2023 yildan boshlab yanvar oyining birinchi dekadasida “Yoshlar turizmi haftaligi” o‘tkaziladi. Haftalikdan ko‘zlangan maqsad yoshlarni ta’til vaqtida mavsumiy imtiyozli turistik paketlari asosida respublikaning diqqatga sazovor joylariga sayohatlarini tashkil etish, oliy ta’lim muassasalari talabalari, maktab o‘quvchilari va mahallalardagi aholi va yoshlarning sayohatlarini tashkil etish, nogironligi bo‘lgan o‘quvchi, talaba va yoshlarning respublikamiz bo‘ylab sayohat qilishi uchun zarur tashkiliy va amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirishdan iborat.
Shuningdek, haftalik davomida madaniy meros obektlari, muzeylar, teatr va kinoteatrlarga yoshlarning jamoaviy tashriflarini tashkil qilish, tariximizni jonli ko‘rsatuvchi teatrlashtirilgan tomoshalar namoyishini yo‘lga qo‘yish, barcha hududlarda “Yoshlar turizmi karvoni” loyihasi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida “Orol turizmi” haftaligini o‘tkazish, kitobxonlik kunlarini yuqori saviyada tashkil etish, dastur asosida yuqori natijalarga erishgan hamda yoshlarga o‘rnak ko‘rsatadigan ilm-fan namoyandalari ishtirokida “mahorat darslari”ni o‘tkazish maqsad qilingan.
Ta’kidlash lozimki, “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” dasturi doirasida Turizm va madaniy meros vazirligi tomonidan madaniy meros obektlari va muzeylarga chegirmalar e’lon qilingan.
Bundan tashqari, haftalik doirasida “O‘zbekiston temiryo‘llari” AJ hamda “Uzbekistan Airways” AJ tomonidan sayohat qiluvchi yoshlar uchun viloyatlararo qatnovchi avtobus, avia va temiryo‘l chiptalarga chegirmalar hamda tadbirkorlik sub’yektlari tashish xizmatlariga ixtiyoriy chegirmalar belgilanadi.
Dam olish kunlarida sayohat qilishni istaganlar bu boradagi qulayliklar va boshqa ma’lumotlarni har bir mahalladagi yoshlar yetakchilariga murojaat qilishi mumkin!
Qayd etish joizki, “Yoshlar turizmi haftaligi” prezidentning 2022 yil 30 apreldagi “Ichki turizm xizmatlarini diversifikatsiya qilishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq o‘tkaziladi. Tadbir Turizm va madaniy meros vazirligi tomonidan Yoshlar ishlari agentligi, Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda.