IIV mulozimlari 15 yoshli qo‘qonlik o‘smirning o‘limi nima uchun 2 kun sir saqlangani haqidagi savolga javob bera olmadi

Jamiyat 17:20 / 03.12.2022 31384

O‘g‘rilik qilgani ortidan 16 oktabr kuni qo‘lga olinib, tuman IIB boshlig‘i qaroriga asosan Qo‘qon shahridagi Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markaziga joylashtirilgan 15 yashar o‘smirning o‘limi ikki kun davomida sir saqlangan, bolaning yaqinlariga fojia haqida 18 oktyabr kuni o‘likxonadagi tanishlari orqali bilishgan.

Bungacha Qo‘qon shahridagi IIB xodimlari Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markaziga borgan o‘smirning onasiga o‘g‘li uxlayotganini aytib, qaytarib yuborishgan, bu vaqtda uning joni uzilib bo‘lgandi.

1 dekabr kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Kun.uz muxbiri Abror Zohidov mutasaddilardan 15 yashar o‘smirning IIB binosidagi o‘limi nima uchun ikki kun davomida sir saqlangani bo‘yicha izoh so‘radi.

Kun.uz muxbiri Abror Zohidov / Foto: AOKA

“Haqiqatan ham Farg‘ona voqeasi ancha shov-shuvga sabab bo‘ldi. Chindan ham xodimlar e’tiborsizlikka yo‘l qo‘yishgan. Shu voqeada bevosita aybdor bo‘lgan ikki xodimimiz ichki ishlar organlaridan bo‘shatildi, rahbari lavozimidan ozod etildi,yetti nafar xodim jazolandi. Ko‘pchilik qo‘l ostidagi xodimlarning nazoratida sustkashlik qilgani uchun jazolandi.

Xodimlar e’tiborsizlik qilgani rost. Bu yerda ular jinoyat qilgan deb aytish noto‘g‘ri bo‘lar. Xizmat tekshiruvi natijalari bo‘yicha barcha hujjatlar prokuraturaga berilgan. Prokuratura holatni o‘rganib bo‘lsa, o‘rganish yakuni ommaga e’lon qilinadi”, deya IIV departament boshlig‘i o‘rinbosari Hamza Maxsumovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

IIV departament boshlig‘i o‘rinbosari Hamza Maxsumov / Foto: AOKA

Jurnalist nima uchun ishdan olingan yoki boshqacha tartibda javobgarlikka tortilgan xodimlarning ism-sharifi jamoatchilikka oshkor qilinmayotgani bilan qiziqqan. IIV axborot xizmati rahbari Shoxruh G‘iyosov javobgarlikka tortilgan xodimlarning shaxsini ochiqlagan.

 “O‘sha paytda bu narsani aytmaganimiz, to‘liq ma’lumot bermaganimiz bizning kamchiligimiz. Bola o‘sha kuni markazga joylashtirilgan. Janjal sodir bo‘lgan joy – yotoqxonada kamera bo‘lmaydi. Navbatchilar bolalarning o‘zaro mushtlashganini nazorat qilmagan. Shuning uchun shu kuni navbatchilikda turgan Egamnazarov Elyorjon, Otajonov Nodirbek birinchi navbatda ichki ishlar organlaridan bo‘shatildi va prokuratura organlari ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atdi.

Bundan tashqari, nazoratni to‘g‘ri yo‘lga qo‘ymaganligi uchun aynan shu markazning boshlig‘i, shuningdek, Farg‘ona viloyati IIB HPB boshlig‘i podpolkovnik Metinov xizmat faoliyatida yo‘l qo‘ygan kamchiligi uchun egallab turgan lavozimidan ozod etildi. Aybdor bo‘lgan xodimlarni hech kim ayab o‘tirmaydi. Ularga nisbatan chora ko‘rilgan.

Shu bilan birga, xodimlar bilan ishni to‘g‘ri olib bormagani uchun viloyat huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmati boshlig‘i O‘rinboyev Otabek, Jamoat xavfsizlik xizmati boshlig‘i O‘sarov Farruxga hayfsan berildi. Markazda ishlaydigan, ro‘y bergan holatga aloqasi bo‘lmagan tarbiyachilar Egamnazarov Sarvar, Yaqubov Iqboljon, Norqo‘ziyev Ma’murjon, Ortiqov Nodirjon kelgusida shunday kamchiliklarga yo‘l qo‘ymasligi uchun navbatdan tashqari attestatsiyaga qo‘yildi. Bu orqali ularning ish faoliyatiga loyiq yoki noloyiqligi tekshiriladi.

Qo‘qondagi voqeadan keyin butun respublikadagi 14 ta Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazida tekshiruv o‘tkazildi”, deydi G‘iyosov.

IIV axborot xizmati rahbari Shoxruh G‘iyosov / Foto: AOKA

Rasmiylar marhum markazdagi sakkiz nafar bola bilan sodir bo‘lgan mushtlashuv oqibatida o‘lganini aytishmoqda. Biroq bolaning yaqinlari bunga ishonishmayapti. Kun.uz surishtiruvi davomida yigitchaning o‘limi ancha vaqt uning yaqinlaridan sir tutilgani ma’lum bo‘lgandi.

Mash’um hodisa shov-shuv bo‘lishi ortidan markaz xodimlariga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlangan edi.

Ma’lum bo‘lishicha, Ichki ishlar vazirligi tomonidan o‘tkazilgan xizmat tekshiruvi yakuni bo‘yicha Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazi boshlig‘i egallab turgan lavozimidan ozod etilgan.

Shuningdek, xizmat faoliyatida yo‘l qo‘ygan kamchiliklari uchun 3 nafar xodimga “hayfsan” berilgan. 4 nafar xodimning esa lavozimiga loyiq yoki noloyiqligini aniqlash maqsadida navbatdan tashqari attestatsiyadan o‘tkazilishi belgilangan.

O‘lim yuz bergan kunda navbatchilik qilgan 2 nafar ichki ishlar organi xodimi tarbiyalanuvchilarni nazoratsiz qoldirib, janjalning oldini olmagani uchun vazifasidan chetlatilgani hamda ularga nisbatan to‘plangan hujjatlar qonuniy chora ko‘rish uchun viloyat prokuraturasiga taqdim qilingandi.

O‘zbekiston bosh prokurorining matbuot kotibi Hayot Shamsuddinovning Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, bugungi kunda mazkur jinoyat ishi doirasida 4 kishi qamoqqa olingan. Shundan ikki nafari yaqinda ishdan bo‘shatilgan ichki ishlar xodimlaridir. Mazkur xodimlar zimmasidagi vazifasiga sovuqqonlik bilan qarab, majburiyatlariga loqaydlik va vijdonsizlarcha munosabatda bo‘lgani tufayli 15 yashar o‘smirning o‘limiga sababchi bo‘lishda gumonlanmoqda.

Farg‘onalik bloger Olimjon Haydarovga ko‘ra, bola vafot etgan tunda navbatchilik qilgan xodimlardan biri Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazi boshlig‘ining qaynog‘asi, shu bois mas’ullar ishlarni “bosdi-bosdi” qilish payida bo‘lishgan.

Hayot Shamsuddinov Kun.uz muxbirining savoliga javoban IIB tizimida kim kimga qarindoshligi bo‘yicha ma’lumotga ega emasligi va bu narsaning ishga aloqasi yo‘qligini bildirdi.

Ko‘proq yangiliklar: