Ilmiy maqola nima uchun va qanday yoziladi? - xorijiy universitetda ishlayotgan o‘zbek olimidan maslahatlar

Fan-texnika 19:12 / 21.12.2022 310463

Shu paytgacha bir nechta ilmiy maqola chop qilgan, so‘nggi bir yildan oshiq davr ichida o‘z sohasida yetakchi bir ilmiy jurnal tahririyati a’zosi hisoblanuvchi Sherzod Mo‘minov Twitter’da o‘z tavsiyalari bilan o‘rtoqlashdi.

Garchi, sohalar orasida farqlar bo‘lsa-da, u humanitar fanlar, xususan, yangi tarix/sharqshunoslik borasida ilmiy maqola qanday yozilishi va chop etilishi haqida o‘z tavsiyalarini berdi. Bu ilmiy ishlar bilan shug‘ullanayotgan yoki kelajakda shug‘ullanishni niyat qilgan o‘quvchilarimizga qiziq bo‘ladi.

«Albatta, mening bilganlarim va tajribam chegarali. Keyin, bu yozganlarim barchaga birdek tegishli yo qiziq bo‘lmaydi. Tredim so‘ngida chop qilingan maqolalarimga havola beraman, o‘qib ko‘rish imkoningiz bo‘ladi», deydi Sh.Mo‘minov.

Sodda qilib aytganda, maqola sohangizda yaratayotgan yangiligingizni hamkasblaringiz, ma’lum doiradagi mutaxassislar bilan ilk bo‘lishishning eng maqbul yo‘lidir.

Buning boshqa yo‘llari ham bor, masalan, konferensiyada ma’ruza qilish. Ya’ni, maqola — tadqiqot natijalari bilan rasman bo‘lishish vositasi. Asl mohiyati ham aynan shunda. Ilm sohasi natijalarga asoslangan, nashr qilingan ishlar «mahsulot» sanaladigan, rejalar belgilanadigan bo‘lgani sari, maqolalar tadqiqotchining obro‘si yo mavqeyini belgilaydigan bo‘lgan.

Ko‘pincha qoralama shaklida bo‘ladigan konferensiya ma’ruzasidan farqli o‘laroq, maqola ozmi-ko‘pmi tugallangan, sayqal berilgan shaklda bo‘ladi. Buning uchun u bir necha «chig‘iriq»dan o‘tishi kerak. Bu bosqichlardan eng muhimi — «peer review» bo‘lib, uni o‘zbekchaga «mutaxassis bahosi» deb o‘girsa bo‘lar.

Nimadan boshlanadi?

Mutaxassis bahosigacha yo‘l uzoq, shuning uchun boshidan boshlaylik. Aytaylik, siz tarixchisiz va arxivlardan bir nechta yangi hujjat topdingiz. Bularni o‘zingizning oldingi izlanishlaringiz, boshqalarning yozgan maqola-yu kitobiga asoslab, yoki qiyoslab, yangi so‘z ayta olishingizni tushundingiz.

Bu yangi so‘zingiz, misol uchun, tarixning to‘liq tushunilmagan, yoki (sizningcha) noto‘g‘ri talqin qilingan sahifalariga oydinlik kiritishi, yoki yangi topilmalar yordamida oldin «A» deb o‘ylab kelingan narsa aslida «B» ekanini isbotlay olishi mumkin. Xo‘sh, bularni boshqalarga qanday bildirasiz?

Albatta, buning eng tez yo‘li — konferensiyada ma’ruza qilish. Lekin ma’ruzangiz u quloqdan kirib, bunisidan chiqib ketsa-chi? Agar u bosma shaklda, nomingiz ostida chiqmasa, jiddiy qabul qilinadimi? Uning ustiga, kimdir ma’ruzangizdan ilhomlanib, sizdan oldin shu mavzuda chop qilsa-chi?

Raqibingiz qancha urinmasin, hujjatlarni ilk ko‘rgan, ularni batafsil tahlil qilgan siz bo‘lasiz. Shu sabab, tahlilni kitob shaklida chiqarsangiz bo‘lmaydimi? Bo‘ladi, albatta. Lekin bitta muammo bor: kitobni chop qilishga yillar kerak bo‘ladi. Oraliq natijani esa tezda e’lon qilish kerak.

Shuning uchun, maqola siz uchun — eng ma’qul vosita. Odatda ilmiy maqola uzunligi so‘zda o‘lchanib, ingliz tilida 8 000–15 000 so‘z atrofida bo‘ladi. Ya’ni, hajmi u qadar katta bo‘lmaydi. Yangiligingizni shu hajm ichida ta’riflashingiz kerak bo‘ladi. Keyin, shunchaki yangiligingiz haqida yozganingiz bilan ish bitmaydi.

Eski nazariya yoki g‘oyani qisqacha eslashingiz, sizning yangi talqiningiz undan nimasi bilan farq qilishi, yoki ustun/yangi/muhimligini tushuntira olishingiz kerak bo‘ladi. Buning uchun gapni muammodan boshlab, sizdan oldin mavzu bo‘yicha yozilgan ishlar — «adabiyot»ni qisqacha talqin qilasiz.

Shundan so‘ng, «adabiyotda yaxshi ishlar bor, lekin ular sochgan nur mavzuning barcha burchaklarini yorita olmagan» qabilidagi gap bilan o‘zingiz uchun ana shunday «burchak» yaratasiz. Bu burchak — o‘z sohangizdagi sizning joyingiz. Unda ishingiz yangiligi, muhimligi, mohiyatini batafsil yoritasiz.

Bu qism maqolaning asosiy bo‘limi bo‘lib, kirishdagi «muammo»ning yechimi ham aynan shu bo‘limda yoritib beriladi. Ko‘p sohalarda muammodan so‘ng nazariya yoki uslub haqida bo‘limlar (tarixda shart emas), asosiy qismdan keyin esa misol yoki isbot bo‘limi bo‘ladi. Bo‘limlarni mantiqan bog‘lab borasiz.

Maqola yakuniy bo‘lim (Conclusion) bilan tugatiladi. Conclusion maqolada aytib o‘tilganlarni takrorlab, muallifning asosiy topilma yo yechimlarini qisqa sarhisob qiladi. Yakundan so‘ng foydalanilgan ishlar ro‘yxati (Bibliography) va havolalar (boshqa ishlarga yo‘nalmalar) keltiriladi.

Ikkinchi bosqich

Xo‘sh, maqolani qoraladingiz, yaqin hamkasblaringiz yoki ilmiy rahbaringiz fikrini oldingiz, o‘zgartishlar kiritdingiz. Qo‘lyozmani yozib tugatdingiz. Ammo, bu birinchi bosqich xolos. Ikkinchisi: o‘z sohangizga, yoki maqola mavzusiga eng yaqin bir nechta jurnalni aniqlaysiz. Qisqa ro‘yxat qilasiz.

Hozirgi kunda bu jurnallarning barchasida sayt bor. U yerdan qo‘lyozma topshirish tartibi va shartlari bilan tanishasiz. Oldinlari Word faylni elektron pochtadan muharrirga yuborardik. Hozirda ko‘pchilik jurnallar qo‘lyozmani kerakli shakl va formatga keltirib, saytga yuklashingizni so‘raydi.

Qo‘lyozmani birinchi boshqaruvchi muharrir (managing editor) ko‘radi va mavzu bilan eng tanish muharrirga yuboradi. U maqolani o‘qib chiqib, «ko‘rib chiqish»ga tayyor yo tayyor emasligiga baho beradi. Tayyor bo‘lsa, kamida ikkita «ko‘rib chiquvchi» — baho beruvchi mutaxassis (reviewer)ni tavsiya qiladi.

Boshqaruvchi muharrir muallifning kimligi butunlay o‘chirilgan (kim yozganligini umuman aniqlab bo‘lmaydigan) shakldagi qo‘lyozmani mutaxassislarga yuboradi. Ikkalasi ham rozi bo‘lsa, «ko‘rib chiqish» boshlanadi. Bittasi rad etsa (misol, bandligi sabab), o‘rniga yana boshqa reviewer topiladi.

Ko‘rib chiquvchi nima ish bajaradi?

Qisqacha, reviewer qo‘lyozmani chop qilish kerakmi, qanday kamchiliklari bor, nimani o‘zgartirish kerak, kabi savollarga javob beradi. Bu umumiy xulosalardan tashqari, ba’zi (vijdonli) reviewer’lar imloviy xatolargacha ko‘rsatadi, yaxshi maslahatlar beradi.

Eng muhimi, ko‘rib chiquvchiga bu ish uchun hech qanday haq to‘lanmaydi. Shunchaki bilim, fan va ta’lim uchun o‘z vaqtimizni va kuchimizni bag‘ishlaymiz. Muallif ham qo‘lyozma uchun haq olmaydi. Lekin jurnalga obunani nashr qiluvchilar minglab dollarga kutubxona va universitetlarga sotadi.

Universitet yo kutubxonaga a’zo bo‘lmaganlar esa bu maqolalarni ko‘chirib ololmaydi ham. Qisqa qilib aytganda, katta nashriyotlar olimlarning mehnatini yaxshi biznesga, tekin daromad manbaiga aylantirib olishgan. Karerasi va kelajagini o‘ylab, olim maqola yozadi, mazasini nashrchi ko‘radi

Olimlar nega tekin maqola yozadi?

Buning asosiy sababi: maqola — olim mehnatining oson va yaqqol ko‘zga tashlanadigan mahsuli, isbotiga aylangan. Yaxshi jurnalda maqola chiqarish — olimning nonini halollab yeyotganining isboti. Mansab pog‘onasidan ko‘tarilayotganda bular juda muhim.

Albatta, hamma narsa mansab yo obro‘ uchun qilinmaydi. Men tanigan aksariyat olimlar o‘z ishining jamiyatga nafi tegishiga chindan ishonadi. Biz tarixchilar indamay turaylik, lekin, masalan, kimyo yoki tibbiyot sohasida tadqiqotlar odamlar hayotini osonlashtiradi, og‘riq va dardlarni yengishga yordam beradi.

Yana masalan, Yevropa va Britaniya universitetlaridagi olimlar soliq to‘lovchi hisobidan oylik oladi. Shu sabab, olimlar soliq to‘lovchining bolalarini o‘qitish bilan bir qatorda, jamiyat va umuman insoniyat taraqqiyotiga hissa qo‘shish, jamiyat bilim darajasini ko‘tarishni o‘z vazifasi deb biladi.

Nashr jarayoni

Reviewer qo‘lyozma haqidagi xulosasi, talab va takliflarini rasmiy shaklda taqdim etadi. Odatda bular muallifga qaratilgan bo‘ladi, lekin boshqaruvchi muharrir ikkala reviewer xulosasini jamlab, muallifga yuboradi.

Xulosa 3 xil bo‘lishi mumkin:

1). Rad qilinsin;

2). O‘zgarishlarsiz qabul qilinsin;

3). Ma’lum o‘zgarishlar kiritilgach qabul qilinsin.

Tajribadan kelib chiqib aytish mumkinki, 80-90 foiz qo‘lyozma uchinchi xulosani oladi, lekin rad qilinganlar ham talaygina bo‘ladi. 2-variant juda kam uchraydi.

«Maqola rad qilindi», degani shuncha mehnat bekorga ketganini bildirmaydi, albatta. Uni juda nomdor jurnal rad qilgan bo‘lsa, maqolani sal nufuzi pastrog‘iga topshirish kerak. Nomdor jurnalning rad javobi ham ko‘pincha juda foydali bo‘ladi, chunki reviewerlar odatda qimmatli maslahatlar beradi.

Nomdor jurnal deganda, nomi ulug‘ universitet yo nashriyot tomonidan bosiladigan jurnal ma’nosida emas, ma’lum sohada eng yaxshi tadqiqotlar chop qilinadigan jurnal nazarda tutiladi. Maqolaning yaxshiligi nima bilan aniqlanadi? Boshqa maqola/kitoblar unga bergan havolalar soni bilan.

Eng yaxshi maqolani hali qo‘lyozmalik davrida qanday aniqlash mumkin?

Faqat va faqat anonim va nihoyatda qattiq «ko‘rib chiqish jarayoni», ya’ni peer review orqali. Iye, «Oka, maqola chiqarishim keregidi, yordamlashvorin» deb bo‘lmas ekan-da? Xuddi shunaqa! Haqiqiy fanda tanish-bilish ketmaydi.

Hozirda eng yetakchi jurnallar yillar, o‘n yilliklar davomida xolis jarayon va qattiq talab orqali o‘z mavqei va obro‘sini qozongan. Anonim ko‘rib chiqish «guruch»ning «kurmak»dan tezda ajratilishini ta’minlaydi. «Kurmak» qo‘lyozmalar ko‘rib chiqish jarayoniga ham yetib bormaydi.

Albatta, hamma jurnal ham yaxshi, ularning tanlovi xolis, degani emas. To‘lig‘icha sun’iy intellekt tomonidan yozilgan maqolalarni qabul qilgan jurnallar ham bor. Jurnalni sotib pul qilish uchun duch kelgan narsani bosadiganlari undan ham ko‘p. Lekin bunday jurnallarni kim ham o‘qirdi?

Xo‘jako‘rsinga yoziladigan, boshqalarning ishidan ko‘chiriladigan maqolalarni ana shunday jurnallardan boshqa joyda chop qilish imkonsiz. Nomiga, yoki boshqa maqsadda fan bilan shug‘ullanish bor ekan, bunday jurnallar ham bo‘lishi tabiiy. Ular nomiga bosilib, diqqatsiz qolaveradi.

Ingliz tilida maqola chop qilish uchun ayrim amaliy maslahatlar

Birinchi maslahatim: sohangizni, yoki tor mavzuni ipidan ignasigacha biling. Buning uchun, o‘z maqolangizni yozishdan oldin boshqalar bu haqda nima yozgan, puxta o‘rganib chiqing. O‘z burchagingizni toping.

Keyingi muhim maslahatim: ingliz tilida yozishni mashq qilavering. IELs Writingʼdan ballingiz baland bo‘lishi mumkin, lekin buning o‘zi maqola yozish uchun yetarli bo‘lmasligi mumkin. Yozgan narsangizni biladiganlarga ko‘rsating, maslahat va tanqidlarni tinglang va qo‘lyozmaga kiriting.

So‘nggi maslahat: bo‘sh kelmang. Maqolani yozish oson bo‘lmaydi, chop qilish undan ham qiyinroq bo‘ladi. Lekin yaxshi jurnalda maqola chiqarish akademik karerada nihoyatda foydali. Ba’zi jurnallarda bitta maqola chiqarish butun boshli kitob yozganga deyarli teng. Yaxshi maqola yozish — bir san’at.

Nokamtarlik bo‘lsa-da, o‘zimning chop qilgan ikkita maqolamga havola qoldiraman. Bularning ikkalasi ham open access, ya’ni kutubxona a’zoligi talab qilinmaydi. Birinchisini o‘zim, ikkinchisini hamkorlikda yozganman.

1. Sovet Ittifoqi va Xitoy Xalq Respublikasi o‘z qo‘li ostidagi yaponlarga nisbatan munosabatining qiyosiy tahlili.

2. Sovuq urush boshlanishida Sovet Ittifoqidan qaytib kelgan yapon asirlarining taqdiri haqida.

Muallif haqida: Sherzod Mo‘minov Buyuk Britaniyaning Sharqiy Angliya Universiteti (University of East Anglia) tarix fakultetida associate professor bo‘lib ishlaydi. Kembrij Universitetidan 2015 yilda Yaponiya va Sharqiy Osiyo tarixi ixtisosligi bo‘yicha PhD darajasini olgan.

1982 yilda Surxondaryo viloyatida tug‘ilgan. Toshkentdagi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetidan «xalqaro munosabatlar» yo‘nalishi bo‘yicha bakalavr diplomini, Angliyaning Manchester universiteti va Yaponiyaning Tsukuba universitetining magistrlik darajalarini tamomlagan.

Uning Eleven Winters of Discontent kitobi 2022 yilning yanvar oyida Harvard Universiteti nashriyotida bosmadan chiqdi.

Ko‘proq yangiliklar: