Stereotiplarga to‘la jamiyatda yashamoqdamiz

Jamiyat 17:49 / 26.12.2022 25447

Ko‘pchilik ayollarga qilinayotgan zo‘ravonlikning ildizi iqtisodiy yo‘qchilikda deb biladi. Lekin unday emas. Yetishmovchilik bo‘lsa ham tinch-totuv, baxtli yashayotgan oilalar bor.

Qachonki jamiyatimizda ayollarga, bolalarga va hayvonlarga bo‘lgan munosabat o‘zgaradi, shundagina zo‘ravonlik kamayadi. Nima uchun hayvonlarga? Chunki barchasining ildizi bir. Agar bola yoshligidan tirik jonga shafqatsiz munosabatda bo‘lsa, bu ruhiy holat butun jamiyatga tarqaladi. Shu qahri qattiqlik bilan katta bo‘lgan odam o‘zidan zaif odamlarga zo‘ravonlik qiladi.

Chet elda shunday amaliyot joriy qilingan: ruhiy, jismoniy zo‘ravonlikka uchragan, tushkunlikka tushgan insonlarning klublari bor. Ular bir yerga yig‘ilib, davra bo‘lib bir-birining dardini tinglaydi. Maslahatlar beradi. Bizda hanuz bunday klublar mavjud emas.

Muammoning yechimini o‘zaro hal qilsa bo‘ladi. Ko‘p narsa insonning ruhiy holatiga bog‘liq. Qachonki, o‘zidan zaif bo‘lganlarga munosabat o‘zgarsa, ana o‘shanda jamiyat o‘zgaradi. 

Filologiya fanlari doktori, Gender masalalari bo‘yicha xalqaro trener Nargis Qosimova

«Boshimdan o‘tgani uchun tushunaman»

Nima uchun o‘z joniga qasd qilish holatlari ko‘paymoqda? Hatto bolalari bilan birga o‘z joniga qasd qilayotgan ayollar bor. O‘zim boshimdan shunday narsa o‘tgani uchun ularni yaxshi tushunaman. Ko‘ziga boshqacha yo‘l ko‘rinmaydi, to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatadigan, yonidan chiqadigan odami ham bo‘lmaydi. Mahallaga chiqsa «chida, tilingni tiy, yarash, uyingda o‘tir», deyiladi. Uyiga borsa ham shu gapni eshitadi.

«Bolam ham shu narsani ko‘rmasin», deya ayol xato qilib qo‘yayotganini bilmaydi. O‘zini suvga tashlaydi, osadi... Lekin bu muammodan chiqish yo‘li emas. Buni avvalo tarbiyada singdirish kerak.

Qiz bola bo‘ladimi, o‘g‘il bola bo‘ladimi, maktabdan jinsiy tarbiya kerak. Jinsiy tarbiyaga bir taraflama qarash kerak emas. Avvalo, oiladagi munosabatlar, o‘zaro hurmat, oilaga tayyorgarlik. Buni maktabdan o‘rgatish kerak.

Sababi, jamiyatimizda hozir shunday tendensiya borki, farzandining tarbiyasini butunlay maktabga tashlab qo‘ygan. Nimadir xato qiladigan bo‘lsa, kim aybdor — maktab aybdor. Buni ota-onalar tushungan holda, avvalo oilada bolaga tarbiya berishi kerak. 

«Sen ham odammisan?»

O‘tish yoshidagi bolalarning ham o‘z joniga qasd qilish holatlari ko‘payib ketyapti. Bu nima uchun bo‘ladi? Ota-ona bir kunda 15 daqiqagina vaqtini bolaga ajratsa, qaysi ma’nodaki, baqirib-chaqirib, jyerkib emas, oddiygina suhbatdosh bo‘lib. «Nimaga qiziqasan, kuning qanday o‘tdi, kim bilan suhbatlashding», deb dugona, do‘st bo‘lib gaplashishi kerak.

Bizda qanday qilishadi? Sen ham odammisan degandek, jyerkib gapirishadi. Mana kechagina poyezddan tushganimda bir ayol telefonda gaplashib ketyapti. Hamma unga qaragan. Chunki ayol juda baland va baqirib, kimnidir urishyapti.

Shu qadar haqoratli gaplarni aytyaptiki, men uyalib ketdim. Idishlarni yuvib qo‘ysang o‘larmiding, darsingni keyin qilarding, deb uyatsiz so‘zlar bilan haqorat qilayotganidan bildimki, u qizi bilan gaplashyapti. Yana ko‘chada ham uyalmayapti. Mana bizda tarbiyaning ahvoli.

Oddiygina, bolasi bilan suhbatlashishni bilmaydi ota-onalar. Farzand bilan qanchalik suhbatlashsa, u ertaga ota-onasiga ichini yoradi, dardini aytadi. Ota-onasi u bilan gaplasholmayaptimi, suhbatdoshni ko‘chadan izlaydi. 

«Bola tarbiyasiga erkaklar mas’ul»

Jamiyatda bolaga munosabat qanday bo‘lishi kerakligini Isroil misolida aytib o‘taman. Bir kuni darsdan keyin dengiz bo‘yida kursdoshlarim bilan o‘tirgandik. U yerda bolalar tarbiyasi bilan asosan erkaklar shug‘ullanadi. Birorta ayolning bola ko‘tarib yurganini ko‘rmaganman.

Bir erkak qo‘lida yosh bola, besh yoshlardagi qizchasini yetaklab ketyapti. Qizcha injiqlanib oyoqlarini tipirlatib yerga yotib oldi. Erkak cho‘kkalab, qo‘lidagi bolani uning oldiga qo‘yib, yarim soat chamasi qizchaga nimadirlar dedi. Keyin turg‘azdi-da, kiyimchasini qoqib olib ketdi. Agar shu holat bizda bo‘lganida bolani qo‘lidan siltab, tortib olib ketardi. Bu oddiy bir munosabat.

«Barcha narsa uzviy bog‘liq»

Yaqinda O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti va O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining media va kommunikatsiya fakulteti o‘quv dasturiga mediada gender tengligi darsini kiritdim. Talabalar bilan ishlaganda rus guruhlari buni oddiy qabul qilishdi. O‘zbek guruhlari esa juda negativ munosabat bildirishdi. Qabul qilishlari qiyin kechdi.

Gender tenglik bu — ijtimoiy munosabatlarda erkaklar va xotin-qizlarning teng huquqli ekani. Talabalar shu oddiy haqiqatni qabul qila olishmayapti. Biz stereotiplarga to‘la jamiyatda yashaymiz. Mana shu qolipdan chiqib ketishimiz juda ham qiyin. Bu stereotip asrlar davomida shakllangan, uni bitta yoki ikkita dars bilan yo‘q qilib bo‘lmaydi.

Lekin gender zo‘ravonliklarni ham jimgina kuzatib o‘tirolmaymiz. Asta-sekinlik bilan odamlar ongiga o‘rnashib qolgan eskicha qarashlarni o‘zgartirish mumkin. Darslar davomida talabalarning ham fikrlari o‘zgarib boryapti. Ular mustaqil ravishda gender zo‘ravonlikka qarshi yechimlar, takliflar berishyapti.

Demak, maktablarda va boshqa oliy ta’lim muassasalarida ham stereotiplarni buzish, tanqidiy fikrlash va gender tengligi darslarini joriy qilishimiz kerak. Shu bilan birga ekologiya fanlarini ham o‘quv dasturiga kiritish lozim.

Bu tabiatshunoslik yoki atrofimizdagi olam emas, aynan ekologiya bo‘lishi kerak. Chunki dunyoda barcha narsa bir-biri bilan bog‘liq. Zo‘ravonlikning zamirida ham shu narsa yotadi. Bizlarda hozir qishda anomal sovuq, yozda anomal issiq bo‘lyapti. Bu odam psixologiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Olimlar oilaviy zo‘ravonlik anomal issiq bilan bog‘liq ekanini isbotlashgan. Asabiylashib kelgan odam alamini kimdan oladi? Albatta, xotini va bolalaridan. Buning oldini olish uchun nima qilish kerak?

Birinchidan, ta’lim muassasalarida aynan mana shu iqlim o‘zgarishiga moslashishni tushuntirish kerak. Mutaxassislar hozirdanoq bosh qotirishlari lozim. Ikkinchidan, iqlimning oilaviy zo‘ravonlikka bog‘liqligini tushuntirish kerak. Munosabatni o‘zgartirish, boya aytganimdek qizlarga ham, yigitlarga ham oilada bir-birini qo‘llab-quvvatlash fikrlarini singdirish kerak.  

Charos Mannonova suhbatlashdi.
Operator: Abduqodir To‘lqinov.
Montaj ustasi: Abdusalim Abduvohidov.

Ko‘proq yangiliklar: