Oiladagi zo‘ravonlikni rosmana jinoyat deb baholash vaqti keldi - Saida Mirziyoyeva

Jamiyat 15:22 / 07.12.2022 26451

25 noyabrdan 10 dekabrgacha O‘zbekistonda gender zo‘ravonlikka qarshi 16 kunlik kampaniya bo‘lib o‘tmoqda. Kampaniya doirasida 6 dekabr kuni Toshkentda Zo‘ravonlikka qarshi kurashni institutlashtirish mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Konferensiyada so‘z olgan Prezident administratsiyasi shu’ba mudiri Saida Mirziyoyeva oxirgi yillarda ko‘plab ishlar qilinganiga qaramay, gender zo‘ravonlik borasida biror arzigulik o‘zgarish yo‘qligini aytdi.

“Yangi lavozimga kelishim bilanoq, avvalo, xotin-qizlar huquqlarini himoya qilishga oid qonunchilikni o‘rgana boshladim. Barcha qonunlarimiz tenglikka asoslangan. Lekin biz zo‘ravonlikka nisbatan juda sabrlimiz. Menimcha, endilikda zo‘ravonlikning har qanday ko‘rinishiga ayollargina emas, birinchi navbatda davlatning o‘zi qarshi ekanligiga urg‘u berishimiz lozim. Oiladagi zo‘ravonlik faqat bir oilaning ichki ishi emas, bu muammo va mas’uliyat butun jamiyatga tegishlidir.

Ayol o‘z dardi bilan yolg‘iz qolib ketmasligi kerak. Voyaga yetmaganlar bilan jinsiy aloqa qilganlik uchun jazo choralarini kuchaytirish zarur. Bu borada bolalar va o‘smirlarni himoya qilishning aniq va qat’iy mexanizmlarini ishlab chiqish lozim. Oiladagi zo‘ravonlikni rosmana jinoyat deb baholash vaqti keldi.

Zo‘ravonlikka qarshi kurashning barcha bosqichlarida to‘laqonli ishlaydigan mexanizm yaratish zarur. Bu esa hamma tegishli idora hamda vazirliklar, shuningdek, nodavlat sektor va OAVning birgalikdagi faoliyatini talab etadi”, – dedi Saida Mirziyoyeva.

Senat raisi Tanzila Norboyeva o‘z nutqdia Birlashgan Millatlar Tashkiloti hisobotlaridagi ayanchli raqamlarni keltirib o‘tdi.

Unga ko‘ra, bugungi kunda dunyodagi ayollarning har uchinchisi gender zo‘ravonlikka uchraydi va bu ko‘rsatkich so‘nggi 10 yil davomida o‘zgargani yo‘q. Achinarlisi, har soatda 5 nafardan ziyod ayol yoki qiz o‘z oila a’zolarining zo‘ravonligi oqibatida hayotdan ko‘z yummoqda.

Norboyeva zo‘ravonlikka qarshi kurashda jurnalistlarning hissasi katta ekanini qayd etdi.

“Tegishli salbiy holatlarni yuzaga chiqaradigan va bizning e’tiborimizni jalb qila oladigan birinchi manba, albatta, OAV hisoblanadi. Joylardagi o‘rganishlardan, shu jumladan, jurnalistlar va blogerlarimiz ko‘targan muammolardan kelib chiqib, qabul qilingan qonunlarimiz chuqur tanqidiy ravishda tahlil qilib chiqildi. Va ularning ayrim jihatlari haqiqatan ham takomillashtirilishi kerakligi ta’kidlandi. Bu maqsadda Senatimiz huzurida tegishli ishchi guruh shakllantirildi. Mazkur guruh tomonidan sohaga oid qonun loyihalari tayyorlandi. Yaqin kunlarda ushbu hujjatlarni ko‘rib chiqish jarayoni boshlandi”, – dedi u.

Senat raisining qo‘shimcha qilishicha, bu masalada ta’limning ham o‘rni katta bo‘lib, uning barcha bosqichlarida – bog‘chadan boshlab to oliy ta’limgacha o‘quv jarayonida gender tengligi, zo‘ravonlikka murosasizlik va barqaror rivojlanish maqsadlarining boshqa yo‘nalishlarini o‘rgatib borish zarur.

Ko‘proq yangiliklar: