Qishloqlarda yotib ishlayotgan mas’ullar. Aholi muammolari bilan ishlashning yangi tizimi Oqqo‘rg‘onda sinovdan o‘tkazilmoqda

O‘zbekiston 10:37 / 01.12.2022 7628

Yangi tizimga ko‘ra, prezident maslahatchisi G‘ofurjon Mirzayev boshchiligidagi 24 ta vazirlik va idora rahbarlaridan iborat ishchi guruh 4 ta sektor kesimida tumandagi 29 ta mahallada faoliyat olib bormoqda.

Ishchi guruh tuman hududida mahallama-mahalla, uyma-uy yurib, har bir xonadonning sharoiti bilan tanishib, aholi muammolari va ijtimoiy-iqtisodiy masalalarini o‘rganib, ularni tezkor va samarali hal qilish choralarini ko‘rmoqda. Ushbu jarayonda asosiy e’tibor – og‘ir ijtimoiy ahvoldagi, yakka-yolg‘iz, boquvchisini yo‘qotgan insonlarni qiynayotgan masalalarga yechim topishga qaratilmoqda.

Respublika ishchi guruhining Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, mas’ullar bevosita chekka hududlardagi qishloqlarda tunab, o‘sha yerda mahalla faollari, oqsoqollar, keksa nuroniylar, faollar bilan aholida mavjud muammolar xususida muhokamalar o‘tkazib, joyida yechim izlashmoqda.

Ayni paytga qadar Oqqo‘rg‘on tumanining “Yoshlik”, “Madaniyat”, “Jag‘alboyli”, “Suvti”, “Qo‘shtamg‘ali”, “Mustaqillik”, “Xonobod”, “Eltamg‘ali”, “Sulton Segizboyev”, “Tolovul” mahallalaridagi 920 ta xonadon va 15 ta ijtimoiy soha obekti o‘rganilgan. Ularda aniqlangan 547 ta masalaning 76 tasi (13,8 foizi) hal qilindi, 471 ta masala bo‘yicha chora-tadbirlar belgilangan.

Xususan, “Mustaqillik” mahallasida yashovchi 70 yoshli og‘ir ijtimoiy ahvoldagi V.Vyatchinin davolanishi uchun Toshkent viloyati ixtisoslashtirilgan somatika shifoxonasiga yotqizilgan bo‘lsa, “Madaniyat” mahallasidagi A. Mamazoitov xonadoniga 40 metr quvur tortilib, tabiiy gaz ta’minotiga ulab berilgan. Hududda tashkil qilingan chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik natijasida ambulator sharoitdagi 36 nafar bemor kerakli dori-darmonlar bilan ta’minlangan.

“Mustaqillik” mahallasidagi eskirgan simyog‘ochlar beton ustunlarga almashtirilayotgan bo‘lsa, “Yoshlik” mahallasi Zamahshariy ko‘chasidagi suv quvurlari ta’mirlanmoqda.

Shu bilan birga, muddat va mablag‘ talab qiladigan qator masalalarni kelgusi yil dasturlariga kiritish belgilangan. Jumladan, “Suvti” mahallasidagi yaroqsiz ko‘prik ta’mirlanishi bilan kamida 400 nafar aholini o‘ylantirayotgan tizimli masala hal qilinadi. Yoki “Xonobod” mahallasidagi 1960 yilda qurilgan 450 o‘rinli 9-sonli maktabga qo‘shimcha bino qurilishi rejalashtirilgan.

Xuddi shunday “Madaniyat” mahallasidagi 22-, 27-, 47-, 50-sonli maktablarni, ayniqsa, 50-maktabning achinarli ahvoldagi sport zalini rekonstruksiya qilish, mahallalarning qishda loy, yozda chang ko‘chalarini ta’mirlash, “Qo‘shtamg‘ali”dagi 500 ta yaroqsiz simyog‘ochlarni beton ustunlarga almashtirish rejalashtirilgan. Respublika ishchi guruhi Oqqo‘rg‘onda faoliyatini davom ettirmoqda.

Eslatib o‘tamiz, prezident maslahatchisi lavozimini egallagan G‘ofurjon Mirzayev 1964 yilda Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan. U noyabr oyida prezidentning davlat xizmati, aholi bilan muloqot va mahalliy hokimiyat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi etib tayinlandi. Bungacha u Sirdaryo viloyati hokimi edi. Mirzayev 2003 yildan 2016 yilgacha O‘zbekiston prezidenti apparatida mas’ul lavozimlarda ishlagan.

Ko‘proq yangiliklar: