Saida Mirziyoyevaning o‘qituvchilarni o‘z faoliyatiga bevosita aloqador bo‘lmagan ishdan butunlay ozod qilish tashabbusi turli mamlakatlardan siyosatchilar, jurnalistlar va jamoat arboblari tomonidan qizg‘in muhokamasi davom etmoqda. Qozog‘istonning eng yirik — «Amanat» siyosiy partiyasi a’zosi, Chimkent shahar maslahatining VII chaqiriq deputati Murat Joldixojayev ham bu boradagi fikrlarini bildirdi.
«E’tiborimni O‘zbekistonda ham, xorijda ham keng muhokama qilingan, Saida Mirziyoyevaning o‘qituvchilarni himoya qilgan va hatto o‘qituvchilarni vazifasidan tashqari ishlarga jalb qilganlar uchun ma’muriy, ehtimolki, jinoiy javobgarlikka tortish joriy etilishi haqidagi nutqi o‘ziga tortdi.
Bu — O‘zbekiston ushbu muammo borligini tan olib, uni bartaraf etishga kirishgani, ta’lim darajasi va sifatini oshirish niyati qanchalik jiddiy ekanidan dalolat beradi.Prezident Shavkat Mirziyoyev ham Oliy Majlisga murojaatnomasida bu masalaga katta e’tibor qaratganini barchamiz ko‘rdik. Prezident kelgusi yilni «Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili» deb nomlashni taklif qildi va bu bevosita o‘qituvchilarning mavqeyi, ularning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish bilan bog‘liq», — deb yozdi Joldixojayev o‘zining Facebook sahifasida.
Shuningdek, deputat Qozog‘iston ham shunday muammolarga duch kelgani, buning natijasida 2019 yilda «O‘qituvchi maqomi to‘g‘risida»gi qonun qabul qilingani va bu amalda o‘zini yetarli darajada oqlaganini qayd etdi. Bu tajriba O‘zbekiston uchun ham foydali bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi.