O‘zbekistonda davlat mulkini ijaraga berish tartibiga rioya etmaganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda

O‘zbekiston 11:31 / 18.05.2024 4041

Senatorlar “Davlat mulkini ijaraga berish sohasidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonunni muhokama qilishdi.

Qayd etilishicha, bugungi kunda amalda davlat mulkidan samarali foydalanilmaslik va uni ijaraga berish tartibini buzish bilan bog‘liq qonunbuzarlik holatlari ko‘payib bormoqda. Bu esa, o‘z navbatida davlat mulkini ijaraga berish sohasidagi qonunchilik buzilishlarining oldini olishga qaratilgan choralarni takomillashtirishni taqozo etyapti.

Shu bois senatorlar tomonidan muhokama qilingan qonun bilan davlat mulkini ijaraga berish sohasidagi qonunchilikni buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda.

Xususan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga qo‘shimcha modda kiritilyapti. Unga ko‘ra, davlat mulkini belgilangan tartibda ijara shartnomasi tuzmasdan ijaraga berish, ijaraga oluvchiga ijaraga berilgan davlat mulkini qabul qilib olishi, uning hududiga kirishi va foydalanishiga asossiz ravishda to‘sqinlik qilish yoki ijara shartnomasida ijaraga berilgan mulkning parametrlari va sonini kamaytirib ko‘rsatgan holda ijaraga berganlik uchun mansabdor shaxslarga BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarima solinishiga asos bo‘ladi.

Ushbu huquqbuzarlik bir yil ichida qayta sodir etilsa, BHMning 10 baravaridan 15 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi belgilanmoqda.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Ko‘proq yangiliklar: