Antik davrda bu yerda qad rostlagan qadimgi shahar Egey dengizida savdo qilish tufayli rivojlanib, boyib ketgan. Efes turli davrlarda xettlar, lidiyaliklar, forslar, Makedonskiy va Rim imperiyalari qo‘l ostida bo‘lgan. 5-6-asrlarda Vizantiya tarkibidagi yirik shaharlardan bo‘lgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, shahar 7-asrda sodir bo‘lgan zilzila natijasida vayronaga aylanadi. Keyinchalik, ko‘rfaz suvi pasayib, dengiz suvi shahardan 6 kmgacha uzoqlashadi. Natijada asta-sekin «o‘lib borgan» Efes butunlay huvullab qolgan.
Bu yerda qadimgi dunyoning yetti mo‘jizasidan biri Artemida ibodatxonasi, Sels kutubxonasi, Rim teatri va boshqa ko‘plab me’moriy inshootlari bo‘lgan. Saqlanib qolgan binolarning asosiy qismi toshdan barpo etilgan.
Efes xarobalari Izmirdan 1 soatlik masofada (60-70 km janubroqda) joylashgan. Mavsum emasligiga qaramay, qishda ham bu obidalarni ko‘rish uchun ko‘plab sayyohlar tashrif buyuradi. Turkiyada bo‘lib qaytgan Kun.uz muxbiri qadimiy shahardan fotojamlanma taqdim qiladi.
Suratlar muallifi – Farrux Absattarov