Shifokor ogohlantiradi: Bir lahzalik quvonch bir umrlik kulfatga aylanmasin

Jamiyat 16:54 / 23.12.2022 15590

Bayram arafasida dilxiralikka sabab bo‘luvchi bir holat bor. Bu — paqildoqlar muammosi. Ushbu xavfli «o‘yinchoq»larni yashirincha pullayotganlar qonun oldida javob bermoqda. Ammo bunday mahsulotlar xaridori bo‘lgan bolalar salomatligiga nega ota-onalar, keng jamoatchilik befarq? Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi direktori Doniyor Alimov shu boradagi fikrlarini bildirdi.

«Har yili Yangi yil arafasida va bayramdan keyingi kunlarda pirotexnika vositalaridan olingan jarohatlar tufayli birgina markazimizga o‘nga yaqin og‘ir ahvoldagi bemorlar murojaat qiladi.

Qolaversa, markazning hududiy filiallariga umumiy hisobda 20-30 nafar bemor shoshilinch ravishda olib kelinadi. Eng yomoni, ulardan 50 foizi shifoxonada uzoq yotib davolanishiga to‘g‘ri keladi.

Yuz, qo‘l sohalarida og‘ir kuyish jarohatlari, ko‘zlar shikastlanishi va ko‘rish faoliyati qisman yoki butunlay buzilishi kuzatiladigan bunday bemorlar, afsuski, tegishli muolajalardan keyin ham qator asoratlardan aziyat chekishi mumkin. Hatto bir qismi nogironlikka mahkum bo‘ladi.

Qolaversa, yuz, qo‘l va badandagi dag‘al chandiqlar paqildoqdan bir umrlik dog‘ bo‘lib qolishi ehtimoli katta. 

Bundan tashqari, pirotexnika vositalari shovqinidan cho‘chib, surunkali asab va qon-tomir tizimi kasalliklari, qandli diabetga chalingan, umrbod karlikka yo‘liqqanlar va hali yorug‘ dunyo yuzini ko‘rmagan zurriyodidan judo bo‘lganlar ham uchraydi.

Shu sababli ota-onalar va jondan aziz farzandlarimizni yana bir bor ogohlikka chaqiramiz», deya uning so‘zlarini keltirgan SSV matbuot xizmati.

Ko‘proq yangiliklar: