SSV ogohlantiradi: Paqildoqlar bolalarda bir umrlik og‘ir asoratlar qoldirishi mumkin

Jamiyat 12:36 / 15.12.2022 16529

Sog‘liqni saqlash vazirligi yangi yil bayrami arafasida paqildoqlar mavsumi boshlanib ketganiga e’tibor qaratib, uning oqibatlaridan ogohlantirdi.

«Qonuniy taqiqlarga qaramay, bunday mahsulotlarni sotishga urinayotganlarning yagona dardi — pul ishlash.

O‘yinqaroq bolalar-u o‘smirlar esa pirotexnikaning o‘zi va yon-atrofdagilarga ziyonidan yetarlicha xabardor emas», deyiladi xabarda.

Tibbiyot xodimlarining ogohlantirishicha, bunday vositalarning bexosdan qattiq paqillashi kishilarni cho‘chitib, yurak-qon tomir tizimiga o‘ta salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Ushbu holat fojiali o‘lim bilan ham yakun topishi mumkin. 

  • Yuz, ko‘z, qo‘l sohalarida og‘ir kuyish jarohatlari;
  • ko‘zlar shikastlanishi va ko‘rish faoliyati qisman yoki butunlay buzilishi;
  • jarohat asorati bilan bog‘liq plastik operatsiyalarga muhtojlik, kuygan sohalarda dag‘al chandiqlar; 
  • qo‘l barmoqlari sohalarida kontrakturalar hosil bo‘lishi «paqildoq» va salyutlarning salbiy oqibatlaridir.

Pirotexnika vositalari shovqinidan qattiq qo‘rqish tufayli:

  • ruhiy buzilish;
  • surunkali asab va qon-tomir tizimi kasalliklari;
  • qandli diabet; 
  • homilaga ziyon yetishi ehtimoli yuqori.

«Yaqin masofada pirotexnika paqillashidan inson barotravma va akustik jarohatlar olib, karlik yoki umrbod quloq shang‘illashi (tinnitus) kasalligiga yo‘liqishi mumkin.

Shu bois, Sog‘liqni saqlash vazirligi ota-onalar va jondan aziz farzandlarimizni yana bir bor ehtiyotkorlikka chaqiradi», deyiladi vazirlik xabarida. 

Ko‘proq yangiliklar: