Firibgarlik uchun 6 marta sudlangan shaxs 7-marta ham shu jinoyatga qo‘l urdi  

Jamiyat 16:12 / 26.12.2022 22129

Jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tumani sudi raisi Alisher Jalilov raisligida o‘tkazilgan mahkamada 60 yoshdan oshgan Farhod Turobovga (ism-sharif o‘zgartirilgan) oid jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. Qizig‘i, javobgarlikka tortilgan shaxs shu paytga qadar naq 6 marta sudlangan va har xil jazolarga tortilgan edi.

Xususan, u 2010 yildan 2018 yilgacha Jinoyat ishlari bo‘yicha Muborak, Vobkent, Yunusobod, Yashnobod tumanlari hamda Farg‘ona va Samarqand shaharlari sudlari tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan aybli deb topilgan. Unga ikkita holatda qariyb 15 mln so‘mga yaqin jarima jazosi, 2 ta holatda ish haqining ma’lum bir qismini davlat daromadiga ushlab qolgan holda axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan. Turobovga ikki bor imkoniyat berilgan: tayinlangan jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan, sudlanganlik holati tugallangan.

Ana shunday “boy tarix va tajribaga” ega bo‘lgan shaxs bu safar navbatdagi o‘ljani ham osongina ilintirmoqchi bo‘ladi: jiyanini o‘qishga kiritish niyatida yurgan odamga Toshkent yuridik universiteti rektori bilan shaxsan tanishligini, bundan tashqari Toshkent shahar hokimi bilan yaqin munosabatda ekanini, rektor hokimning iltimosini yerda qoldira olmasligini aytib, o‘qishga kiritish evaziga 10 ming dollar so‘raydi.

Poytaxtdagi kafelardan birida kelishilgan pulni olayotgan paytida tezkor tadbir doirasida qo‘lga olingan Farhod Turobov shu tarzda 7-marta sudning kursisiga ayblanuvchi sifatida o‘tirdi.  

Sud hukmiga ko‘ra u Jinoyat kodeksining 25, 168-moddasi 3-qismi “a” bandi va 28, 211-moddasi 2-qismi “b” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topildi hamda unga 8 mln 330 ming so‘m jarima va 4 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Jinoyat kodeksining 62-moddasi tartibida uning qamoqda saqlangan har bir kuni bazaviy hisoblash miqdorining ikkidan bir qismiga tenglashtirilib, tayinlangan jarima jazosi qoplangan deb hisoblandi va 4 yil ozodlikni cheklash jazosi qoldirildi. Sudlanuvchiga nisbatan qo‘llangan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi bekor qilinib, u ozod qilindi.  

Sud yengilroq jazo tayinlangani sababi sifatida yetkazilgan moddiy zararni qoplagani, pensiya yoshida ekani, kasalligi, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligi ko‘rsatilgan.

Sud materiali asosida Abror Zohidov tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: