“Do‘lmabog‘cha” – Turkiyadagi eng katta yaxlit saroydan fotojamlanma

Jahon 08:41 / 06.01.2023 17233

Turkiya va unga tutash qator hududlar 14-asrdan 20-asrgacha Usmoniylar imperiyasi nazoratida bo‘lgan. Bu davr mobaynida usmoniy sultonlar avvaliga (1460 yildan 1856 yilgacha) Istanbul (Konstantinopol)dagi “To‘pkapi” saroyida, 19-asr o‘rtalaridan esa “Do‘lmabog‘cha” saroyida yashab faoliyat yuritgan.

Istanbulning Yevropa qismida joylashgan “Do‘lmabog‘cha” saroyi – 1842–1853 yillar davomida Sulton Abdulmajid davrida qurilgan. U 14,5 ming kvadrat metr maydonga ega bo‘lib, Turkiyadagi eng yirik monoblok saroy hisoblanadi.

1924 yilga qadar saroyda Usmonlilarning 6 nafar sultoni va oxirgi xalifasi yashagan. Shuningdek, saroydan Turkiya Respublikasi asoschisi Mustafo Kamol Otaturk ham 4 yil davomida foydalangan. Keyinroq, 1938 yilda Otaturk shu saroyda vafot etgan.

“Do‘lmabog‘cha” saroyi 1949 yilga qadar Turkiya jumhuriyati yetakchilari uchun rezidensiya vazifasini o‘tagan. Shundan keyin bir necha marta muzey sifatida ochilib, yopilgan. 1984 yildan boshlab “Do‘lmabog‘cha” to‘liq saroy-muzey sifatida o‘zidagi asl jihozlari bilan jamoatchilik uchun ochilgan.

Bosfor bo‘g‘ozi bo‘yida joylashgan saroy mahobatli bo‘lib, 3 ta yirik qismga bo‘lingan. Sultonlar davlat ishi bilan shug‘ullanadigan – Ma’muriy qism, sultonning oilasi yashaydigan – Haram. Bu ikki qism orasida katta tantanalar zali bo‘lib, u yerda sulton mehmonlarini qabul qilgan.

Foto: Turkiya Milliy saroylar direksiyasi
Foto: Turkiya Milliy saroylar direksiyasi

Saroyda 285 ta xona, 44 ta zal, 6 ta turk hammomi va 68 ta hojatxona bor. Saroy arxitekturasi an’anaviy turk me’morchiligi va yevropacha uslublar uyg‘unligida barpo etilgan.

Saroy nafaqat hashamati, balki juda katta hovlisidagi ko‘plab daraxtlari va toza havosi bilan ham kishini o‘ziga rom etadi.

Tashrif buyuruvchilar uchun muzeyning ichki qismini rasmga olish mumkin emas ekan. Shu sababli saroyning ichki qismi suratlari ochiq manbalardan olindi.

Foto: Turkiya Milliy saroylar direksiyasi
Foto: Turkiya Milliy saroylar direksiyasi

Saroy-muzeyning ish vaqti, kirish narxi va boshqa ma’lumotlarni ushbu havola orqali olishingiz mumkin.

Farrux Absattarov

Ko‘proq yangiliklar: