“O‘zbekneftgaz”: Sho‘rtan koni shtabida neft va gaz geologiya-qidiruv ishlarining 2022 yil yakunlari tanqidiy muhokama qilindi va 2023 yil uchun rejalar belgilab olindi

Jamiyat 22:31 / 23.12.2022 13050

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida geologiya sohasini rivojlantirish va uning barcha bo‘g‘inlarida islohotlarni amalga oshirishga qaratilgan bir qator, jumladan, geologiya ishlarining 10 yillik dasturini ishlab chiqish, 6 ming metrdan ortiq chuqurliklarda gaz uyumlarini aniqlash bo‘yicha ishlarni tashkil qilish, konlarni ishlatish va ular bo‘yicha berilgan litsenziyalar hamda majburiyatlar bajarilishining qayta ko‘rib chiqilishi kabi maqsadli vazifalar belgilab berildi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi Mehriddin Abdullayev boshchiligida Sho‘rtan konidagi Shtabda ushbu vazifalarni bajarish maqsadida 2022 yilda amalga oshirilgan neft va gaz geologiya qidiruv ishlari va ularning natijalari, jumladan, 5 ta yangi kon ochilgani, 35 mlrd kub metrdan ortiq tabiiy gaz va 1,6 mln tonna suyuq uglevodorod zaxiralari ko‘paytirilgani alohida qayd etildi.

“O‘zbekneftgaz” AJ, Davlat geologiya qo‘mitasi, “O‘zLITIneftgaz” AJ, “O‘zbekgeofizika” AJ, “IGIRNIGM” davlat muassasasi va “Shlyumberjye” kabi korxonalarning hamda joylardagi burg‘ilash, qazib chiqarish boshqarmalarining rahbar va mutaxassislari, geologlar, geofiziklar, muhandislar ishtirokida “O‘zbekneftgaz” AJning 2023 yildagi neft va gaz geologiya qidiruv ishlarining ustuvor vazifalari hamda erishilishi kutilayotgan natijalari batafsil muhokama qilindi.

Dastlab “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan 2022 yilning yakunida yillik neft va gaz geologiya-qidiruv ishlari rejasini bajarish, zaxiralarni ko‘paytirish va yangi maydonlarni burg‘ilashga kiritish hamda ularning kelgusi istiqbolli yo‘nalishlari, erishilgan natijalar, mavjud muammolar va ularning yechimlariga doir takliflar batafsil tahlil qilindi.

Shu bilan bir qatorda, 2022 yilda neft va gaz geologiya qidiruv ishlarini amalga oshirish jarayonida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar, xususan burg‘ilashga kiritish uchun yetarli darajada yangi maydonlar tayyorlanmagani, burg‘ilash ishlarini bajarishdagi kamchiliklar va ular ustidan yetarlicha geologik nazorat olib borilmagani, mahsuldor qatlamlarni ochish jarayonida burg‘ilash eritmalari bilan bog‘liq yo‘l qo‘yilgan nuqsonlar, seysmik qidiruv ishlari ustidan doimiy monitoring ishlari sust bajarilgani va quduqlarda o‘rnatilgan geologik texnologik stansiyalar faoliyatidagi kamchiliklar tanqidiy ko‘rib chiqildi.

Ushbu kamchilik va nuqsonlarni tezkor bartaraf etish yuzasidan barcha tegishli rahbar va mutaxassislarga aniq muddatlarini belgilagan holda tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Qo‘mita va uning tarkibidagi tashkilotlar bilan birga respublikada neft va gaz geologiya-qidiruv ishlarini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishi sifatida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va respublikamizning boshqa hududlari ham belgilab olingani, Ustyurt mintaqasida neft va gaz geologiya-qidiruv ishlari bo‘yicha Kelajak maydonida 6500 metrga izlov quduqlarini burg‘ilash tadbirlarni loyihalashtirish, ularni maqsadli amalga oshirish, tabiiy gazning yangi konlarini ochish, qo‘shimcha zaxiralarini aniqlash eng ustuvor vazifa ekani qayd etildi hamda kelgusi yillarda birinchi navbatda qaysi yangi maydonlarda chuqur burg‘ilash ishlarini boshlash kelishib olindi.

“O‘zbekgeofizika” AJ bilan birgalikda Davlat geologiya qo‘mitasi tomonidan tayyorlanayotgan istiqbolli strukturalar bazasi kamligi e’tiborga olinib kelgusida “O‘zbekgeofizika” AJ va Davlat geologiya qo‘mitasi tomonlaridan 3D seysmik qidiruv ishlari natijasida tayyorlanadigan istiqbolli strukturalar sonini yanada kengaytirib, kelgusi 2023-2032 yillar mobaynida doimiy to‘ldirilib borilishi ta’kidlab o‘tildi hamda Davlat geologiya qo‘mitasi mutaxassislari ham o‘z vazifalarini belgilab olishdi.

Shuningdek Davlat geologiya qo‘mitasiga “O‘zbekneftgaz” AJ uchun kelgusida Respublikamizning neft va gazga istiqbolli hududlaridan kerakli bloklarni ajratib berish bo‘yicha takliflar aytib o‘tildi hamda ushbu barcha ko‘rsatilgan ko‘rsatmalar geologiya-qidiruv ishlarini kelgusi 10 yillik dasturida aks ettirilishi belgilab olindi.

Bundan tashqari “O‘zbekneftgaz” AJ oldiga qo‘yilgan geologiya-qidiruv ishlari vazifalarni bajarish uchun kelgusi 2023-2032 yillarga geologiya-qidiruv dasturini ishlab chiqishda “O‘zbekneftgaz” AJ, ”O‘zbekgeofizika” AJ va Davlat geologiya qo‘mitasi mutaxassislari tomonidan “Ishchi guruh” tuzilgan holda ishlarni tezkor tashkillashtirishga ko‘rsatma berildi.

Tadbir davomida Ustyurt hududining qo‘shimcha istiqbollarini o‘rganish maqsadida “Shlyumberjye” kompaniyasi bilan o‘rnatilgan hamkorliklar asosida jamiyat bilan birgalikda amalga oshirilayotgan ishlar holati, olingan va erishilayotgan natijalar samaradorligi ham o‘rganib chiqildi. Ushbu kompaniya bilan keyingi yillarda Muborak, Sho‘rtan va Gazli hududlari istiqbollarini baholash bo‘yicha hamkorlikni yanada kengaytirish va davom ettirish masalalari ko‘rib chiqildi. 

Shu bilan birga “O‘zLITIneftgaz” AJ rahbariyati tomonidan “O‘zbekneftgaz” AJ tarkibidagi barcha neft va gaz qazib chiqarish boshqarmalari, departamentlardagi barcha geologiya xodimlarini “Shlyumberjye” kompaniyasida 2023-2024 yillarda mutaxassislarni malakaviy o‘qitish, ularning saviyasini oshirish bo‘yicha o‘quv kurslari tashkillashtirilishiga kelishib olindi.

Boshqaruv raisi shuningdek burg‘ilash ishlarida hamda uglevodorod qazib chiqarish jarayonlarida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni ham tanqidiy muhokama qilib, tegishli rahbar va mutaxassislarga ularni bartaraf etish, bugungi kundagi dunyodagi geosiyosiy holatni e’tiborga olgan holda, material-texnik resurslar ta’minotini tezkor hal qilish, qisqa muddatlarda tadbirlar samaradorligini keskin oshirish bo‘yicha ham zarur ko‘rsatmalar berdi.

“O‘zbekneftgaz” AJ mutaxassislari yuqorida keltirilgan tadbirlarni samarali amalga oshirish orqali respublika uglevodorod xomashyo bazasini mustahkamlash va uni kelgusida barqaror rivojlantirish, shuningdek aholi va iqtisodiyot tarmoqlarining yoqilg‘i-energetika resurslariga bo‘lgan talabini qondirishga xizmat qilish maqsad qilingan.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati Ⓣ

Ko‘proq yangiliklar: