Sudlanuvchi shu yil 30 avgust kuni 5 nafar shaxsga nazariy va amaliy imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirgani haqida qalbaki sertifikatlarni “Autodriver Study” MChJ nomidan tayyorlab bergan.
U, shuningdek, har bir nomzodning shaxsiy imtihon varaqasiga imtihonlarni ijobiy topshirgani haqida muhr bosib bergan.
Ammo “Autodriver Study” MChJning 13 oktyabrdagi 324-sonli ma’lumotnomasiga ko‘ra, 5 nafar shaxsga aynan shu MChJ tomonidan hech qanday sertifikat topshirilmagani aniqlangan.
Ayblanuvchi bu ishlarni pul evaziga emas, shunchaki yordam maqsadida bajarganini aytdi.
"Menga 5 nafar o‘quvchi mana shu sertifikat uchun yordam so‘rab, murojaat qildi. Hujjatlarini tashlab ketishdi. Keyin o‘zimning noutbukimda sertifikatni chiqarishga harakat qilgan edim, keyin shu sertifikatlarni ularning qo‘liga berdim. Maqsad faqat yordam berish edi, ulardan pul-mul so‘ramagan ham edim.
Ular yoshligidan avtomobil haydab yurgani uchun ishonch hosil qilib, 100 foiz haydashni biladi deb, tayyorlab bergan edim. Qilgan ishimdan afsusdaman", – dedi ayblanuvchi.
Guvohlardan birining aytishicha, imtihon topshirib, yiqilgan 5 nafar shaxs sertifikatlar soxtaligidan bexabar bo‘lgan.
“Haydovchilik guvohnomasi olish maqsadida o‘qishga borib, o‘qidik. Darslar tugaganidan so‘ng, imtihondan o‘ta olmadik. Keyin o‘qituvchimizning oldiga borib, bo‘lgan voqeani tushuntirib, "prava"ni qanday olamiz deb so‘raganimizda, yordam qilib, sertifikat tayyorlab berishdi.
O‘qituvchimiz tanish, yaqin odam edi. Pul berish yoki boshqa narsa berish degan narsa bo‘lgani yo‘q.
Men qalbaki sertifikat qilib berishni taklif qilmaganman, imtihondan o‘tishga yordam so‘raganman, bo‘ldi.
Hujjatlarimni tashlab ketishimni so‘rashdi, qaytib chaqirishgan vaqtda sertifikatlarni berib yuborishgan”, – deydi u.
Sertifikatlar qalbakiligi guvohnoma olish uchun Mirobod tumani, Fayziobod mahallasida joylashgan Toshkent shahar IIBB YHXB xodimlariga taqdim qilinganida aniqlangan.
To‘plangan dalillar, guvohlar ko‘rsatmasi hamda ayblanuvchi iqroriga asosan sud hukmi o‘qildi.
Unga ko‘ra, sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 228-moddasi 2-qismi "b" bandida (qalbakilashtirish) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topilib, unga nisbatan ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yil-u 6 oy muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.
Sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 59-moddasi 8-qismi tartibida tayinlangan jazoga oldingi sud hukmining jazosini qisman qo‘shish bilan axloq tuzatish ishlari jazosi 3 yil etib belgilandi.