Milliy ozodlikni qo‘lga kiritgan, milliy taraqqiyotning tarixiy bosqichiga qadam qo‘ygan har bir xalq Vatanining shonli tarixi, buguni va kelajagi, orzu-intilishlarini mujassam etgan davlat ramzlarini qabul qiladi. Bu ramzlar davlat suverenitetining o‘ziga xos shahodatnomasidir.
1992 yil 10 dekabr kuni Oliy Kengashning O‘n birinchi sessiyasida “O‘zbekiston Respublikasining davlat madhiyasi to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilindi. Davlat Madhiyasida 130 yil davomida erk va huquqlari poymol etilib, kamsitish va tahqirlashlar ichra yashab kelgan xalqning istiqloli, orzu-umidlari, ulug‘ maqsadlari o‘z tajassumini topdi. Diyorimizdagi barqaror yangilanishlar bois davlat ramzlari qabul qilingan kunlarni yil sayin yanada yuksak faxr-u iftixor bilan bayram qilish an’anaga aylandi.
Mamlakatimizdagi ulkan ijobiy o‘zgarishlarni asos qilib aytish mumkinki, bugun ona Vatanimiz taraqqiyotning yangi bosqichiga qadam qo‘ydi. Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshchiligidagi yangilanishlar tufayli nafaqat iqtisodiy yuksalishlar, ma’naviy taraqqiyot sari ham qadam tashlandi. Millat chin ma’noda o‘zligiga qaytib, o‘zligidan kuch olmoqda.
Bugun Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Milliy gvardiya, Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, “Vatanparvar” tashkiloti, O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi, Toshkent shahar hokimligi hamkorligida O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi qabul qilinganining 30 yilligi munosabati bilan poytaxtimizda “Shuhrating porlasin toki bor jahon!” shiori ostida bayram tadbiri tashkil etildi.
Bayram tadbirida so‘zga chiqqan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Minhojiddin Mirzo, O‘zbekiston kompozitorlar uyushmasi raisi Rustam Abdullayev, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Rustam Musurmon va boshqalar O‘zbekiston Respublikasi davlat madhiyasi qabul qilingan kunning 30 yilligi bilan barchani muborakbod etdi. Madhiyaning davlatchilikdagi o‘rni, yoshlarni yuksak vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdagi ahamiyati, O‘zbekiston xalq artisti, atoqli kompozitor Mutal Burhonov va O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripovlar tomonidan madhiyamizning yaratilishi bilan bog‘liq xotiralarini so‘zlab berdi.
Tantanali marosimda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi o‘rinbosari Nodir Xolbo‘tayev, Vazirlar Mahkamasining Ma’naviyat va Davlat tilini rivojlantirish masalalari departamenti rahbari Sobir Shukurov, keng jamoatchilik vakillari va yoshlar ishtirok etdi.
Buyuk Vatanning aziz va betakror timsollari, ramzlari har bir davlat, uning kelajak avlodlari uchun ozodlik va milliy g‘urur timsoli, boy ma’naviy obidadir. Madhiya – millatni hamisha o‘z ozodlik yo‘li, ahdida sobit tutib turuvchi ruhiy quvvat manbai hamdir. Shuning uchun ham taraqqiy topgan dunyo xalqlari o‘z davlatining madhiyasini nafaqat tantanali va munavvar kunlarida, hatto eng zahmatli va sinovli onlarida ham tik turib mardona kuylaydilar. U millatni, xalqni birlashtiradigan, yuksaltiradigan yengilmas kuchga, yuksak iroda va qat’iyat, jasorat timsoliga aylantira oladigan qo‘shiqdir.
Shodiyona aslida erta tongdanoq boshlangan edi. Bayram munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti tomonidan Toshkent shahri ko‘chalari bo‘ylab “Vatanparvar avtokarvoni” tashkil etildi.
Davlat madhiyamiz qabul qilingan kunga bag‘ishlab o‘tkazilgan tadbirda mamlakatimiz san’at ustalari, yosh xonandalar ishtirokida badiiy dastur namoyish etildi. Ma’naviy-ma’rifiy sohalarda faollik ko‘rsatgan yurtdoshlarimizdan bir guruhiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq ta’sis etilgan “Ma’naviyat fidoyisi” ko‘krak nishoni topshirildi.
Shuningdek, tadbirda “Shuhrating porlasin toki bor jahon!” mavzusida davlat madhiyasini jamoaviy jo‘r bo‘lib kuylash, “Ranglarda aks etgan Vatan madhi” mavzularidagi tanlovlar, “Vatan madhi yangrar dilimda” onlayn intellektual bellashuvi g‘oliblari ham taqdirlandilar.
Davlat madhiyasi qabul qilinganining 30 yilligi munosabati bilan vatandoshlarimizga erta tongdan mobil aloqa tizimlari orqali SMS tabriklar yuborildi.
Bugun mamlakatimizning barcha hududlarida, xorijiy davlatlardagi elchixonalarimiz, diplomatik vakolatxonalarimizda ham davlat madhiyasi qabul qilingan kunga bag‘ishlangan tantanali tadbirlar bo‘lib o‘tdi. Xorijiy mamlakatlardagi vatandoshlarimiz, talaba-yoshlarimiz ijtimoiy tarmoqlar orqali xalqimizga videotabriklar yo‘lladilar.
10 dekabr – bu kun ulug‘ kun, o‘zini shu muqaddas yurt farzandiman, uni mehribon onamday, otamday sevib ardoqlayman, asrayman, degan har bir o‘zbek, O‘zbekiston fuqarosining bayramidir.
O‘zbekiston davlat madhiyasi barchamizning, yangi O‘zbekistonni bunyod etayotgan yaratuvchi xalqimizning qo‘shig‘idir! Bu – o‘zi qayerda bo‘lmasin, jon rishtalari bilan shu muqaddas zaminga bog‘langan dunyodagi 50 milliondan ortiq vatandoshlarimizning qo‘shig‘idir.
Asrlar osha sharafli hayot yo‘lini bosib kelayotgan erksevar, erkparvar xalqimizning mangu ozodlik va obodlik qasidasi, tinchlik qo‘shig‘i olam uzra jarang sochaversin!
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Matbuot xizmati Ⓣ