Finlandiya ta’limi dasturi va darsliklari tajribadan o‘tkazilmoqda 

Jamiyat 18:55 / 13.12.2022 13920

13 noyabrdan Abdulla Avloniy nomidagi milliy-tadqiqot institutida 4 ta fan bo‘yicha yangi o‘quv dasturi va darsliklarni tajribadan o‘tkazishning ikkinchi bosqichi boshlandi. Unda respublika bo‘yicha jami 77 nafar o‘qituvchi hamda maktab rahbarlari qatnashib, yangi metodikalar bilan tanishib chiqishmoqda.  

Qayd etilishicha, bundan oldingi malaka oshirish kurslari 4-9 noyabr kunlari bo‘lib o‘tgan.  

“Birinchi biz 179 nafar boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarini o‘qitgan edik. Bir oydan keyin boshlanadigan tajriba-sinov jarayonida 1-4-sinflarga dars beradigan hamma o‘qituvchilar qamrab olindi.

Agar mana shu davrda 2 chorak mobaynida shu xalqaro tajriba asosida yaratilgan darsliklar, o‘quv-metodik qo‘llanmalar, darsliklar o‘zini oqlasa, yangi o‘quv yilidan boshlab ommaviy ravishda barcha maktablarda qo‘llaniladi. Agar qaysidir jihatlarida takomillashtirish zarur bo‘lsa yoki qaysidir metodikalardan umuman voz kechish zarur bo‘lsa, sinov jarayonida bular ham ko‘rib chiqiladi”,– dedi Abdulla Avloniy nomidagi milliy-tadqiqot instituti prorektori Mehriniso Pardayeva. 

Ta’kidlanishicha, 2 kun davom etadigan kurslarda tasviriy san’at, texnologiya, musiqa madaniyati va jismoniy tarbiya fanini o‘qitish uslublari ko‘rib chiqilmoqda.  

“Treningda juda ko‘p narsalarga, ya’ni o‘quv darsliklarida kommunikatsiya, kooperatsiya, ijodkorlik kabi jihatlarga e’tibor beriladi. Bundan tashqari, har bir darslikning QR kodini skanerlab, ko‘rish ham mumkin. Bu juda katta qulayliklardan biri hisoblanadi. Chunki aynan shu imkoniyat orqali o‘quvchilar ba’zi mashg‘ulotlarni o‘zi mustaqil bajarishi ham mumkin”,– dedi seminar o‘qituvchisi Gulmira Jo‘rayeva.

Muloqot va o‘quv-seminar tarzida o‘tayotgan malaka kurslarida o‘qituvchilar darsliklarning mazmuni, elektron va raqamli resurslardan foydalanish, o‘qitish metodikasiga doir bilimlarini oshirishi maqsad qilingan.

Ko‘proq yangiliklar: