AQSh senatorlari "vagnerchilar"ni terrorchilar deb tan olmoqchi 

Jahon 09:32 / 02.12.2022 5018

AQSh senatorlari - respublikachi Rojyer Uiker va demokrat Ben Kardin Kongressga Rossiya yollanma askarlarini javobgarlikka tortish to‘g‘risidagi ikki partiyaviy qonun loyihasini taqdim etdilar, unga ko‘ra AQSh davlat kotibidan Vagner XHKni xorijiy terrorchilik tashkiloti sifatida belgilash talab qilinyapti. Bu haqda 1 dekabr, payshanba kuni senator Rojyer Uiker saytida ma’lum qilindi.

Press-relizda aytilishicha, Vakillar palatasiga kongressmenlar Stiv Koen, Jo Uilson, Richard Xadson va Mark Visi tomonidan bir xil qonun loyihasi kiritiladi.

«Vladimir Putin va uning yaqinlari o‘z maqsadlariga erishish uchun hech narsadan to‘xtamaydi, jumladan, Vagner guruhi kabi yollanma askarlarni ularning nomidan vahshiylik qilish uchun yollashdan ham, - dedi senator Uiker tashabbusni sharhlar ekan. - AQSh bu soyadagi armiyaga shunday nom berishi kerak: xorijiy terrorchi guruh. Biz ularni qo‘llab-quvvatlaganlar bilan birga javobgarlikka tortishimiz kerak».

O‘z navbatida, Yevropa, Yevrosiyo va Shimoliy Amerikaning 57 ta davlatida inson huquqlarini himoya qilish, harbiy xavfsizlik va iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha ixtisoslashgan AQSh Helsinki komissiyasi raisi senator Kardin Vagner XHKning «Ukraina, shuningdek, Suriya va butun Afrika qit’asidagi son-sanoqsiz vahshiyliklar bilan bog‘liq»ligini ta’kidladi.

«AQSh Vagner guruhini zudlik bilan xorijiy terrorchilik tashkiloti sifatida belgilashi kerak. Bu Rossiya armiyasini zaiflashtiradi va inson huquqlarini buzganlarni javobgarlikka tortishga yordam beradi», - dedi u.

Tegishli qonun qabul qilinsa, AQSh davlat kotibi undan keyin 90 kun ichida Vagner XHKni xorijiy terrorchi tashkilot deb belgilashi mumkin. XHK tomonidan affillangan yoki qo‘shimcha tuzilgan istalgan kompaniyaga ham shunday tamg‘a qo‘yiladi, deyiladi Rojyer Uikerning xabarida.

23 noyabr kuni Yevroparlament Rossiyani terrorizm homiysi deb e’lon qilib, Vagner XHK tomonidan sodir etilgani aytilayotgan vahshiyliklarni alohida ta’kidlab o‘tdi.

Bu tashkilot allaqachon AQSh sanksiyalari obektiga aylangan. 2017 yil 20 iyun kuni AQSh Moliya vazirligining Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi Vagner guruhi va uning harbiy rahbari Dmitriy Utkinga qarshi sanksiyalar joriy qildi. 2018 yil 20 sentabrda Davlat departamenti tadbirkor Yevgeniy Prigojin va unga aloqador tashkilotlarni, shu jumladan Vagner guruhi XHKni Rossiya hukumatining mudofaa yoki razvedka sektoriga kiruvchi yoki uning manfaatlariga muvofiq harakat qiluvchi shaxslar va tashkilotlar ro‘yxatiga qo‘shdi.

Ko‘proq yangiliklar: