gazni o‘chiradi. Qurilmani istalgan joydan telefon orqali masofadan turib boshqarish mumkin.

Foto: hindi.thebetterindia.com

Ushbu ajoyib mashinani yaratgandan so‘ng, u keng omma uchun tabiiy vositalar bilan ishlaydigan mashinani ishlab chiqishni o‘yladi. O‘shandan so‘ng quyosh avtomobilini ixtiro qilish ishlari boshlandi.

Bilolning aytishicha, dastlab u nogironlar uchun vodorod gazida ishlaydigan mashina ishlab chiqarishni rejalashtirgan. Ammo bir necha oylik asosiy ishdan so‘ng, moliyaviy qiyinchiliklar tufayli loyihani to‘xtatishga to‘g‘ri kelgan.

“Men har doim jamiyat uchun yaxshiroq narsa qilishni xohlardim. Juda ko‘p o‘ylardim, bugungi zamonda aholi uchun arzon va barqaror transport turi bo‘lishi kerak. Shunday qilib, men 2009 yilda o‘zimning hovlimdan bu orzum loyihasini boshladim.

“Resurslarning yetishmasligi Kashmirning asosiy muammosidir. Ushbu mashina ustida ishlayotganimda, men ko‘pincha asboblarni sotib olish muammosiga duch keldim. Ilgari mahalliy bozorlardan mahsulot sotib olish uchun ko‘p vaqt va mablag‘ sarflanardi. Shuning uchun men ko‘p marta faqat eski mahsulotlardan foydalanardim”, deydi Bilol Ahmad.

Shu bilan birga, u ko‘p marta Internet orqali ba’zi narsalarni buyurtma qilgan. Bilolning aytishicha, bir marta sensor sotib olish uchun bir yildan ko‘proq vaqt ketgan.

Foto: hindi.thebetterindia.com

Shu tariqa, unga avtomobil loyihasini ishlab chiqish uchun yetti yil kerak bo‘ldi. U fikr-mulohazalar asosida elektromobiliga tez-tez kichik o‘zgarishlar kiritgan. Nihoyat, ko‘p yillik mashaqqatli mehnat o‘z samarasini berdi va u ishlab chiqargan mashina butun mamlakat bo‘ylab, jumladan Kashmirda mashhur bo‘ldi.

Ko‘plab siyosatchilardan tortib, taniqli shaxslargacha bu muallimning innovatsion sa’y-harakatlarini yuqori baholadilar. Lekin Bilol harakatdan to‘xtamadi, u hali ham bu mashinaga qandaydir o‘zgartirishlar kiritish orqali oddiy odamlar uchun qulay mashinaga aylantirish payida.

Ko‘proq yangiliklar: