Tahlilchi Min-Chi Kuo ma’lumotlariga ko‘ra, Apple ehtimoliy iPhone SE 4 ishlab chiqarishni keyinga qoldirgan yoki hatto bekor qilgan. Buning sababi arzon smartfon modeliga bo‘lgan talabning nihoyatda pastligidir.
Kuo so‘zlariga ko‘ra, eng optimistik ssenariyda navbatdagi arzon iPhone 2024 yildan keyin ishlab chiqarilishi mumkin. Pessimistik ssenariyda esa Apple uni chiqarish g‘oyasidan butunlay voz kechadi.
Avvalroq iPhone SE 4 smartfoni iPhone XR uslubidagi «ramkasiz» dizaynga ega bo‘lishi, bu katta mablag‘ talab qilishi va narxining oshishiga olib kelishi haqida xabar berilgandi. Oqibatda, ushbu smartfonni ishlab chiqarish uchun sarflangan mablag‘lar o‘zini oqlamasligi mumkin va Apple buni yaxshi tushunyapti.
Kuoning qo‘shimcha qilishicha, iPhone SE 4 smartfonidan voz kechish Apple kompaniyasiga 2023 yildagi global iqtisodiy tanazzul muammolarini yengishda yordam beradi.
iPhone SE (2022) smartfonining so‘nggi versiyasi mart oyida 430 dollar narxda chiqarilgan edi. U 4,7 dyuymli Retina HD displeyi, IP67 suv himoyasi, Home tugmasi, 12 megapikselli kamera va yaxshilangan batareya bilan jihozlandi.
Biroq, smartfonga talab juda past bo‘ldi. Asosiy sabablardan biri - eskirgan dizayn, kichik ekran va zaif batareya. Ta’kidlanishicha, Apple hatto talabning pastligi tufayli ishlab chiqarishni qisqartirishga majbur bo‘lgan.
iPhone SE birinchi avlodi 2016 yilda chiqarilgan. Bugungi kunda bu «eski» dizaynda ishlab chiqarilgan, ammo zamonaviy protsessorga ega bo‘lgan eng arzon Apple smartfonidir.