O‘zbekistonda bu yilgi qish fasli izg‘irinli kunlar bilan boshlandi. Ana shunday sharoitda mamlakatdagi tibbiyot muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirish uchun Sog‘liqni saqlash vazirligida uzluksiz ish olib boradigan Shtab tashkil etildi.
Ayni paytda mazkur Shtab hududlardagi 1049 ta oilaviy poliklinika, 1080 ta oilaviy shifokor punkti, tuman, viloyat va respublika shifoxonalari, 2733 ta tez tibbiy yordam xizmati brigadalari, ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari hamda tibbiyot oliy o‘quv yurtlari klinikalarining uzluksiz ishlashini muvofiqlashtirib bormoqda.
8 dekabrga o‘tar kechasi Sog‘liqni saqlash vaziri Behzod Musayev boshchiligidagi Shtab mas’ullari Toshkentdagi qator tibbiyot muassasalarining qishki davrdagi faoliyatini o‘rgandi.
«Eng avvalo, har bir bemor nazoratda ekanini o‘zimiz his qilishimiz kerak. Sovuq biz uchun dushman emas. Bunga tayyorgarligimiz bor, shayligimiz bor. Hozir sutka davomida yurtimizdagi barcha shifoxonalar faoliyati monitoring va nazorat qilib borilmoqda», — deya vazirning so‘zlarini keltiradi SSV matbuot xizmati.