«Ularni chempionga aylantirsang, ular ham seni chempion qiladi...»

Sport 23:26 / 18.12.2022 38796

Ertaklar ikki xil bo‘ladi. Birida qandaydir kambag‘al yigit ajdarhoni o‘ldirib, malika va yarim podshohlikka ega bo‘ladi. Ikkinchisida, bosh qahramon – shahzoda, malikaga yetishishi uchun o‘zini isbotlashi kerak. Gilam to‘qibmi, etik tikibmi, shunchaki, u odamlar orasida ham bo‘la olishini, hammasini unga taqdir in’om etmaganini ko‘rsatishi kerak bo‘ladi.

Masalan, Maradona birinchi toifaga tushadi. U doim hammaga qarshi chiqishga majbur bo‘lar, faqat qora xalq uning yaxshi ko‘rardi. Uni doim tepishar, xatosini kutishar, oxirgi ikki mundialini u yig‘lab tark etdi – birida finalda belgilangan bahsli penalti, ikkinchisida maydon tashqarisidagi o‘yinlar tufayli.

Messi – shahzoda. Buni ilgari ham yozgandim, Barselona qirolligida voyaga yetdi, ulg‘ayganda, taxt unga tayyorlab qo‘yilgan, yo‘llar tozalangan, unga xalaqit berishi mumkin bo‘lgan Ronaldinodan tortib, Zlatanlargacha javob berib yuborilgan. Messi albatta, o‘sha ajdarho bilan doim urishib yuradigan kambag‘al yigitdan kam emasdir, ammo buni isbotlashi shartmas, unaqa ehtiyoj yo‘q.

Aslida qirollik klubi «Real» bo‘lsa-da, chinakam qirollik Barselonada. «Bernabeu»da hech kim shunchaki sevilmaydi, u yerda gladiatorlar yangi qahramon chiqquncha tinmay jang qiladilar, o‘zlarini isbotlaydilar. Olomon gollarni, g‘alabani, qonni talab qiladi. «Kamp Nou» esa, baxtli qirollik, sevgi va sadoqat ulug‘lanadi, Messi mana shu taxtning vorisi.

Xullas, shunday bo‘ldiki, ertak qiziqroq chiqishi, malikaga erishishi uchun shahzoda odamlar qatoriga tushishi, sheriklari bilan g‘alaba qozonib, o‘zini isbotlashi kerak bo‘lib qoldi. U avvalgidan yaxshiroq o‘ynayapti, aldayapti, yuguryaptimi? Ha. U avvalgidan yaxshiroq o‘yinchi, aldovchi, yuguruvchi bo‘lib qoldimi? Yo‘q.

Messi talant, tug‘ma iste’dod, o‘zga sayyoralik. Ammo shu safar undan insoniy vazifalar, insoniy tuyg‘ular talab qilindi. Kulgi, g‘azab, orzu, ojizlik, shiddat, qo‘rquv...

Menimcha, birinchi marta shunaqa sinovga duch keldi, endi nafaqat gollar urib paslar berishi, maydonda yetakchilik qilishi, balkim kattaroq, shu paytgacha qilmagan vazifalarni gardaniga yukladi. Jamoani o‘z atrofida jipslashtirishi, ahillikning markazida bo‘lishi kerakki, har bir futbolchi tarixning bir bo‘lagidek his qilsin o‘zini. Hammasi yana ters ketib, finaldagi ustunlik sovurilgan pallada ham, hammaga yetadigan qayta kuch topa bilish. E’tibor bersangiz, har o‘yinning qahramoni boshqa – bir safar Alvares masalani hal qildi, boshqasida Di Mariya, yana birida Enso Fernandes, Emiliano Martines... Skaloni umuman shu turnirda dahoga aylandi. Kimdir yosh, kimdir go‘yoki davri o‘tib bo‘lgan, kimdir shunchaki «Brayton» futbolchisi. Ularni chempionga aylantirsang, ular ham seni chempion qiladi. Messiga aytyapman.

Ertak yaxshilik bilan tugadi. Messi maqsadiga erishdi. Ammo hayot davom etadi, yangi qahramonlar, yangi ertaklar bilan. Barchasi uchun rahmat.

Qahramon Aslanov

Ko‘proq yangiliklar: