Kuzgi mavsumning beshinchi o‘yinida Nodira Turg‘unova jamoasi ishtirok etadi.
Jamoa a’zolari (chapdan o‘ngga):
Nodira Bahromova - O‘zbekiston Milliy universiteti magistranti;
Nazokat Abdusaitova - Toshkent davlat pedagogika universiteti talabasi;
Nodira Turg‘unova - Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti magistranti (jamoa sardori);
Maysara Ochilova - Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi mutaxassisi;
Madina Mirzarahmatova - O‘zbekiston Milliy universiteti talabasi;
Muazzam Shoumarova - menejyer.
Mazkur o‘yin kuzgi mavsumning so‘nggi o‘yini bo‘lib, mavsum finalchisining nomiga aniqlik kiritib beradi. O‘tgan o‘yinda Jobir Ahmedov jamoasi 6:0 hisobida g‘alabaga erishgani sababli qizlarga ham faqatgina 6:0 hisobi finalga chiqishga yordam beradi. Bu esa qizlarga bosim yuklashi mumkin.
1-raundda qadimgi Misrda yasalgan haykalcha haqida savol o‘ynaldi. Bir qo‘li boshida, bir qo‘li ko‘ksida turgan haykalcha qadimda mavjud bo‘lgan qaysi kasb vakillarini aks ettiradi, degan savolga jamoa noto‘g‘ri javob berdi va o‘yin hisobi tomoshabinlar foydasiga ochildi – 0:1.
2-raundda jamoaga blits savollari tushdi. Blitsning birinchi savolida tilimizda asl ma’nosi “Jahannamning tubi” degan ma’noni bersa-da, hayajonga berilganimizda ishlatiladigan bir so‘z haqida bo‘ldi. Afsuski, jamoa blitsning birinchi savolidayoq qoqildi va hisob 0:2 ga aylandi.
Keyingi raund savoli Norvegiyadagi bir firma nega baliqchilar uchun ataylab odatdagidan ancha kichik gugurt qutilari ishlab chiqishi haqida bo‘ldi. Jamoa bu savolga ham javob topa olmadi va yutqazayotgani tufayli klub yordami olishga majbur bo‘ldi. Hisob – 1:2.
To‘rtinchi raundda qadimda makkaliklar nega go‘daklarini badaviy ayollarga ma’lum muddatga berib yuborgan, degan savolga, afsuski, jamoa to‘g‘ri javob topa olmadi. Hisob – 1:3.
5-raundga kelib ham vaziyat o‘nglanavermadi. Usmonli turklar davrida sulton oilasiga yaqin shaxslarga o‘rnatilgan turli qabrtoshlar haqidagi savolning javobiga jamoa biroz yaqinlashgan bo‘lsa-da, baribir to‘g‘ri variantga yetib borilmadi. Hisob – 1:4.
Navbatdagi raundda Kuvaytdagi suvni chuchuklashtirib beruvchi g‘aroyib minoralar haqida savol tushdi. Biroq bu savol ham jamoa uchun biroz noqulay bo‘lib chiqdi va natijada o‘yin hisobi “jar yoqasiga kelib qoldi” – 1:5.
Finalga chiqish umidida o‘yinga tushgan jamoada hamon imkoniyat saqlanib qolayotgan bo‘lsa-da, jamoa ko‘rsatayotgan o‘yin bilan finalga chiqishning iloji yo‘q edi.
7-raund savoli XIX asrda Angliyada ayollar orasida keng yubka va xonadonlardagi bir narsaning keng urfga kirgani tufayli ayollarning bevaqt o‘limi keng avj olgani haqida bo‘ldi. Afsuski, har qancha harakat qilmasin, qizlar jamoasi bu savolga ham to‘g‘ri javob topa olmadi va o‘yin yirik hisob bilan yakunlandi – 1:6.
Bunday yirik hisobdagi mag‘lubiyatga qaramay, jamoa teleo‘yinlardagi ishtirokini davom ettiradigan bo‘ldi. Chunki mavsumning uchinchi o‘yinida Bobur Yoqubov jamoasi ham xuddi shu hisobda mag‘lub bo‘lgandi. Qoidaga ko‘ra, bir xil hisoblar qayd etilganda, keyingi bo‘lib o‘ynagan jamoaga ustunlik beriladi.
Shuningdek, qizlarning bu mag‘lubiyati mavsum finalida Jobir Ahmedov jamoasi ishtirok etishini oydinlashtirdi.
O‘yin stenogrammasi bilan quyida tanishib chiqishingiz mumkin.
1-raund. Savol muallifi — Nurbek Saidmurodov, Toshkent shahri
Boshlovchi: Diqqat, e’tiboringizni ekranga qarating.
Ushbu suratda dastlab qadimgi Misrda paydo bo‘lgan bir kasb egalariga o‘rnatilgan haykalcha tasvirlangan. Bu haykal o‘z ishining ustalariga bag‘ishlab yasalgan.
Diqqat savol: Bu kasb egalari nima ish bilan shug‘ullanishgan?
Javobni Madina Mirzarahmatova beradi: Shifokorlar
To‘g‘ri javob: Bu kasb dastlab Misrda paydo bo‘lgan, boshida bu kasb egalari hurmatga sazovor kishilar bo‘lishgan, chunki nufuz belgilashda ularga ko‘p narsa bog‘liq bo‘lgan. Bu kasb bugun Sharqda ham, G‘arbda ham deyarli yo‘qolib ketgan. Odamlar ularning o‘z ishlarini yolg‘ondan qilayotganini bilib tursa-da ularga haq to‘lagan. Ular dafn marosimlarida yig‘lab beruvchi kishilar bo‘lgan.
Hisob: 0-1
Savol muallifi Nurbek Saidmurodov 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.
2-raund. Blits savollari. Savollar muallifi — Mavlon Oqilov, Ishtixon tumani
Boshlovchi:
1-Savol:
Hayotimizda shunday bir so‘z uchraydiki, uning ma’nosini tushunmasdan ishlataveramiz. Bu so‘z juda ehtirosga berilganimizda, o‘ta hayajonga tushganimizda bexosdan izhor qilinadi. Chunki u so‘z asli “jahannamning eng tubi” degan ma’noni bildiradi.
Diqqat savol: U qaysi so‘z?
Javobni Madina Mirzarahmatova beradi: “Voy-dod” so‘zi.
To‘g‘ri javob: Dahshat
Hisob: 0-2
Savol muallifi Mavlon Oqilov 2 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.
3-raund. Savol muallifi - G‘anisher Hasanov, Paxtachi tumani
Boshlovchi: Baliqchilar haqidagi ko‘rsatuvda Norvegiyadagi bir firma baliqchilar uchun ataylab kichkinagina gugurt qutilari ishlab chiqarayotgani ma’lumot tariqasida berilgan. Albatta, olov yoqish uchun va yana bir sabab tufayli.
Diqqat savol: Baliqchilar nega bu mitti qutilarni ovga olib ketadi?
Jamoa klub yordamidan foydalandi
Javobni Nodira Rahmonova beradi: Baliqchilar turli hajmdagi baliqlarni ovlashgan. U o‘zining o‘ljasi qanchalik kattaligini ko‘rsatish uchun gugurt qutisi yonida rasmga tushishgan.
Jamoa to‘g‘ri javob berdi.
Hisob: 1-2
Bilimdonlar jamoasi 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.
4-raund. Savollar muallifi - Muhammaddiyor Mirzabahromov, Paxtaobod tumani
Boshlovchi: Alixonto‘ra Sog‘uniyning “Tarixi Muhammadiy” asarida Makka shahrida tug‘ilgan chaqaloqlarni ulg‘ayib katta bo‘lguncha sahrodagi badaviy ayollarga berib yuborishlari yozilgan. Buning ayrim sabablari bo‘lgan. Ayrim sabablaridan biri, sahroda o‘sgan bola sog‘lom, baquvvat bo‘lib o‘sgan. Go‘dakni boshqa begona ayolga berib yuborishning asosiy sababi bu bo‘lmagan.
Diqqat savol: Qanday asosiy sabab tufayli bolalar badaviylarga berib yuborilgan?
Javobni Nodira Rahmonova beradi: Bolaligidan boshqa qabila tillarini o‘rganish uchun yuborilgan.
To‘g‘ri javob: Makka azaldan ziyoratgoh shahar. U yerga dunyoning turli chekkalaridan ziyoratchilar kelishgan. Ular o‘zlari bilan turli kasalliklarni olib kelishgan. Yuqumli kasallik tarqalsa, eng birinchi immuniteti zaif bo‘lgan bolalar kasallanishgan, shuning uchun sahroga berib yuborishgan.
Hisob: 1-3
Savol muallifi Muhammaddiyor Mirzabahromov 3 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.
5-raund. Savol muallifi — Bobur Obidov, Yangihayot tumani
Boshlovchi: Sizlarga Turkiyada mavjud bo‘lgan qabrtoshlar suratini ko‘rsatamiz.
Istanbul shahridagi sulton Sulaymon masjidi yonida sulton oilasi va davlat a’yonlari, sarkardalar dafn etilgan maxsus qabriston bor. Undagi qabrlar ustiga qo‘yilgan qabrtoshlar ma’lum ma’noni anglatadi.
Bu sallali qabrtosh ostida sultonlikning eng mashhur din arbobi - Shayx ul-islom dafn etilgan.
Ikkinchi suratdagi bu kichik qabrtoshlar sulton avlodining bolaligidanoq dafn etilgan o‘g‘il-qizlariga bag‘ishlangan.
Uchinchi suratni ham ko‘ring. Bu suratda sulton avlodidan bo‘lgan ayollarga bag‘ishlangan qabrtoshlar tasvirlangan.
To‘rtinchi suratni ham ko‘ramiz.
Mazkur qabrtoshlar aniq kimlargadir o‘rnatilgan.
Diqqat savol: Kimlarga o‘rnatilgan?
Javobni Nodira Turg‘unova beradi: Sulaymon oilasidagi yosh kelin-kuyovlar vafot etganiga bag‘ishlab barpo etilgan.
To‘g‘ri javob: Bu suratdagi qabr toshlar kelin yoping‘ichi. Qabrtoshlar balog‘at yoshiga yetgan, ammo turmush qurmay vafot etgan qizlarga bag‘ishlangan.
Hisob: 1-4
Savol muallifi Bobur Obidov 4 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.
6-raund. Savol muallifi — To‘lqin Abduraimov, Toshkent shahri
Boshlovchi: Diqqat, e’tiboringizni ekranga qarating.
Bu Kuvaytda chuchuk suv manbalari deyarli yo‘qligidan dalolat. Suratda tasvirlangan uch minoraning vazifasi dengiz suvini chuchuklashtirib berishdir. Inshootdagi chiroyli ikkita yo‘g‘on minora suvni tozalaydi.
Diqqat savol: Uchinchi ingichka minora nima uchun barpo etilgan?
Javobni Maysara Ochilova beradi: Suvni olib berish vazifasini bajaradi.
To‘g‘ri javob: Ikki minora suvni ishlab beradi. Ularning ishlashi uchun tok kerak bo‘ladi. Uchinchi minora elektr jihozlari uchun qurilgan.
Hisob: 1-5
Savol muallifi To‘lqin Abduraimov 5 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.
7-raund. Savol muallifi — Umidgul G‘afforova, Chimboy.
Boshlovchi: XIX asr birinchi yarmi, Angliya. Aynan shu vaqtga kelib ayollar uchun keng yubkalar urfga kiradi. Shu vaqtda ingliz xonadonlarida yana bir yangilik paydo bo‘ladiki, buning natijasida ayollar orasida, uy bekalari orasida bevaqt o‘limlar sodir bo‘la boshladi.
Diqqat savol: Yana qanday yangilik ingliz xonadonlariga kirib keldiki, keng yubka kiygan ayollar bilan salbiy holatlar sodir bo‘la boshlagan?
Javobni Nodira Turg‘unova beradi: Bu yangilik kaminlardagi yoqilg‘i
To‘g‘ri javob: Ayollar keng yubkalarni krinolin degan matodan tikishgan. Bu mato yengil tez yonuvchan mato bo‘lgan. Ikkinchi urf bo‘lgan narsa - sham edi.
Hisob: 1-6
Savol muallifi Umidgul G‘afforova 6 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.
Eng yaxshi savol muallifi - Muhammaddiyor Mirzabahromov.
U bolalarni badaviylarga berib yuborish haqidagi savoli uchun 5 mln so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.
O‘yinning eng faol bilimdoni - Madina Mirzarahmatova.
Madina Mirzarahmatova 5 mln so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.
Quyida o‘yinning to‘liq videosini tomosha qilishingiz mumkin: