Oxirgi bir necha kunda O‘zbekistonda havo harorati pasayib, sovuq tushdi. Shunga qaramay, Shahrisabz shahar hokimligi tomonidan kechqurun o‘tkazilgan tadbirga yupun kiyingan o‘quvchi qizlar jalb qilingan. Holat ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘lgach, xalq ta’limi vazirining matbuot kotibi Laylo Rustamova munosabat bildirdi.
Ma’lum bo‘lishicha, Yoshlar ishlari agentligining Shahrisabz shahar bo‘limi va sektor rahbarlari “Yoshlar daftar”ida turganlarga navbatdagi subsidiya asosida mehnat qurollarini va to‘lovlar uchun sertifikatlar topshirish uchun 1-maktab hovlisida tadbir tashkil etishgan.
Garchi tadbir maktabga va ta’limga aloqasi bo‘lmasa ham unga yupun kiyingan yosh o‘quvchi qizlar jalb qilingan. Tadbirdan so‘ng bu haqda shahar hokimligi axborot xizmati o‘zining Telegram-kanaliga post qo‘ygan.
Postga ilova qilingan fotosuratlarda shahar hokimi Akrom Sulaymonov boshchiligidagi mutasaddilar tunda o‘zlari issiq kiyim kiyib olgan holda, ularning oldida turgan kamida 6 nafar qiz yupun kiyingani aks etgan. Hozirda suratlar kanaldan o‘chirib tashlangan.
Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati o‘z munosabatida hokimlar, sektor rahbarlari, huquq-tartibot organlari mas’ullariga turli tadbirlarni tashkil etayotganda maktab o‘quvchi va o‘qituvchilarini jalb qilmaslik bo‘yicha doimiy ogohlantirish berib kelinayotganini ta’kidlab buni yana bir bor eslatgan.
“Afsuski, shunga qaramay ushbu suratdagi kabi ayanchli holatlar yuzaga kelmoqda. Bolalarning maktabdan tashqari vaqtlarda tadbirga jalb etilishi va eng achinarlisi, sovuq ob-havo sharoitiga qaramay ularning yupun kiyimlarda ekanligi ushbu hududdagi har bir mutasaddining aybi, deb hisoblaymiz”, deyiladi munosabatda.
XTV matbuot kotibi joylardagi XTBlar va maktab rahbarlarini Shahrisabzdagi holatdan tegishli xulosalar chiqargan holda, bunday harakatlarga yo‘l qo‘ymasliklari yuzasidan ogohlantirgan.
Shahrisabzda bo‘lgan holat birinchisi emas. O‘zbekistonning turli hududlarida sovuq havoda maktab o‘quvchilari bo‘lgan yosh qizlarni ta’limga va maktabga aloqasi bo‘lmagan turli tadbirlarga jalb qilish tez-tez sodir bo‘ladi.
- 2020 yil 19 noyabrda Andijon shahridagi 43-sonli maktabga “Yangi O‘zbekiston – Yangicha dunyoqarash” shiori ostida ko‘zga ko‘ringan ziyolilar, san’at va fan-madaniyat xodimlari borgan. Havo sovuq bo‘lishiga qaramay, mehmonlarni kutib olishga yosh qizchalar yupun holda chiqarilgan.
- 2020 yil 20 noyabrda Baxmal tumanidagi kutubxona ochilishi marosimiga yosh qizchalar yupun kiyimda jalb qilingan. Ular bir qancha vaqt sovuq havoda turishga majbur bo‘lgan.
- 2022 yil 14 fevralida “Oltin meros” jamg‘armasi tomonidan Qibray tumanida joylashgan 2-sonli maktabda Bobur tavalludi munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirga mehmonlarni kutib olish uchun yosh qizlar yupun kiyintirilib olib chiqilgan.