Rossiyada batareykani yutib yuborgan o‘zbekistonlik qizcha shifoxonada vafot etdi 

Jamiyat 23:01 / 27.12.2022 45036

Sankt-Peterburgning Filatov nomidagi 5-sonli bolalar shifoxonasida 2021 yilda tug‘ilgan qizcha vafot etdi. Uning o‘limiga batareykani yutib yuborgani sabab bo‘lgan. Tergov qo‘mitasi surishtiruv ishlarini olib bormoqda. 

Xabarga ko‘ra, 4 dekabr kuni 2021 yilda tug‘ilgan qiz «ichaklarida yot jism» tashxisi bilan og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan. 25 dekabr kuni soat 14:25 da bemor vafot etgan. 

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, qizcha uch oy oldin kichik batareykani yutib yuborgan. Biroq, ota-onasi uni zudlik bilan shifokorga olib bormagan. Ehtimol ular yot jism tanadan o‘z-o‘zidan chiqib ketadi, deb o‘ylagan bo‘lishi mumkin. 

Filatov shifoxonasi shifokorlari so‘zlariga ko‘ra, aynan batareykalar, shuningdek, «neokub» magnit sharchalari bolalar tomonidan yutib yuboriladigan eng xavfli jismlar hisoblanadi. Batareykalar tanaga tushganidan keyin kimyoviy moddalarni chiqara boshlaydi, magnit sharchalar esa bir-biriga tortilib, ichak devorlarini teshib yuborishi mumkin. Har ikkala holatda ham shoshilinch operatsiya talab etiladi. 

Qayd qilinishicha, qizchaning ota-onasi O‘zbekiston fuqarolari hisoblanadi. Ota Rossiyada qonuniy ishlaydi, bolaning onasi rasman ro‘yxatdan o‘tmagan. Hozirda Tergov qo‘mitasi surishtiruv bilan shug‘ullanmoqda. 

Ko‘proq yangiliklar: