JCh-2022. Superfinalda Argentina Fransiyani penaltilar seriyasida mag‘lub etib, jahon chempioniga aylandi

Sport 23:01 / 18.12.2022 30287

«Lusail» stadionida qariyb 90 ming muxlis qarshisida kechgan hal qiluvchi to‘qnashuv kutilgan shiddatni taqdim eta oldi. 23-daqiqada Usmon Dembele Di Mariyani jarima maydonida yiqitgach, belgilangan penaltini Messi golga aylantirdi – 1:0.

 

36-daqiqada yana Di Mariya va Messi ikkinchi golga sabab bo‘lishdi. Lionelning uzatmasidan keyin Di Mariya jamoasining ikkinchi goliga mualliflik qildi – 2:0.

Tanaffusgacha maydonda umuman ko‘rinmagan fransuzlar yulduzi – Kilian Mbappe ikkinchi bo‘limda katta sahnaga chiqdi.

 

80-daqiqaga kelib, Kolo-Muaniga nisbatan ishlatilgan qo‘pollikdan keyin Mbappe 11 metrlik jarima zarbasini golga aylantirdi – 2:1.

Oradan bir daqiqa o‘tar-o‘tmas, Kilian ajoyib zarbasi bilan barchaga o‘z darajasini ko‘rsatib, Argentina muxlislarini karaxt ahvolga solib qo‘ydi – 2:2.

Shu tariqa, o‘yinning asosiy vaqtida g‘olib nomi aniqlanmagach, muxlislar ajoyib finalda ekstra-taymlarni ko‘radigan bo‘lishdi.

Dastlabki ekstra-taymda yaqqol vaziyat Argentinada bo‘ldi. Alvares o‘rniga zaxiradan maydonga tushgan Lautaro ikkita ajoyib vaziyatdan foydalana olmadi. 

To‘rtinchi taymga kelib, «Lusail» stadioni navbatdagi marta larzaga keldi. Bu safar ham Lionel Messi katta sahnaga chiqib, jamoasini yana hisobda oldinga olib chiqdi – 3:2.

117-daqiqaga navbat yana Mbappega keldi. Kilian penalti ishlab, het-triki evaziga muvozanatni qaytadan tikladi – 3:3. 

 

120+5-daqiqaga kelib bosh hakam Marchinyak jamoalarni penaltilar seriyasiga taklif etdi. Lotereyada esa Mbappe birinchi bo‘lib to‘pni darvozaga yo‘llagan bo‘lsa, argentinaliklardan Messi gol kiritdi. 

Komanning zarbasini Martines bartaraf etgach, Dibala jamoasini oldinga olib chiqdi. Tchuameni esa zarbada adashdi. Peredes esa gol urgach, Kolo Muani ham imkoniyatdan foydalandi. Hal qiluvchi zarba esa Argentinaga chempionlikni keltirdi!

JCh-2022. Final. 18 dekabr
Argentina – Fransiya 3:3. Penaltilar seriyasi: 4:2

Gollar: 1:0 – 23, penalti Messi, 2:0 – 36 Di Mariya, 2:1 – 80, penalti Mbappe, 2:2 – 81 Mbappe, 3:2 – 108 Messi, 3:3 – 118, penalti Mbappe.
Argentina – Martines, Molina (Montel, 90), Otamendi, Romero, Talyafiko (Dibala, 120), De Pol (Paredes, 102), Mak Allister (Pesselya, 116), Fernandes, Di Mariya (Akunya, 64), Messi, Alvares (Martines, 103).
Fransiya – Loris, Kunde (Disasi, 120), Varan (Konate, 113), Upamekano, Ernandes (Kamavinga, 71), Rabo (Fofana, 96), Tchuameni, Jiru (Tyuram, 41), Grizmann (Koman, 71), Dembele (Kolo-Muani, 41), Mbappe.
Ogohlantirishlar: Fernandes (45), Rabo (55), Tyuram (87), Jiru (90), Akunya (90), Paredes (114), Montel (116).

Ko‘proq yangiliklar: