Masofaviy ish ruhiy salomatlikka salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Muammoni bartaraf etishning 5 usuli

Jamiyat 15:12 / 10.12.2022 12861

Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, masofadan turib ishlaydigan xodim butun diqqat-eʼtiborini ishga jalb qila olmaydi. Bu esa nafaqat uning ish samaradorligiga, balki jamoa faoliyatiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatar ekan. Shu bilan bir qatorda bunday tarzda faoliyat yuritish xodimning shaxsiy va ish vaqtlari o‘zaro aralashib ketishiga sabab bo‘ladi. Shifokorlarning so‘zlariga ko‘ra, bunday inson ishga mukkasidan ketishi yoki bo‘lmasa, dangasa bo‘lib qolishi ham mumkin.

Mutaxassislarning qo‘shimcha qilishicha, mehnat qilishning bunday formati kishida kuchli stressni keltirib chiqaradi. Bu bezovtalik esa sekinlik bilan ortib boradi.

Albatta, bunday ruhiy o‘zgarishlar uzoq muddat shunday tarzda faoliyat yuritadigan insonlarda kuzatilishi mumkin. Bu nafaqat insonning oilaviy, balki, ijtimoiy, moliyaviy, psixo-emotsional holati va boshqa jabhalarga ham kuchli “zarba” bo‘lishi mumkin.

Foto: AP

Kimlar xavf guruhiga kiradi?

  • Yolg‘iz yashaydiganlar uchun. Bunday insonlar ish jadvaliga doim ham amal qila olmaydi. Hech kim bilan muloqot qilmaydigan kishi uchun masofadan ishlash xuddi ijtimoiy izolyatsiya kabi ta’sir ko‘rsatadi. Doimiy yolg‘izlik esa qayg‘u, sog‘inch, umidsizlik kabi tuyg‘ularni yuzaga keltirib chiqaradi.
  • Yosh farzandingiz bor. Oilada e’tiborga muhtoj bo‘lgan yosh bolalar bo‘lganda ish jadvaliga amal qilish haqida gapirmasa ham bo‘ladi. Bunday sharoitda masofadan ishlash xodim uchun juda qiyin. Ko‘pincha ularda tashvishlar ko‘payadi: aybdorlik hissi va o‘z-o‘ziga bo‘lgan ishonch yo‘qolib boradi. “Men yaxshi xodimmanmi?”, “Ota yoki onalik vazifalarimni to‘laqonli bajara olyapmanmi?” kabi savollar miyasida g‘ujg‘on o‘ynay boshlaydi.
  • O‘z-o‘zini boshqarish qobiliyati rivojlanmay qoladi. Ishxonada ish sifati ko‘pincha rahbarlar yoki menejyerlar tomonidan boshqariladi. Masofadan turib ishlaganda esa bu mustaqil amalga oshirilishi kerak. Natijada,  nazorat qilish qobiliyati yo‘qolib boradi.
  • Siz g‘amgin va tushkunlikka moyilsiz. Bunday holatda hayotdagi tub o‘zgarish, masalan, doimiy ish tarziga o‘tish sizning ruhiy salomatligingizga va jamoa bilan ishlashingizga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Foto: Reuters

Qanday qilib uydan turib ishlashdan zavq olish mumkin? Besh asosiy qoida

Siz masofadan ishlashning salbiy oqibatlarini kamaytirib, ish va shaxsiy hayot o‘rtasidagi balansni saqlab qolishingiz hamda ruhiy salomatligingizni quyidagi qoidalarni bajarish orqali amalga oshirishingiz mumkin:

Ish jadvaliga amal qiling. Agar siz masofadan turib ishlayotgan bo‘lsangiz, uyqudan uyg‘ongan zahoti noutbukni ochib, xabarlarni o‘qishga shoshilmang. Tushlik vaqtida nonushta qilmaganingiz va tishlaringizni tozalamaganingiz yodingizga tushmasin. O‘zingiz uchun ish vaqtini belgilab oling va bunga qat’iy amal qiling.

Uyda kichik bo‘lsa-da ish muhitini hosil qiling. Uyingiz tor va shovqinli bo‘lsa ham, bir burchakda o‘zingiz uchun “ishxona” yarating. Muhimi yotoq joy siz uchun ishxona bo‘lib qolmasin. Yoz kunlari balkonda yoki tabiat qo‘ynida ham ishlash mumkin. Faqat ish va uy muhiti bir-biridan farq qilsin. Yana bir muhim tavsiya, ishlayotganda uy kiyimini ko‘cha kiyimiga almashtirib olish ham samaradorlikni oshirar ekan.

Foto: AP

Dam olib turing. Agar siz uyda ishlasangiz ham ertadan kechgacha vaqtingizni kompyuter qarshisida o‘tkazishingiz shart emas. Uyqudan oldin biron soat bo‘sh vaqt topsangiz, uni ishdagi topshiriqlarga sarflab yubormang. Jismoniy mashg‘ulotlar va o‘z-o‘zini rivojlantirish bilan shug‘ullanishingiz mumkin. Hayot faqat ishdan iborat emas. Dam olish ham esdan chiqmasligi kerak.

Muloqotni unutib qo‘ymang. Surunkali yolg‘izlik va o‘z-o‘zi bilan ovora bo‘lib qolishning oldini olish uchun ko‘proq muloqot qilish zarur. Bunday muloqotlar siz uchun juda foydali.

Jismoniy faollik hayot tarziga aylanmog‘i lozim. Jismoniy faollik baxt gormoni (endorfin) ishlab chiqarilishini rag‘batlantiradi va hissiy farovonlikni saqlashga yordam beradi. Kun davomida ko‘proq harakat qilishga intiling. Bu jarayon sizda o‘z-o‘zidan qoniqish va ishtiyoq hissini uyg‘otishga yordam beradi.

Albatta, o‘zgarishlar bir kechada sodir bo‘lmaydi. Agar siz bosimlarni to‘g‘ri yo‘naltirib, rejali ishlashga tayyor bo‘lsangiz, biroz vaqt o‘tgach, ruhiy salomatligingizdagi ijobiy o‘zgarishlarni his eta boshlaysiz.

Maxsuma OQQO‘ZIYeVA

Ko‘proq yangiliklar: