Namangandagi xonadonlarning birida yong‘in yuz berib, ikki kishi kuyish tan jarohatini oldi. Bu haqda viloyat FVB matbuot xizmati xabar berdi.
11 dekabr kuni soat 01:13 da Namangan shahar FVBga «Diyor» MFY hududida joylashgan xonadonlarning birida yong‘in sodir bo‘layotgani haqida xabar kelib tushgan. Xabarga asosan bo‘limning 1,3-sonli Yong‘in qutqaruv qismining ekipajlari voqea joyiga soat 01:18 da yetib borgan va yong‘in soat 01:45 da to‘liq bartaraf etilgan.
Yong‘in natijasida yashash uyining shift va tom qismidan 70 kvadrat metr joyi hamda uy-ro‘zg‘or buyumlari yonib zararlangan. Yong‘in vaqtida xonadon egasi, 1952 yilda tug‘ilgan fuqaro 65 foiz, uy egasining o‘g‘li — 1980 yilda tug‘ilgan 2-guruh nogironi 95 foiz kuyish tan jarohati olgan.
Yong‘in gaz va havo aralashmasi chaqnashi oqibatida kelib chiqqani taxmin qilinmoqda. Xonadon egasi bilan suhbatlashilganda xonani isitish maqsadida qo‘lda yasalgan tunuka pechiga gaz so‘rg‘ich o‘rnatilganini ma’lum qilgan.
Hozirda sodir bo‘lgan yong‘in yuzasidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.