Mundialning 10 kashfiyoti: Ronalduning vorisidan ikki metrlik avstraliyalikkacha

Sport 19:00 / 23.12.2022 41204

Qatarda kutilmagan darajada kuchli o‘yin ko‘rsatgan futbolchilar o‘nligi.

Azzedin Unai, Marokash

Azzedin Unai. Foto: Reuters
  • Pozitsiyasi: markaziy yarimhimoyachi
  • Yoshi: 22 yosh
  • Klubi: «Anjye»
  • JChdagi statistikasi: 7 o‘yin
  • Kim qiziqmoqda: «Lester», «Sevilya», «Barselona»

Fransuz ligasining barcha ixlosmandlari ham «Anjye»ning ushbu ozg‘in havbekining muvaffaqiyatli ishtirokini taxmin qilishmagandi. Marokashliklar jahon chempionatida kuchli raqiblar — Xorvatiya, Belgiya, Ispaniya, Portugaliya bilan kurash olib borishiga to‘g‘ri keldi. Ammo Unai bu o‘yinlarda maydon markazini hech kimga bermadi, shu bilan birga aniq yetib boruvchi uzatmalari va mehnatkashligi bilan ajralib turdi. Qishda yoki yozda u yaxshigina shartnoma evaziga kattaroq klubga yo‘l olishi tayin.

Sofiyan Amrabat, Marokash

Sofiyan Amrabat. Foto: Reuters
  • Pozitsiyasi: tayanch yarimhimoyachisi
  • Yoshi: 26 yosh
  • Klubi: «Fiorentina»
  • JChdagi statistikasi: 7 o‘yin
  • Kim qiziqmoqda: «Atletiko», «Liverpul», «Chelsi»

Unaining maydon markazidagi sherigi Yevropada tanilib ulgurgan — Amrabat uch yildan ortiq vaqt mobaynida Italiya chempionatida surib keladi, bu mavsumda «Fiorentina» safida yaxshi ishtirok etmoqda. Ammo jahon chempionati uni o‘rtamiyona jamoa futbolchisi darajasidan sayyoraning eng yaxshi tayanch yarimhimoyachilaridan biri darajasiga chiqardi. Amrabat turnir davomida aql bovar qilmas darajada katta hajmdagi ishlarni bajarib, turnirda biror daqiqani o‘tkazib yubormadi. Ushbu havbek uchun Yevropaning eng jiddiy klublari poyga boshlagani bejiz emas.

Gonsalu Ramush, Portugaliya

Gonsalu Ramush. Foto: Reuters
  • Pozitsiyasi: hujumchi
  • Yoshi: 21 yosh
  • Klubi: «Benfika»
  • JChdagi statistikasi: 4 o‘yin, 3 gol, 1 golli uzatma
  • Qayerga o‘tishi mumkin: «Manchester Yunayted», «PSJ», «Bavariya», «Yuventus», «Barselona»

Ramushga o‘z familiyasini butun dunyoga tanitish uchun birgina o‘yin kifoya qildi. Pley-off bosqichi boshlanguniga qadar «Benfika» forvardi atigi ikki bor o‘yin oxirida zaxiradan maydonga tushgandi, Shveytsariya bilan o‘yinda esa u kutilmaganda boshlang‘ich tarkibda Krishtianu Ronalduning joyini egalladi. Ramush bosimni yuz foizga yengib o‘tdi: uning het-trigi Portugaliya raqibni yirik hisobda tor-mor etishini ta’minladi, keyingi kuniyoq Gonsalu uchun top-klublar da’vogarga aylandi. Aytishlaricha, «Benfika» hujumchisini uning shartnomasida ko‘rsatilgan badal pulini to‘lashga rozi bo‘lgan da’vogargagina sotadi, bu esa 120 million yevro degani.

Luis Chaves, Meksika

Luis Chaves. Foto: Reuters
  • Pozitsiyasi: markaziy yarimhimoyachi
  • Yoshi: 26 yosh
  • Klubi: «Pachuka»
  • JChdagi statistikasi: 3 o‘yin, 1 gol
  • Kim qiziqmoqda: «Ayaks»

Meksika 1986 yildan buyon ilk bor jahon chempionati pley-off bosqichiga chiqa olmadi va umuman kuchsiz o‘yin ko‘rsatdi. Jamoada faqat ikki futbolchi ajralib turdi — barchaga ma’lum darvozabon Gilermo Ochoa va jamoa motoriga aylangan va shu vaqtga qadar Yevropada o‘ynamagan havbek Luis Chaves. «Pachuka» yarimhimoyachisi terma jamoaning boshqa futbolchilaridan farqli o‘laroq o‘yinlarda yuz foiz kuch bilan o‘ynadi: u yolg‘iz o‘zi jamoa hujumlarini boshqardi, o‘yin tempini o‘zgartirdi va istalgan masofaga va murakkab nuqtalarga uzatmalar berdi. Chavesning o‘yinidagi gultoj esa uning Saudiya Arabistoni darvozasiga jarima zarbasidan urgan goli bo‘ldi.

Kodi Gakpo, Niderlandiya

Kodi Gakpo. Foto: AFP
  • Pozitsiyasi: hujumkor yarimhimoyachi/hujumchi
  • Yoshi: 23 yosh
  • Klubi: PSV
  • JChdagi statistikasi: 5 o‘yin, 3 gol
  • Qayerga o‘tishi mumkin: «Real», «Manchester Yunayted», «Liverpul»

Qatarga Gakpo o‘zi tarbiyalangan Niderlandiya chempionati yulduzlaridan biri sifatida tashrif buyurgandi. Qatardan esa haqiqiy yulduz sifatida uchib ketdi. «PSV»ning ko‘p qirrali forvardi avvaldan sayyoraning kuchli klublari radarida turadi, ammo jahon chempionatidagi o‘yinlari bilan u o‘ziga da’vogar bo‘lganlarni harakatga kirishishga majbur qildi — Gakpo guruh bosqichidagi har bir o‘yinda bittadan gol urdi, shu bilan birga o‘z texnikasi, kutilmagan qarorlari va hujumdagi imkoniyatlari bilan muxlislarga zavq bag‘ishladi. Gakpo «PSV» uchun kattagina pul keltirib, gigant klub safiga ketishi tayin, ammo aynan qayergaligi — hozircha noaniq.

Andris Noppert, Niderlandiya

Andris Noppert. Foto: Reuters
  • Pozitsiyasi: darvozabon
  • Yoshi: 28 yosh
  • Klubi: «Herenven»
  • JChdagi statistikasi: 5 o‘yin, shundan 2 tasi quruq
  • Kim qiziqmoqda: «Ayaks»

Jahon chempionatidan oldin Lui van Gaalda asosiy darvozabon tanlovi bo‘yicha jiddiy muammo yuzaga kelgandi va u kutilmagan qaror chiqardi: «Herenven»ning deyarli hech kim tanimaydigan, Qatardagi turnirga qadar biror marta Niderlandiya safida maydonga tushmagan darvozaboni tanlandi. Van Gaal to‘g‘ri tanlov qilgandi: besh o‘yin mobaynida Noppert 18 zarbani qaytardi, bu jahon chempionatida Livakovich va Shchensnidan keyingi uchinchi ko‘rsatkich bo‘ldi. «Ayaks» allaqachon Andris uchun shartnoma tayyorlayotgan bo‘lsa ajab emas — amsterdamliklarda ayni vaqtda bu pozitsiya muammo bo‘lib turibdi.

Dominik Livakovich, Xorvatiya

Dominik Livakovich. Foto: AFP
  • Pozitsiyasi: darvozabon
  • Yoshi: 27 yosh
  • Klubi: «Dinamo» Zagreb
  • JChdagi statistikasi: 7 o‘yin, shundan 2 tasi quruq
  • Kim qiziqmoqda: «Bavariya», APL klublari

Livakovichni asl ma’nosida turnir kashfiyotlaridan biri deyish ham qiyin — u 27 yoshda va Yevro-2020 ga qadar ham Xorvatiya termasining asosiy darvozaboni edi. Ammo u 11 metrlik zarbalarning kushandasi bo‘lishini deyarli hech kim taxmin qilmagandi. 1/8 finalda Yaponiya bilan o‘yinda Livakovich noyob natijani qayd etdi — u penaltilar seriyasida yaponlarning barcha uch zarbasini qaytardi. Braziliyaga qarshi o‘yinda ko‘rsatgan qahramonliklari esa yirik turnirlardagi darvozabonlarning mo‘jizaviy seyvlari qatoriga kirdi. Livakovich endi faoliyatida ilk bor Xorvatiya chempionatini tark etishi haqiqatga yaqin.

Saud Abdulhamid, Saudiya Arabistoni

Saud Abdulhamid. Foto: Reuters
  • Pozitsiyasi: o‘ng qanot himoyachisi
  • Yoshi: 23 yosh
  • Klubi: «Al-Hilol»
  • JChdagi statistikasi: 3 o‘yin
  • Kim qiziqmoqda: «Sevilya», «Milan», «Yuventus»

Ko‘pchilik arablar jamoasi guruhdagi uch o‘yinni ham kurashsiz boy berishini kutgandi, ammo jamoa o‘zini yaxshi tomondan ko‘rsata oldi. Erve Renar jamoasi chempion Argentinani mag‘lub etgan yagona jamoaga aylandi, yosh himoyachi Saud Abdulhamid esa bu o‘yinda Messini yaxshi qo‘riqladi va Yevropa klublari nazariga tushdi.

Ritsu Doan, Yaponiya

Ritsu Doan. Foto: Reuters
  • Pozitsiyasi: hujumkor yarimhimoyachi/vinger
  • Yoshi: 24 yosh
  • Klubi: «Frayburg»
  • JChdagi statistikasi: 4 o‘yin, 2 gol
  • Kim qiziqmoqda: «Roma»

«Frayburg» bundesligada ikkinchi o‘rinda bormoqda, Yaponiya termasi esa o‘lim guruhida birinchi o‘rinni egalladi, turnirni faqat penaltilar seriyasidagi mag‘lubiyat tufayli tark etdi. Bu natijalarda o‘ng qanot forvardi Ritsu Doanning hissasi katta. Aynan u nemislarga qarshi o‘yinda zaxiradan tushganiga to‘rt daqiqa bo‘lganida birinchi golni urgandi, u ispanlarga qarshi o‘yinda ham zaxiradan tushib, ikki daqiqa ichida o‘z golini nishonladi. Grandlarga qarshi o‘yinlardagi ikki muhim gol yo‘q joydan kelgani yo‘q. Ayni vaqtda Joze Mourino boshqaruvidagi «Roma» ushbu futbolchini ko‘z ostiga olgan va bu hali boshlanishi.

Harri Suttar, Avstraliya

Harri Suttar. Foto: Reuters
  • Pozitsiyasi: markaziy himoyachi
  • Yoshi: 24 yosh
  • Klubi: «Stok Siti»
  • JChdagi statistikasi: 4 o‘yin
  • Kim qiziqmoqda: APL klublari

Avstraliyalik gigant himoyachi turnir guruh bosqichida Tunis va Daniyaga qarshi o‘yinlarda namunali o‘yin namoyish etdi. Bu o‘yinlardagi ikki quruq g‘alaba yashil qit’a vakillari sensatsion tarzda guruhdan chiqishini ta’minladi, pley-offda esa jamoa bo‘lajak jahon chempionlari Argentinaga qarshi munosib o‘yin ko‘rsatib, faqat darvozabon Rayanning qo‘pol xatosi tufayli yutqazdi. E’tiborli jihati, Qatardagi turnirdan qaytib, Suttar «Stok Siti» safida ikki o‘yinni to‘liq o‘tkazib ulgurdi. Bunday kuchli va fidoyi futbolchiga premer-liga klublari e’tibor qaratishgan.

Ko‘proq yangiliklar: