Oliy Majlis Senatining navbatdagi yalpi majlisi 27 dekabr kuni bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Senat Kengashining 23 dekabr kungi majlisida qaror qabul qilingan.
Videokonferensaloqa shaklida bo‘lib o‘tadigan navbatdagi yalpi majlisda bir qator masalalar muhokamasi rejalashtirilgan.
«O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Sh.Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasidan kelib chiqadigan ustuvor yo‘nalishlar, shuningdek, «2023 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida»gi, «2022 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartishlar kiritish haqida»gi, «Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida»gi, «Muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiya qilish to‘g‘risida»gi, «Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda iste’mol qilinishini cheklash to‘g‘risida»gi qonunlar shular jumlasidandir», deyiladi Senat matbuot xizmati xabarida.
Shu bilan birga navbatdagi yalpi majlisda «Texnik jihatdan tartibga solish to‘g‘risida»gi va «O‘zbekiston Respublikasi hukumati bilan Turkiya Respublikasi hukumati o‘rtasida mahkumlarni topshirish to‘g‘risidagi bitimni (Toshkent, 2022 yil 29 mart) ratifikatsiya qilish haqida»gi hamda «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida»gi qonunlarni ham ko‘rib chiqish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, senatorlar tomonidan mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash bo‘yicha belgilangan loyihalar yuzasidan amalga oshirilgan ishlar hamda 2030 yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasining 2022 yildagi ijrosi hamda uni amalga oshirish bo‘yicha 2023 yilga mo‘ljallangan chora-tadbirlarni tasdiqlash masalasi ham muhokama qilinadi.
Yalpi majlis doirasida Oliy Majlis Senati Kengashining qarorlarini tasdiqlash ham nazarda tutilgan.