Yildan yilga fuqarolarning chet elga chiqish ko‘rsatkichi oshib bormoqda. Kimdir ish, kimdir dam olish, yana kimdir ziyorat maqsadlarni ko‘zlab, xorijiy davlatlarga yo‘l oladi.
Ayniqsa, Umra amallarini bajarishda xususiy turfirmalar ham o‘z xizmatlarini ko‘rsatayotgani fuqarolar uchun yanada kengroq imkoniyatlar eshigini ochgani rost. Bularning barchasi yaxshi albatta. Ammo masalaning ikkinchi, biroz xavotirli tomoni ham bor.
So‘nggi yillarda meningitga tez tarqaluvchi kasallik sifatida qaralib, bunga qarshi tizimli emlash ishlari tashkil qilib kelingan. Jumladan Haj va Umra ziyoratlarini ado etishga otlangan har bir o‘zbekistonlik bu vaksinani qabul qilgan. Ammo oxirgi vaqtlarda bu vaksinani qabul qilish masalasi e’tibordan deyarli qolib ketdi.
Xavotir
Meningit — o‘ta yuqumli kasallik bo‘lib, bosh va orqa miya pardalarining o‘tkir yallig‘lanishi bilan kechadi. Mazkur kasallik dunyoning aksariyat mamlakatlarida sog‘liqni saqlash tizimining jiddiy muammosi bo‘lib, kasallikka chalingan bemorlarning o‘lim holatlari va nogironlik darajasining yuqori bo‘lishi bilan xavfli. Asosan Afrika mamlakatlarida ko‘p uchraydi, undan yiliga 250 000 bemor vafot etadi.
Safarga otlangan fuqarolar vaksina olish haqida o‘ylab ham ko‘rishmaydi. Natijada turli kasalliklarga chalinish ehtimoli ortadi. Bu orqali nafaqat o‘zi, balki atrofdagilarning ham salomatligi xavf ostida qoladi. Xorijda bo‘lib qaytgan har bir odam o‘zi bilmagan holda qaysidir kasallikning tashuvchisiga aylanib qolishi mumkin. Kun.uz xavfli meningit kasalligi va undan saqlanishda vaksina olishning ahamiyati haqida mutaxassislar fikri bilan qiziqdi.
Meningit kasalligi nimasi bilan xavfli? Nega biz bu kasallikdan himoyalanishimiz kerak? Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati epidemiologiya bo‘limi boshlig‘i, Tibbiyot fanlari nomzodi Lyudmila Kudasheva mazkur savollarga javob berdi.
“Meningokokk infeksiyasi dunyoning barcha hududlarida qayd etilgan yuqumli kasalliklardan biri. Kuniga 30 000 ga yaqin bemor ro‘yxatga olinadigan davlatlar ham bor. Bu, birinchi navbatda, Niger, Nigeriya, Janubiy Sudan, bular Afrikaning janubida joylashgan, “meningokokk kamari” deb ataladigan mamlakatlardir. U yerda haqiqatan ham jiddiy epidemik vaziyat bor va bu jiddiy global tahdidni anglatadi.
Nega biz odatda Haj yoki Umra qilgan barcha fuqarolarimizdan avval emlanishni so‘raymiz? Gap shundaki, qisqa vaqt ichida u yerga dunyoning turli burchaklaridan juda ko‘p odamlar yig‘iladi. Va, albatta, hech kim ularda meningokokk infeksiyasi yo‘q deb kafolat bera olmaydi.
Shu sababli ham fuqarolarimiz safarga otlanganlarida meningokokk infeksiyasiga, shuningdek, grippga qarshi emlanishlari kerak. Gap shundaki, meningokokk infeksiyasi havo orqali yuqadigan infeksiyadir. Ya’ni kasallikka chalingan kimdir aksirsa yoki yo‘talsa infeksiya butun atrofga tarqaydi.
Bu virus tashqi muhitga chidamsiz bo‘lib, odam organizmidan tashqarida 30 daqiqadan so‘ng nobud bo‘ladi. Mikrob burun, halqum, orqa miya suyuqligi, qon va terida ko‘payadi. Shu bois unga chalingan bemor infeksiya manbayi hisoblanadi. Meningit istalgan yoshda uchrashi mumkin.
Ko‘p yillik kuzatuvlarimiz shuni ko‘rsatmoqdaki, meningitga qarshi emlanganlar meningokokk infeksiyasiga chalinmaydi.
Chetdan kirib kelish xavfi yuqori bo‘lgan kasalliklar, jumladan, meningetning oldini olish maqsadida SES xodimlari qanday ishlarni amalga oshirmoqda? Bu haqida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati Toshkent shahar boshqarmasi epidemiologiya bo‘limi mudiri Dilfuza Rasulova to‘xtalib o‘tdi.
“Meningokokk infeksiyasining o‘zidan va asoratidan qo‘rqamiz. Kasallik yashin tezligida kechishi mumkinligi sabab qo‘shimcha kasalliklar qo‘shilishi natijasida o‘lim holatlariga olib kelishi mumkin. 2018-2019 yillarda meningit kasalligining to‘lqini ko‘tarildi. Virus ilk aniqlangan bemorlar chet davlatlardan kirib kelgan fuqarolar edi.
Zudlik bilan ular bilan muloqotda bo‘lganlarni aniqlab, kasallikka qarshi emlashlarni qilganimizdan keyin, kasallik keng tarqalishining oldi olindi.
Meningokokk kasalligi qo‘zg‘atuvchisining sog‘lom tashuvchilari ham bo‘lishi mumkin. Ular kasallanganini bilmagan holda o‘zidan o‘sha virusni yoki bakteriyani tashqi muhitga chiqarib yurishadi.
Ko‘plab insonlar yig‘iladigan joyda shunday sog‘lom tashuvchilar bo‘lsa, virusga qulay sharoit tug‘ilishi bilan, kasallik keng tarqalishi mumkin. Shu sababdan biz Toshkent shahar musulmonlari idorasiga murojaat bilan chiqdik. Chunki Umra va Haj ziyoratiga borayotgan insonlarni albatta grippga hamda meningakokka qarshi emlash kerak.
Murojaatimizda biz ushbu kasallik qanday kechishi, yuqumlilik darajasi bo‘yicha tez tarqaluvchi ekani haqida ma’lumot berdik. Epidemiologik jihatdan bu nafaqat boriladigan mamlakatga, balki fuqarolarimizga ham xavf tug‘dirishi mumkinligini tushuntirdik”.
Turli kasalliklardan himoyalanish hamda ularning keng tarqalishi oldini olishda vaksinalarning ahamiyati haqida JSSTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi immunizatsiya ishlari bo‘yicha rahbari Renat Latipov shunday deydi:
Dunyoning hamma mamlakatlari ham o‘z aholisi uchun bunday xizmatlarni taqdim etmaydi. Shunday davlatlar borki, emlash biznikiga qaraganda ancha qiyin.
Shuning uchun, bizning oilaviy sog‘liqni saqlash bo‘yicha maslahatimiz —ovqatlanish va emlashlarga rioya qilish.
Sog‘liqni saqlash vazirligi tavsiya qilgan vaksinalarni olish kerak, boshqa davlatlarga borsangiz hatto o‘sha davlat talab qilmasa ham kasallikning oldini oladigan vaksinalarni olish kerak.
Chet elga emlanmasdan ketgan odam kasal bo‘lib, yurtimizga qaytib kelishi mumkin. Infeksiyani yuqtirgan paytdan boshlab kasallikning namoyon bo‘lishigacha bo‘lgan inkubatsiya davrida infeksiya siz bilan birga chegarani kesib o‘tishi va butun respublika bo‘ylab tarqalishi mumkin.
Biron sababga ko‘ra vaksinani olmaslik yoki vaqtida ololmaslik, bunga vaqt yo‘qligi xavfli. Shuning uchun, emlash o‘z vaqtida bo‘lishi kerak. Biz hech kimni majburlamaymiz, lekin ixtiyoriy, o‘z salomatligi uchun emlanishni tavsiya qilamiz”.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati Vaksinalar va immunoprofilaktika bo‘limi boshlig‘i Dilorom Tursunova har bir inson o‘z salomatligi uchun mas’ul ekanligi hamda emlanish orqali nafaqat o‘zi balki atrofdagilarning ham salomatligini asrashga hissa qo‘shishi mumkinligini aytadi.
“Respublikamizda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tekshiruvidan o‘tgan, kafolat berilgan vaksinalar ishlatiladi. Bolalarimizga olib kelinadigan va emlanadigan hamma vaksinalarimiz YUNISEF orqali keladi. Lekin vaksinalarning hammasiga yuz foiz davlatimiz mablag‘ ajratadi.
Vaksinalar sifati nafaqat JSST, balki O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ham kafolatlanganidan keyin, ma’lum tekshiruvlar o‘tkazilib, ana undan so‘ng qo‘llanadi.
Jamoa bo‘lib xorijiy davlatlarga safar uyushtirayotgan fuqarolardan, ayniqsa Musulmonlar idorasi, diniy qo‘mita vakillari, qolaversa turistik firmalar mutasaddilaridan vaksina masalasiga bee’tibor bo‘lmasliklarini so‘rab qolardik.”.
Mutaxassislarning fikridan xulosa qiladigan bo‘lsak, infeksiyalar yo‘q bo‘lib ketmagan. Tashuvchilar ham bor. Ma’lum kasallik ro‘yxatga olinmayotgan bo‘lsa, bu uning yo‘qolib ketganini anglatmaydi. Qulay sharoit paydo bo‘lishi bilan infeksiyalar avj olishni boshlaydi.
Qolaversa, kasalliklarning kirib kelishi uchun hech qanday chegaralar mavjud emas. Faqat inson o‘zini o‘zi himoya qilishi kerak. Mutaxassislar buning hozirgi kunda sinovdan o‘tgan eng samarali usuli o‘sha kasalliklar uchun vaksina olish ekanini aytishmoqda.
Charos Mannonova, jurnalist
Operator va montaj ustasi: Abdusalim Abduvohidov.