Ko‘cha qonunlari bo‘yicha undiruv. Rossiyada ish haqi berilmay qiyin vaziyatda qolgan o‘zbek hikoyasi

Jamiyat 18:28 / 01.12.2022 40217

Yaqinda Namangan shahridagi “Mulla qirg‘iz” madrasasi yonida tanishlarim bilan suhbatlashib turgandim. Shu payt yonimizga bir kishi kelib, avval sherigimiz, so‘ngra biz bilan so‘rashdi. Keyin bilsak, u sheriklarimizdan birining tanishi ekan.

Men u kishini bittada tanidim, chunki odam o‘ziga yaxshilik qilgan, xorijda, musofirlikda juda qiyin vaziyatda yordam qo‘lini cho‘zgan kishini unutolmaydi. Biroq u meni eslolmadi. Shunda o‘zimni tanitishga qaror qildim.

– Aka, siz ko‘zimga tanish ko‘rinyapsiz, mobodo Kemerovoda (Rossiyadagi shahar, Kemerovo oblastining ma’muriy markazi, G‘arbiy Sibirning janubida joylashgan) ishlamaganmisiz?

– Yo‘q, Kemerovoga borib turardim-u, ammo asosan Novosibirskda (Rossiyaning Osiyo qismidagi eng katta shahar, aholi soni bo‘yicha mamlakatda Moskva va Sankt-Peterburgdan keyin uchinchi shahar, Sibir federal okrugi va Novosibirsk oblastining ma’muriy markazi) ishlaganman, deb javob qildi suhbatdoshim.

– Bo‘ldi, bo‘ldi. Joy nomini xato aytibman. Sizni esladim, adashmasam, ismingiz Ikrom aka edi a? O‘g‘illaringiz ham siz bilan ishlashardi. Mashaalloh, esladim-a!

– To‘g‘ri, o‘g‘illarim ham men bilan birga edi. Ammo negadir men sizni eslolmadim?

Shundan so‘ng qanday tanishganimizni boshidan hikoya qilib berdim.

– Kemerovoda 6 yil ishladim. Oxirgi yili ikki sherigim bilan mening pasportlarimiz yo‘qolib qoldi. Bizni ishlatgan koreys millatiga mansub odam pullarimizni bermay qiynay boshladi.

O‘sha paytda nima qilarimni bilmay qoldim, ochig‘i. Sheriklarimning holati menikidan battar. Ish beruvchimizni adolatga chaqirib ko‘rdik, foyda bermadi. Musofirligimiz, ortimizdan hech kim kelmasligini bilib, haqimizni berishdan ochiqchasiga bosh tortdi. Jahl otiga minib, urib-netib qo‘ysak, tashvishimiz ikki barobar ko‘payadi.

O‘ylab-o‘ylab Novosibirskda ishlayotgan mahalladoshimga qo‘ng‘iroq qildim. Boshimizga tushgan ishni bir boshdan tushuntirdim. Puldan umidni uzganimni, qarz berib tursa, O‘zbekistonga qaytib, qarzimni uzishimni, uydagilarni sog‘inganimni aytdim. U so‘zlarimni diqqat bilan eshitdi.

– Holatingni tushundim. Bitta aka borlar, sen haqingda aytib ko‘raman. Agar xaqiqatan bu vaziyatda haq bo‘lsanglar, ya’ni ish haqing berilmayotgani qandaydir ayb yoki kamchiliklaring uchun berilgan jazo bo‘lmasa, yordam berishlari mumkin. Mabodo nohaq bo‘lib chiqsangiz, ishlaring chatoq bo‘lishi mumkin.

– Oshna, yuz foiz xaqmiz. Iltimos, shu ishni tezlat! Uydagilarni sog‘indik, dedim quvonchdan hayqirib.

O‘sha kuni kechki payt mahalladoshim aytgan odamning o‘zi qo‘ng‘iroq qildi. Bo‘lgan voqeani yarim soat davomida obdon surishtirdi. Savol ketidan savol beraverdi. Men hodisa tafsilotlarini qanday bo‘lsa shundayligicha aytib berdim. Oxiri javoblarimdan qoniqdi shekilli:

– Yaxshi, sizga telefon qilishadi, degan javob bo‘ldi.

To‘g‘risi, ish haqimizni olishdan umid ham qilmadim, bu gapni ham ko‘ngil uchun aytdilar deb o‘ylagandim. Menga o‘sha tobda qarz berib tura oladigan odam bo‘lsa va uyga eson-omon qaytib olsam bas edi.

Oradan uch kun o‘tdi. Bir notanish o‘ris qo‘ng‘iroq qildi:

– Falonchi senmisan?

– Ha, menman.

– Lokatsiya yubor, Ikrom senga yordam berishimizni iltimos qildi.

– Qaysi Ikrom? Men hech qanaqa Ikromni tanimayman, – dedim qo‘rqib.

Keyin bilsam, mahalladoshim aytgan, bizdan voqea tafsilotlarini obdon surishtirgan odamning ismi Ikrom ekan.

– Xullas, Novosibirskdan “zemlyag”ing Ikrom iltimos qildi. Muammong bormidi? Hozir yoningga yetib boramiz. Keyin biz bilan Novosibirskka ketasan.

Lokatsiya yubordim. Ma’lum vaqtdan so‘ng ikki “ayiqpolvon” mashinada yetib keldi. Boshlig‘imni chaqirib, chetda biroz gaplashishdi. Keyin bizni yonlariga chaqirib, holat to‘g‘risida qo‘rqmay rostini aytishimizni so‘rashdi.

Men va ikki sherigim bo‘lgan gapni va bajargan ishlarimizni boricha aytdik.

“Ayiqpolvon”lar boshliqqa qarab:

– Bular to‘g‘ri aytyaptimi? – deb so‘rashdi.

Boshliq qo‘rqib yelkasini qisdi-da:

– Umuman olganda, hamma gaplari to‘g‘ri. Lekin sizlar ham meni to‘g‘ri tushuninglar, deyoldi xolos.

– Seni tushundik, lekin bular ham inson-ku, qul emas-ku?! Qani, pullarini hoziroq ber, Novosibirskka ketishimiz kerak, u yerda jiddiy odamlar kutishyapti bizni. Sen bilan qaytganda yana uzooq gaplashamiz.

Boshliq shoshib mashinasidan pul olib, ularning qo‘liga tutqazdi va biz tarafga qarab:

– Bo‘ldi, yigitlar, rahmat sizlarga, – deya bizga ketishga ruxsat berganini ishora bilan bildirdi.

Qisqasi kechki payt Novosibirskka yetib keldik. Boyagi “ayiqpolvon”larning biri Ikrom akaga pullarni berib:

– Hammasi joyida, xizmat bo‘lsa aytavering, – dedi-da, Ikrom akaning qo‘llariga bir dasta pulni berib, xayrlashib qaytib ketishdi.

Shu tobda hikoyamni tinglab turgan odamga yuzlandim:

– Endi esladingizmi, Ikromjon aka?

– Oriqqina bola edingiz. Semirib katta odam bo‘lib ketibsiz-ku, dedi u kishi taniganini bildirib.

– Xo‘sh, keyin-chi, keyin nima bo‘ldi? – deb so‘radi hikoyani maroq bilan tinglayotganlardan biri.

– Eee, keyin aka o‘g‘illarini chaqirdilar, adashmasam ismi Ziyovuddin edi. Ikrom aka uni yoniga chaqirib, bizni ko‘rsatdi-da, qornimizni to‘yg‘azishni, so‘ngra Akbar akaning hostellariga joylashni aytdilar. “Ertaga elchixonaga olib borib, ishlarini bitirib ber”, deb bizni unga topshirib ketdilar.

Ertasiga elchixonaga borib, pasportimiz yo‘qolgani, O‘zbekistonga qaytish uchun shaxsimizni tasdiqlovchi hujjat berilishini so‘rab murojaat qildik, kerakli qog‘ozlarni to‘ldirdik.

Ikrom akaning yana bitta o‘g‘illari (oti esimda qolmabdi) bizni shahar aylantirdi, turli do‘konlarga olib bordi, uyga sovg‘alar oldik. Uch kunda uyga qaytishimiz uchun talab etiladigan vaqtinchalik pasport tayyor bo‘ldi.

– Aka, sizga katta rahmat. Mushkulimizni oson qildingiz. Alloh rozi bo‘lsin! Ishlarimiz bitdi, endi xizmat xaqini ayting, yonimizdagi pullar yetmasa Namangandagi hovlingizga berib qo‘yamiz, dedim.

– 3 ming bo‘ladi, dedi suhbatdoshim.

To‘g‘risi, pul miqdorini eshitib, rang-qutim uchib ketdi. Hazilakam pul emas-da, 3 ming dollar. Migrant uchun bu juda-juda katta pul. Iymana-iymana dilimdagini tilimga ko‘chirdim:

– Aka, yonimizda 3 ming dollar yo‘q. Uyda ham buncha miqdorda pul topilmaydi...

– 3 ming rubl bo‘ladi, – dedilar so‘zlarimni eshitgach miyig‘ida kulib.

– Xayriyatey! Dollarda deb o‘ylab esxonam chiqib ketgandi. Mana 9 ming rubl, har birimizdan 3 mingdan. Biz rozimiz, rahmat sizga, aka.

– Uchovlaring uchun 3 ming yetadi, manavi 6 ming sizlarniki, ortiqchasi kerakmas. Sertifikat 30 kunlik, agar ishlayman desanglar 20 kunga ish topib berishim mumkin.

– Aka, uyni sog‘inganmiz, ketmasak bo‘lmaydi.

– Yaxshi, unda o‘g‘limga aytaman. Sizlarga bilet olib berib, aeroportgacha kuzatib qo‘yadi.

Mingdan ming rahmat aytib, Ikrom aka bilan xayrlashdik.

Hikoyamni maroq bilan tinglab turgan sheriklarimga qarata:

– Xullas, bu akaning yaxshiliklarini o‘lgunimcha unutmayman, – deya so‘zimni tugatdim.

– Mashaalloh! Alloh rozi bo‘lsin sizdan. Ammo bir narsani tushunmadim. Ikromjon uka, anavi kemerovolik bolalar nima evaziga yaxshilik qilishdi, – deya qiziqdi suhbatdoshlardan biri.

– Novosibirskdagi “ko‘cha bolalari” bilan shunday muammolarni yechish uchun kelishuv qilardik. Agar “oldi-berdi” muammosidan shikoyat qilgan jabrlanuvchi (haqdor) o‘z foydasiga moslab yolg‘on ma’lumot bergan bo‘lsa, aldagan tomoni pul miqdorining yarmini jarima sifatida to‘lashiga to‘g‘ri kelardi.

Basharti haqdor tomon o‘zining haqligini isbotlab bera olsa, uni aldamoqchi bo‘lgan, pulini bermayotgan tomon haqdorga haqini butunligicha to‘lab berar, bundan tashqari, “ko‘cha bolalari”ga o‘sha summaning yarmini jarima sifatida to‘lardi.

Odatda ular pul miqdori yuz ming rubldan baland nizolargagina aralashishardi. Kichik summalarga aralashishmasdi. Bu tizim Sibir o‘lkasi bo‘ylab amalda qo‘llanardi, deya tushuntirdi Ikrom aka.

Suhbatdoshlar Ikrom akani duo qilishdi. Men ham o‘zim bilan sodir bo‘lgan voqeaning o‘zim bilmagan jihatlarini bilib oldim.

Musofir yurtda qiyin vaziyatga tushib qolish oson. Ko‘pincha qonun yo‘li bilan ham adolatga erishib bo‘lmaydi. Shunday paytda yurtdoshlarning madadi joningga oro kiradi. Men esa Ikrom akaning yordami bilan deyarli imkonsiz muammodan yutuq bilan chiqqandim.

Botir (ism o‘zgartirilgan)ning hikoyasini
Jamshid Niyozov oqqa ko‘chirdi.

Ko‘proq yangiliklar: