Qashqadaryodagi dehqon bozorida hokim o‘rinbosari do‘pposlandi

Jamiyat 16:00 / 04.01.2023 19337

Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanida joylashgan bozorda bir guruh shaxslar tuman hokimi o‘rinbosarini do‘pposlagan va bozor direktorining mashinasiga zarar yetkazgan. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati rahbari xabar bermoqda.

Hodisa 2023 yil 2 yanvar kuni soat 10:30 larda Fayz dehqon bozori hududida sodir bo‘lgan.

Ma’lum qilinishicha, tuman hokimining o‘rinbosari M.N. va Fayz dehqon bozori rahbari A.A. bozor hududida obodonlashtirish ishlarini olib borish maqsadida tuman obodonlashtirish bo‘limiga qarashli ekskavatorni ishlatayotgan vaqtda shu bozorda savdo qiluvchi fuqarolar hech bir sababsiz janjal chiqargan.

Janjal vaqtida fuqarolar Z.T. va N.B. qo‘llari bilan hokim o‘rinbosari M.N.ni qasddan bir necha marotaba urgan. Ekskavator oynasini tosh otib sindirgan va “Fayz” MChJ rahbari A.A.ga tegishli “Nexia-2” mashinasiga zarar yetkazib, fuqarolarni faol qarshilik ko‘rsatishga jalb qilgan.

Voqea joyiga Qamashi tuman IIB xodimlari chiqib, fuqarolarni tinchlantirib, jamoat tartibi saqlashga erishilgan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan Qamashi tuman IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi “g” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: