«Hanuz o‘zimni kechira olmayman» – qaynonasining majburlovi bilan bolasini abort qilgan ayolning nadomatlari (Hayotiy hikoya)

Jamiyat 15:50 / 04.12.2022 32580

Yaqinda elektron pochtamga bir ayoldan maktub keldi. Unda ayol turmushga chiqqanidan so‘ng duch kelgan og‘ir bir sinov haqida yozibdi. Ayolning maktubi meni o‘yga toldirdi.

Nazarimda bugun aksariyat ayollar turmushning, ro‘zg‘orning og‘ir yuki ostida yashamoqda. Bu ham kamlik qilganday ularning ayrimlari qaynonalarning zug‘umlariga ham chidab yashashga majbur bo‘lyapti.

Gap qaynona-kelin munosabatlari, qaynonaning kelinga o‘tkazgan zug‘umi haqida ketar ekan, bir savolga javob topolmayman. Nega ayrim ayollar yosh kelinlik paytida qaynonasidan zug‘um ko‘rgan holda o‘zi ham qaynona bo‘lganida keliniga zug‘um o‘tkazadi, zolim qaynonaga aylanadi?

Aksariyat hollarda qaynona va kelin o‘rtasida mojaro sodir bo‘lsa asosan kelin ayblanadi. «Katta hech qachon yomon bo‘l deb urishmaydi. Ikki og‘iz tanbehga shunaqa qiladimi? Yosh og‘irroq bo‘lishi, kattalarga hurmat ko‘rsatishi kerak» degan gaplar gapiriladi. Ammo «katta»da ham «ikki qamchilik ayb» bo‘lsa-chi?!

Qo‘yida berilayotgan maktubda ayol qaynonasining majburlovi bilan qilgan ishi, hayotida og‘ir iz qoldirgan hodisa haqida hikoya qiladi.

«Oilada eng katta farzand edim. Maktabni bitirmasimdanoq sovchilar so‘rab kela boshladi. 11-sinfda ekanimda ota-onam qishlog‘imizdagi bir oiladan kelgan sovchilarga rozilik bildirdi va fotiha qilib qo‘yishdi.

Maktabni bitirganimdan so‘ng to‘yimiz bo‘ldi. Besh-oltinchi sinfda o‘qib yurganimdayoq uy-ro‘zg‘or ishlarini qila boshlaganman. Turmushga chiqqan paytimda onamning qo‘llaridan barcha yumushlarni olgandim. Shu sababli kelin bo‘lib borgach, bu tarafdan uncha qiynalmadim. Ammo ...

Bir qishloqda yashab ham qaysidir oilaning ichiga kirib bormaguncha kelin bo‘lib tushayotgan oilang haqida hech narsa bilmas ekansan. Yoki haqiqiy holat bilganlaringdan boshqacha bo‘lib chiqar ekan.

Men kelin bo‘lib tushgan xonadon haqida qishloqda faqat yaxshi gap eshitganmiz. Ma’rakalarda qaynonam «men falon mullaning nabirasiman» deb ayollarga gap bermas, hamma uni taqvodor, Xudodan qo‘rqadigan yaxshi ayol deb bilardi.

Maqtalgan oilaga kelin bo‘lib tushgach bildimki, qaynonamning barcha gaplari, qilayotgan nimadir yaxshi ishlari odamlarning ko‘zi uchun qilinar, oilada tamoman uning aksi edi.

Uning bu xarakterini kelin bo‘lgan kunimning ertasigayoq bildim. Qishloq joylarida ro‘zg‘ordan uncha ko‘p chiqindi chiqmaydi. Po‘choqlar molga beriladi, xazonlar ko‘miladi. Hovli supurganda to‘planadigan ozgina tuproq tomorqaga tashlanadi.

Gohida mollarga berib yoki ko‘mib bo‘lmaydigan chiqindilar ham chiqadi. Ota hovlimda unday chiqindilarni qopga solib yig‘ardik va chiqindi yig‘adigan mashina kelganda berib yuborardik.

To‘yning ertasi vaqtli turib hovlilarni supurdim. To‘y tufayli hamma yoqda plastik va qog‘oz idishlar, yana boshqa narsalar bor edi. Ularni qopga sola boshladim.

Birozdan keyin qaynonam turib keldi qoplarni ko‘rib, ularga nima solganimni so‘radi. Unga chiqindilarni solganimni, chiqindi yig‘adigan mashina kelsa berib yuborishimizni aytdim.

Shu payt qaynonamning qoshi chimirildi. So‘ng bunday chiqindilarni uyimizdan sal naridan o‘tgan soyga olib borib tashlashimni buyurdi. O‘sha paytda unga hech narsa deya olmadim.

Keyinroq ancha kunlar o‘tganidan so‘ng chiqindilarni soyga tashlashga ko‘nglim bo‘lmay bitta qopga yig‘averdim. Qaynonam ko‘zdan panada turgan qopni ko‘rib qolibdi. «Sizga nima devdim?» deb yana qoshi chimirildi.

Unga chiqindilarni soyga tashlasam sel ularni boshqalarning uyi oldiga oqizib borishini, bu ish to‘g‘ri bo‘lmasligini aytdim. Chiqindilarni qopga yig‘averish uchun ruxsat so‘radim.

Shunda u menga «Siz hali menga nima to‘g‘ri-yu, nima noto‘g‘ri ekanini o‘rgatadigan bo‘ldingizmi?» deb o‘dag‘aylab berdi. Shundan so‘ng bu mavzuda boshqa gap ochmadim.

Qaynonamning boshqa ishlari ham shu yo‘sinda edi. Uch-to‘rtta xotinning o‘rtasiga tushib qolsa halol va haromdan dars berar, ammo o‘rni kelganda o‘zi gapirgan gaplariga amal qilmasdi. Bunday holat ikkiyuzlamachilikni mutlaqo hazm qila olmaydigan menga og‘ir botardi.

Oilada to‘liq qaynonam hukmron edi. Bechora qaynotam qaynonamga og‘iz ocholmasdi. Ammo bu holatni begonalarga bildirishmasdi. Mabodo kimdir mehmon bo‘lib kelganda qaynonam o‘zini eriga itoat etuvchi, oqila va soliha ayol qilib ko‘rsatar edi.

Mehmonlar ketgach ularning oldida nimadir deb qo‘ygan qaynotamga hatto bizning oldimizda ham yomon dakki berardi.

Men kelin bo‘lib tushganimdan so‘ng biroz o‘tib qaynotam vafot etdi. Bechora barcha dardini ichiga yutib yurgan ekan, qaynonamning navbatdagi «tanbehi»dan so‘ng mazasi qochdi. Yurak xurujiga uchrab o‘nglanmadi va vafot etdi. Shundan so‘ng qaynonamning xarakteri yanada og‘irlashdi.

Qaynonamning qosh-qovog‘iga qarab yashar ekanman, menga faqat bir narsa taskin berardi. Ikki-uch yil sabr qilsam qaynimni uylantirishadi va bizni alohida qilib chiqarishadi.

O‘sha kun keldi, qaynimni uylantirishdi. Keyin qishloq chetidagi yerimizdan bizga uy tiklashdi. Amal-taqal qilib ko‘chib chiqdik. Ammo qaynonamning zug‘umlaridan baribir qutulmadim.

Qaynonam biznikiga har kun kelardi. Mayli, bosh ustiga, kelaversin. Mehmon bo‘lib ketadi. Ammo u mehmon bo‘lib ketgani emas, menga zug‘um qilgani kelardi. Bunga sabab esa...

Qaynim qishloqning o‘ziga to‘q boylaridan birining qiziga uylangandi. Qaynonam ovsinimga ham menga qilgan zug‘umlarini qilmoqchi bo‘lganida u «yaxshigina» javob qaytardi. Shu-shu qaynonam ovsinimga og‘iz ocholmay qoldi.

Biz alohida bo‘lib chiqqanimizdan keyin ham ovsinimga oshiqcha gapira olmaydigan qaynonam biznikiga kelib, menga zug‘um o‘tkazishda davom etdi.

Men ancha sabrliman. Qaynonamning zug‘umlariga, alohida bo‘lganimizdan keyin ham kelib ro‘zg‘orimizga egalik qilishga urinishiga e’tiroz bildirmadim. Garchi uning ishlaridan norozi bo‘lsam-da buni sirtimga chiqarmay, xo‘p deb ketaverdim. Ota-onamga ham uncha aytmasdim.

O‘sha paytlarda erim usta amakisiga yordamchi sifatida ishlardi. Buyurtma tushmaganda mardikorlik qilib, ro‘zg‘or tebratardi. Men to‘n tikardim. Hovlimizda uzumzor bog‘imiz bor, kuzda undan olinadigan hosil kamimizga yarardi.

Turmush qurganimga besh yil bo‘lganda ikki nafar – qiz va o‘g‘il farzandimiz bor edi. Shu orada men yana homilador bo‘ldim. Homilador bo‘lganimni eshitgan kuniyoq qaynonam yetib keldi.

U mendan bolani oldirib tashlashimni talab qildi. Tabiiyki, ko‘nmadim. Shundan so‘ng qaynonam har kun ertalab kelib bolani oldirishim haqida gapiradigan bo‘ldi.

«Qarang, o‘g‘lim bechora sizlarni boqaman deb mardikorlik qilib yuribdi. Siz esa belingiz og‘rimay non yeyapsiz. Ikkita bolangiz bor, yetadi shular. Agar hadeb tug‘aversangiz bir umr kambag‘allikdan boshlaring chiqmay o‘tib ketasizlar. Shu uchun bolani oldirasiz. Oldirmaganingizga qo‘ymayman», derdi u.

Uning gaplari jon-jonimdan o‘tib ketsa ham eshitmaganlikka olardim. Bu esa unga yoqmas va ovozini yanada balandroq ko‘tarardi. O‘zimcha yana bir-ikki kun gapiradi va bu mavzu yopiladi deb o‘ylovdim. Ammo yopilmadi.

Ana shunday kunlardan birida qaynonam ertalab biznikiga kelib jo‘nashimni, kasalxonaga bolani oldirishga borishimizni aytdi. Unga men bunday qilmasligimni bildirdim.

Shunda u oldimda ikkita yo‘l borligini aytdi:

«Yo hozir men bilan borib bolani oldirasiz yoki ikkita bolangizni olib, hoziroq uydan chiqib ketasiz. Men o‘g‘limni boshqa qizga uylantiraman»

Qaynonam hazillashmayotgandi. Agar o‘sha paytda bolalarimni olib uydan chiqib ketsam u erimni uylantirishdan ham qaytmasdi. Taqdir sinovlari oldida chorasiz qoldim va ko‘zimda yosh bilan qaynonamning oldiga tushib kasalxonaga jo‘nadim.

Kasalxonada nima bo‘ldi, eslay olmayman. Xayolim o‘zimda emasdi. Uyga kelgach bir necha kun dunyo ko‘zimga qorong‘i bo‘lib o‘rnimdan turmay yotdim. Qaynonam kelganda basharasiga qaragim kelmasdi. Ota-onam ana shunda qaynonamning qilgan ishidan xabar topishdi.

Onamning qaynonamga gapirmagan gapi qolmadi. Ammo u pinagini ham buzmasdi va menga avvalroq gapirgan gapini ushlab olgandi:

«O‘g‘lim bechora bularni boqyapman deb og‘ir ishlarda ishlab, mardikorlik qilib yuribdi. Bularga hozircha ikkita bola yetadi. Shu yog‘ini eplab boqsin. Sal ulg‘aysa yana bola ko‘raveradi».

Onam qaynonamga homila ham tirik jonligini, uni oldirib tashlash qotillik ekanini va bu og‘ir gunoh bo‘lishini tushuntira olmadi.

O‘shandan keyin biroz o‘tib qaynonam ikkinchi qaynimni uylantirdi va yangi kelinga zug‘um o‘tkazish bilan band bo‘lib, biznikiga kamroq keladigan bo‘ldi. Mening ham ko‘nglim qolib ketgani uchun uni ko‘rishga ancha-munchada bormaydigan bo‘ldim.

Kunlardan bir kun nima bo‘lsa ham qaynonam, birrovga ko‘rib kelay deb yo‘lga chiqdim. Qaynonamning hovlisiga yaqinlashganimda uning baland ovozi eshitildi:

«Hoy kelin, tez bo‘ling. Mana bu chiqindilarni soyga olib borib tashlang. Sel kelsa o‘zi oqib ketadi».

Uning bu gaplarini eshitib kelin bo‘lib tushgan paytlarimda menga ham shu ish buyurgani esimga tushdi. «Bukrini go‘r tuzatarkan-da» deb o‘yladim.

Bir kelib men ham o‘g‘limni uylantiraman. O‘shanda Xudo xohlasa kelinimni kaftimda ko‘tarib yuraman. U hech qachon meni deb siqilmaydi va ko‘zyosh to‘kmaydi».

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: