Telegram-kanallarida tarqalgan xabarlarda hakerlar jamoasi Toshkent shahar IIBB YHXB saytiga hujum uyushtirib, ma’lumotlar bazasidagi jarimalarga oid 60 mingta ma’lumotdan 27 mingtasini qo‘lga kiritishgani, shundan mingdan ortiq jarimalar o‘chirib yuborilgani haqida so‘z boradi.
Xabarlarga haydovchilarning ism-sharifi, tug‘ilgan sanalari, qanday avtomobilda yo‘l harakati qoidasini buzgani, qoidabuzarlik turi, buning uchun qo‘llanilgan jarima miqdori, rasmiylashtirilgan bayonnoma sanasi va boshqa ma’lumotlar aks etgan skrinshotlar ilova qilingan.
Ichki ishlar vazirining matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ma’lumot haqiqatga mos kelmasligini bildirdi.
“Hozirgi kunda Toshkent shahar IIBB YHXB sayti mavjud emas. 2018 yilda IIBB YHXB saytini yuritish uchun test rejimida platforma ishlab chiqilgan, lekin o‘rnatilgan talablarga, shu jumladan xavfsizlik normalariga javob bermaganligi uchun sayt faoliyati to‘xtatilgan.
Ichki ishlar vazirligining barcha rasmiy resurslarining xavfsizligi to‘liq ta’minlangan. Ijtimoiy tarmoq faollaridan asoslanmagan xabarlarni tarqatmasliklarini so‘raymiz”, deyiladi G‘iyosovning telegram-kanalida e’lon qilingan bayonotda.
2021 yil noyabrda ham Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining jarimalar elektron bazasi kiberhujumga uchragani haqida audioyozuv tarqalgandi. YHXBB buni rad etib, ikkita baza integratsiya qilinayotgani sababli “ayrim nosozliklar” ro‘y berayotganini bildirgandi.
Shu yili 5 iyul kuni ham soat 14:05 dan 6 iyul soat 12:30 gacha Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmalari tasarrufidagi elektron tizimlar ishlamay qolgan, qariyb bir kunlik tanaffusdan so‘ng YHXB bazasi faoliyati tiklangandi.