Samarqand shahrida 13 yoshli qizning nomusiga tegib, homilador qilgan erkakka hukm o‘qildi

Jamiyat 13:02 / 26.12.2022 62740

Avvalroq, Samarqand shahrida yashovchi shaxs 13 yoshli qizning nomusiga tekkani va oqibatda qiz homilador bo‘lib qolgani haqida xabar berilgandi. Oliy sud matbuot kotibining Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, erkakka hukm o‘qilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, erkak 2017 yil dekabr oyidan 2021 yilgacha Samarqand shahridagi xonadonda qizning onasi bilan birga yashab kelgan. Shuningdek, ular bilan birga ayolning voyaga yetmagan farzandlari 2004 yilda tug‘ilgan G.A. va 2008 yilda tug‘ilgan M.L. (jabrlanuvchi) ham yashagan.

Erkak 2019 yildan 2021 yil 20 noyabrgacha qizning 14 yoshga to‘lmaganini bilgan holda, uning ojizligidan foydalanib, nomusiga tegib kelgan. Homila 25 haftalik bo‘lganda, qizdagi jismoniy o‘zgarishlarni sezgan xolasi IIBga murojaat qilgan.

Dastlabki tergovda qiz qonuniy vakili, pedagog va himoyachi ishtirokida so‘roq qilinganda erkak uning ojizligidan foydalanib, 2019 yildan 2021 yil 20 noyabrga qadar nomusiga tegib kelganligini ma’lum qilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining 2022 yil 25 oktyabrdagi hukmiga ko‘ra, D.N. (erkak)ka Jinoyat kodeksining 118-moddasi (nomusga tegish) 4-qismi bilan 57-modda qo‘llanib, 12 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Ish bo‘yicha 2022 yil 2 noyabr kuni sudlanuvchi D.N. va uning himoyachisi hamda jabrlanuvchi voyaga yetmagan M.L. va uning qonuniy vakili tomonidan apellyatsiya tartibida shikoyat berilgan.

Samarqand viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining 2022 yil 15 dekabrdagi ajrimi bilan tomonlarning appelyatsiya shikoyatlari qanoatlantirilmagan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining 2022 yil 25 oktabr kungi hukmi o‘zgarishsiz qoldirilgan.

Ko‘proq yangiliklar: