«Alimentni kamroq to‘lash uchun otam qorovul bo‘lib ishlay boshladi» - tirik yetim qizning kechinmalari

Jamiyat 16:39 / 22.12.2022 27360

«Hayotiy hikoyalar» ruknining bu galgi qahramoni qirqqa qadam qo‘yish arafasida bo‘lsa-da, ichida otasini sog‘ingan bir qizaloq yashaydi. Otasi tirik bo‘laturib, uning mehriga zor bo‘lishdan og‘iri bormi?

Onasining yonida turib, otasi o‘rnida ota bo‘lib, ikki singlisini turmushga uzatgan Omina (ism o‘zgartirilgan) ko‘rinishidan irodali ko‘rinsa-da, yuragini yemiradigan, hech kimga aytolmaydigan armonlari, kechinmalari bor.

— Salkam o‘ttiz yil oldin ota-onam ajrashib ketishgan. O‘shanda men o‘n yoshli qizaloq edim. Singillarim biri yetti, biri to‘rt yashar edi. Ota-onamiz 11 yillik janjallardan shu qadar to‘yib ketishgan ediki, uch farzand ham ko‘zlariga ko‘rinmagan. Bilishimcha, bobom o‘rtog‘ining qizini kelin qilgan. Otam esa onamga ko‘ngilsiz bo‘lgan. Janjallarning asosi shu edi.

Ajrimga ariza topshirilgach, narsalarimizni olib ketish uchun borganimizda ammalarim hamma narsani olib qolishgan, hatto buvim ham onamning tilla taqinchoqlarini yig‘ishtirib olgan edilar. Otam bozorda savdo qilsalar-da, alimentni kam to‘lash maqsadida litseyga qorovul bo‘lib ishga kirdilar.

O‘shanda otamga nisbatan ko‘nglimdan o‘tganlarini tushuntirib berolmayman. Xudo xohlasa yaxshi ishlarda ishlab, mashina minib yuraman. Otasiz ham kam bo‘lmaylik, deb duo qilganman.

Tog‘alarim, xolalarim, bobom va buvim hammalari qarashishdi. Bobom uy olib berdilar. Yillar o‘tdi. Har doim otasi bor bolalarni ko‘rganimda qanaqadir armon o‘tardi ichimdan. Kechalari yig‘lab chiqardim.

11 yoshman. Onamning onalari hovlida turishardi, daraxtlar serhosil meva berardi. Buvim tog‘amdan bizga berib yuborardilar. Men o‘zimizga yetarli qismini olib qolib, qolganini uyimiz yonidagi eski bozorchaga olib chiqib sotib kelardim, onamga aytmasdim.

Bir kuni onam ishxonalaridan 2 ta bonkada qatiq olib kelsalar ertasi kuni ikkalasiniyam sotib kelib, 4 ta qatiq olib kelib bering, deganman. Oyim o‘sha kuni qilgan ishimni bilib qolganlar.

Bir kuni onamning ishxonalarida hamkasblari Qozog‘istonga borib kelaylik, bozorga, deb iltimos qilgan ekan. «Meni ham oboring oyi», deb ko‘ndirdim. Yig‘ib qo‘ygan pullarimni sanab, nimadir olib kelishni reja qildim.

Ertasiga Qozog‘istonga bordik.

Onam olgan narsalarning ichiga bildirmasdan o‘zimga deb narsa sotib olaverdim. U vaqtda narsa olib o‘tish judayam katta muammo edi. Amallab o‘tib olib uyga keldik, ertasi kuni ertalab to‘g‘ri Chorsuga borib, olgan narsalarimni «Detskiy mir»ga o‘tkazib keldim.

«Haftaning har juma kuni kelib, pulini yig‘ib ketaman, yoningizdan pul tikmaysiz», deb sotuvchini ko‘ndirdim. Juma kuni borib pulini olib shanba kuni hech kimga aytmasdan Qozog‘istonga bir o‘zim ketdim. O‘sha pulga foydasiniyam qo‘shib yana ko‘proq narsa olib keldim. Bu ish o‘zimga yoqib, savdo qilishga qiziqib ketdim.

Albatta, sotilgan tovarlarning pulini olishda muammolar bo‘ldi. Lekin men savdo qilayotgan sotuvchining yonida turaverardim. Bergan molim sotilib bo‘lgan, pulini berishga kelganda qiynalishardi. Men ertaga molga borishim kerak, deb olvolardim. Shu bilan narsalarimni ko‘paytirib, magazinlarga ham tarqata boshladim.

Bir kuni...

U kun hech qachon esimdan chiqmaydi. Hozir Qozog‘istonga chiqib qolsam yig‘lab olaman. Shanba kuni edi, sahar soat 5 da turib chiqib ketdim. Yomg‘ir sharros yog‘ishni boshladi, kuz fasli edi. Bozordan kerakli narsalarimni oldim. U vaqtda otlarda mol tashib berishardi qozoq yigitlar. O‘zim otga chiqishga qo‘rqardim. Narsalarni berib, «pyatak»da ko‘rishadigan bo‘ldik.

U bola tez yurib ketdi. O‘zbekiston bilan Qozog‘istonga o‘tishda katta zovur bor edi. O‘sha zovur yoqalab ketyapman. O‘rtaroqqa kelganimda oyog‘im sirpanib, zovurning ichiga tushib ketdim. Atrofimda hech kim yo‘q, chiqaman deb harakat qilaman yomg‘ir, loyda sirpanib yana qaytadan tushib ketaman.

Rosa xo‘rligim kelib, osmonga qarab bor ovozim bilan baqirib yig‘laganman. Otam bizlarni tashlab ketmaganda men shu yerlarda pul topaman deb yurmasdim. O‘sha lahzada dadamdan rosa xafa bo‘lganman. Mayli, onam otam uchun yomon xotindir, ularning ko‘ngillaridagidek ish qilmagandir. Lekin 3 ta farzandim nima yeb, nima kiyayapti, deb bir marta kiyim ko‘tarib kelmagan odamni ota deb atash mumkinmi?

O‘zga yurtlarda pul topish ilinjida yurgan qizning ichidan nima o‘tishi mumkin?! Mening suyanadigan otam yo‘q, o‘zim kuchli bo‘lishim kerak, men uddalayman, deb zovurdan chiqishga harakat qildim. Tepaga intilyapman, lekin chiqish judayam qiyin edi.

Shu payt kimdir otda kelayotganini bilib bor kuchimni to‘plab baqirdim. U inson kelib otini zovurga tushirdi va meni otga mindirib olib chiqdi. Hatto ismini ham so‘ramagan o‘sha odamni haligacha duo qilaman.

O‘sha kuni otasizlik nima ekanini tushunib yetdim. Otam yonimda bo‘lganida men bunchalik azob ko‘rmasdim. Bu voqeani hech kimga aytmadim.

Shu orada otam uylandi va farzandli bo‘ldi. Men buvimni sog‘inib ko‘rgani borardim. Bir kuni borsam buvim «bolam ovqat tayyorlab kel, sen bahona men ham yeb olardim», dedilar. Men yoshlik qilib buvijon, qornim to‘q, ovqatlangani kelmadim, desam men uchun tayyorlab kel bolam, dedilar.

Shundagina gap nimadaligini tushundim.

Darrov ovqat tayyorladim. O‘sha vaqtdagi buvimning ovqat yeyishi hech qachon ko‘z oldimdan ketmasa kerak. Bu oilasi ham buzilmasin deb buvim dadamga hech narsa aytmasdi. Ikkinchi xotini buvimga umuman qaramas, hatto ovqat ham tayyorlab bermas ekan.

Shundan so‘ng tez-tez borib buvimning osh-ovqatlaridan xabar oladigan bo‘ldim. Buvim xursand bo‘lardi. Bir kun dadamdan ajrashayotganlarida onamga bermay olib qolishgan tilla, gilam va boshqa buyumlarni nabiralarimning haqqi, deb bervoribdi.

Bu orada buvim olamdan o‘tdilar.

Maktabni bitirdim, kollejga o‘qishga kirdim, orada ishlab pul topib, onamga qarashardim. Singillarim ham katta bo‘lishayotgan edi. Bir kuni onamga «ona, siz qo‘rqmang, singillarimni o‘zim otasi bo‘lib uzataman, sizning yoningizda turaman», deb so‘z berdim. Yaxshi niyatlar qildik. Kollejni bitirib, yaxshi bir tashkilotga amaliyot o‘tash uchun borib, o‘sha yerda ishga joylashdim.

Taqdir charxpalagini qarangki, dadam tomondan qarindoshlar ishi tushib kela boshlashdi. Onamga aytdim. Ularning javoblari meni lol qoldirdi: «Qizim, hamma ishingni yig‘ishtirib, ularning ishini birinchi qilib ber, savob bo‘ladi».

«Ona, bular sizga nimalar qilishmadi, qilib bermayman», deganimda «mening qizim unaqa bo‘lishi kerakmas», degan so‘zlari uchun yaxshilik qilishga va ko‘p narsalarni unutishga qaror qildim. Bunday holatlar ko‘p marotaba takrorlandi.

Bu orada dadam kelib, onamga «sen bilan yashamoqchiman, u bilan ajrashaman», dedi. Onam rad javobini berib, «bir oilani baxtsiz qildingiz, u oilangizniyam otasiz yetim qilmang», deb chiroyli tushuntirdilar.

Shunga qaramay, dadam u xotinidan yashirincha bizlarnikiga kelardi. Buni hech kim bilmasdi, ayniqsa xotini. Lekin hech qachon nimadir ko‘tarib kelmasdi. Mening jahlim chiqardi, nahot ota farzandi uchun bir dona non yoki kiyim ko‘tarib kelmasa, deb.

Pul topish, yeb-ichish, orzular hammasi birin-ketin amalga oshib borardi. Ikkita singlimni uzatdik. Yoshligimda nimani niyat qilgan bo‘lsam niyatimga yetib, onam yonlarida yelkama yelka turdim.

Hayotimiz judayam yaxshi, yaqinlarimiz bilan baxtli edik. Oylar ketidan oylar, yillar ketidan yillar o‘tib ketganini bilmasdan qoldik. Bir kun dadam uyimiz buzilishi haqida gap topib keldilar va hammamizning hujjatlarimizni olib ketdilar. Keyin o‘ylanib qoldim, yangi chiqqan qaror bo‘yicha yashab turgan yer maydoni qancha bo‘lsa «propiska»ga ham qaramasdan shuncha uy berilishi haqida bilardim.

«Dadajon, uy buzilsa bizlarga davlat uy bermaydi, faqat sizga beradi. Chunki siz biz uchun kommunal to‘lovlar qilmagansiz», dedim.

Keyin «ajrim sudida sudya onamga yashash uchun qaror chiqargan va o‘limidan oldin buvim vasiyat qilgan hovlidagi ikki xona uyni qonuniy rasmiylashtirib bersangiz kommunal to‘lovlarini o‘zim to‘lab boraman», deb taklif kiritdim.

Sakkiz oydan so‘ng otam hovlidagi ikki xonani mening nomimga, qolgan qismini esa ikkinchi oilasidan bo‘lgan o‘g‘lining nomiga o‘tkazib berdi.

U xonalar inson zoti kirib yasholmaydigan darajada eski, 27 yil ichida biror marta rang berilmagan, ta’mirlanmagan edi. Uyni ta’mirlashga kirishdim. Orada mashina oldim. Ishlarim yaxshi. Dadam bilan ahil edik.

Bir kun uyga borsam dadam salomimga alik olmay, yuzlarini burib ketdilar. Hayron qoldim. Nega o‘zgarib qolganlarini tushunmadim. Keyin bilsam, ammalarim «minib yurgan mashinasini o‘ynashlari olib bergan, otasining uyini notinch qilib uyini tortib oldi», deyishgan ekan.

Na yig‘lashni bilaman, na kulishni. Mashina olish uchun 11 yoshimdan beri pul to‘playman, bir yaxshi insonlarning oilasidan mashinani bo‘lib to‘lashga olganimdan hech kimning xabari yo‘q edi. Allohga topshirdim hammasini.

Bir narsani tushundimki, hayot xuddi charxpalak ekan. Oradan 3 yil o‘tib, ammalarimning kelinlari gap bo‘lib, biri 18, boshqasi 15 yillik turmushidan ajrashib ketibdi. Dadam hamma ishlagan hujjatlarini yo‘qotib, eng kam pensiyaga chiqibdilar. Hozir u hovlini remont qilib, bir yaxshi oilaga ijaraga berganman. O‘sha uyni berib tur, deydigan qarindoshlarimiz ko‘payib qolgan.

Bilasizmi, ishlasangiz pul topiladi. Orzu qilsangiz, Alloh beradi. 27 yillik ota mehrini esa hech kim bera olgani yo‘q. Ko‘p o‘rtoqlarimning qiz bola bo‘lib shuncha yutuqlarga erishding, deb havasi keladi.

Men ularga aytaman, kambag‘al bo‘lsang ham, uyingda ro‘zg‘oring but bo‘lmasayam, otang yoningda. Xohlagan vaqting yelkasiga bosh qo‘yolasan. Men esa unday qila olmayman. Bu men uchun armon. Mehrsiz otamdan mehr so‘rab olishdan charchadim. Bu farzand uchun qanchalik fojia.

Xulosa qilib aytmoqchimanki, bolalarni yetim qilayotgan erkaklar, farzandingiz pul topar, obro‘ mansab ham topar, lekin ota mehrini hech biridan topa olmaydi: puldan ham, obro‘-e’tibordan ham. Bir kungi otasiz o‘sgan kunim ming yillarga teng bo‘ldi. Kechalari sog‘inib yig‘lab chiqaman.

Otamga dardlarim, xursandchiliklarim — hamma-hammasini aytib berishni xohlardim. Kiyimlar oberishlarini, dadam obergan, deb maqtanib kiyib yurishni orzu qilardim.

Pul topdik, o‘sha kiyimlarni o‘zimiz olib kiydik. Lekin yuragimizdagi kemtik hali-hamon bo‘sh. Endi dunyoni obersalar ham bu kemtik to‘lmaydi.

Bir kuni «Otasini sog‘ingan qizaloq», degan kitob yozaman deb orzu qilganman. Toki bolalarini yetim qilayotgan otalarga nimadir yetib borsin. Oilasini o‘ylamagan yigitlar farzandining yuragini bir marta eshitib ko‘rsin.

Charos Mannonova tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: