“Ular yosh avlodni ilhomlantiradi” - BMT vakili o‘zbekistonlik 17 nafar faol xotin-qizlarni e’tirof etdi

Jamiyat 20:36 / 07.12.2022 10583

O‘zbekiston tarixi davlat muzeyida “Matonatning 17 qiyofasi” nomli ko‘rgazma bo‘lib o‘tdi.

Prezident Administratsiyasi shu’ba mudiri Saida Mirziyoyeva g‘oyasi asosida Mass-media fondi tomonidan tashkil etilgan mazkur ko‘rgazma BMTning barqaror rivojlanish maqsadlarini o‘z faoliyatida aks ettirayotgan o‘zbek ayollariga bag‘ishlangan.

Ko‘rgazma tashabbuskorlari qatorida BMTning Jyenevadagi bo‘limi bosh direktori Tatyana Valova va Shveytsariya ayollarining o‘zaro yordam uyushmasi ham bor. Tatyana Valova ko‘rgazmaning ahamiyati haqida shunday deydi:

“O‘zbekistonda so‘nggi yillarda ijtimoiy va iqtisodiy hayotda xotin-qizlarning mavqeyi va roli sezilarli darajada oshdi. Bunday tendensiya dunyoning barcha davlatlari uchun istisnosiz muhim. Afsuski, butun dunyoda ayollar erkaklar bilan mutlaqo teng huquqlarga ega bo‘lgan birorta davlat yo‘q. Ba’zi mamlakatlarda vaziyat boshqa davlatlardan yaxshiroq, ba’zi mamlakatlarda esa yomonroq.

O‘zbekistondagi holat yaxshi tomonga o‘zgarmoqda, lekin shunga qaramay, biz hammamiz juda qattiq ishlashimiz kerak. Men tez-tez aytaman, biz hali ham erkaklar yaratgan qoidalarga ko‘ra tuzilgan dunyoda yashayapmiz. Biz dunyoni va undagi qoidalarni erkaklar bilan birgalikda yaratishimiz kerak.

BMTning Jyenevadagi bo‘limi bosh direktori Tatyana Valova

Ushbu loyihaning g‘oyasi – barqaror rivojlanish maqsadini amalga oshirishda ayollarning rolini ko‘rsatish. Shuning uchun loyiha “17 harakat yuzi” deb nomlanadi. 17 ayol barqaror rivojlanish maqsadlari sari olg‘a siljishni o‘zida mujassam etgan va ularning har biri bu borada ajoyib muvaffaqiyatlarga erishgan.

Ularning tanlagan maqsadlari – bu inson huquqlarini himoya qilishmi, ayollarni himoya qilishmi, atrof-muhitni muhofaza qilishmi yoki qishloqlarda muvozanatni saqlashmi, har qanday mavzu, nima bo‘lishidan qat’i nazar, ayollarning professional ishlarini ko‘rishimiz mumkin.

Ishonchim komilki, bu ayollarning hayoti butun bir yosh avlodni ilhomlantiradi va ular nafaqat o‘z hayotlarida muvaffaqiyatga erisha olishlarini tushunishadi. Tanlangan kasblari orqali erkaklar bilan teng ravishda bu dunyoni yaxshi tomonga o‘zgartirishadi”.

Ko‘rgazma uchun tibbiyot, qishloq xo‘jaligi, ekologiya, institutsional rivojlanish sohasidagi olimalar, ayollar huquqlari himoyachilari, ayol iqtisodchilar, sportchilar, IT-texnologiyalar sohasidagi mutaxassislar tanlab olingan.

Bu ko‘rgazma shunchaki 17 nafar xotin-qizlarning chiroyli suratlari emas. Ularning har biri o‘z faoliyati bilan stereotiplarga qarshi kurasha olgan. Qahramonlarni tanlashda ularning yoshiga emas, balki faoliyatiga asosiy e’tibor qaratilgan.

Mo‘tabar Xushvaqtova – ekobloger va yosh ona. Ekologiyani asrash bo‘yicha qilgan ishlari e’tirof etilgani uni yanada ko‘proq shijoat bilan ishlashga chorlaganini aytadi:

Ekologiya eng kerakli va birinchi o‘rinda turishi kerak bo‘lgan mavzu. Uning kundan kunga ifloslanishi blogimni yanada faolroq olib borishimga sabab bo‘ldi. Hozir har qachongidan-da ko‘proq ekologik muammolar haqida gapirish kerak. Chunki kelajakka toza yer, toza resurslar qoldirishimiz shart. Bu e’tirofga loyiqmanmi, yo‘qmi bilmayman. Lekin juda ham xursand bo‘ldim. Tadbirni bunday katta miqyosda o‘tadi deb o‘ylamagandim”.

Durdona Bahronova IT sohasi bo‘yicha yaxshigina natijalarga erishib ulgurgan. Nega endi birinchi dasturchi ayol bo‘ladi-yu, uning davomchilari faqat yigitlarni tashkil etishi kerak, deydi yosh mutaxassis:

“Kutmagandim! Butun O‘zbekiston bo‘yicha 17 nafar tanlanganlardan bittasi bo‘lishni kutmagandim. Mendan ko‘ra ko‘proq ishlar qilgan insonlar borligiga ishonaman. Shu o‘rinda bu ishonch meni juda quvontirdi va o‘zimga bo‘lgan ishonchimni oshirdi.

Nima uchun ayollar IT sohasi bilan shug‘ullanishi kerak emas? Bu soha ayol kishi tomonidan yaratilgan bo‘lsa, nega biz uni davom ettirishimiz kerak emas. Jismoniy mehnat talab qilmaydi. Aynan ayollar uchun mos ish. Bu kelajak kasbini imkon qadar ko‘proq qizlar o‘rganishini istayman”.

“Matonatning 17 qiyofasi” loyihasi ushbu ko‘rgazmani 2022-2023 yillar davomida 17 ta mamlakatda amalga oshirishga imkon beradi.

Har bir mamlakat o‘z qadriyatlari va madaniyatining eng yorqin vakillari bo‘lgan va 17 barqaror rivojlanish maqsadlari bilan mos ravishda tanlab olinadigan 17 nafar ayolni taqdim etadi va uning fotosuratlarini tayyorlaydi.

Bu milliy ko‘rgazmalar o‘tkazilganidan so‘ng, ularning barchasi 2023 yilda BMTning Jyenevadagi vakolatxonasida o‘tkaziladigan qo‘shma ko‘rgazma uchun yig‘iladi.

Ko‘proq yangiliklar: