Eksport bo‘yicha yillik reja muddatidan oldin – 10 oyda bajarildi

O‘zbekiston 12:58 / 01.12.2022 6565

2022 yilning 10 oyi davomida “O‘zkimyoimpeks” MChJ tomonidan “O‘zkimyosanoat” AJ bo‘yicha belgilangan yillik eksport ko‘rsatkichi muddatidan oldin bajarildi. Xususan, joriy yilning yanvar-oktyabr oylarida amalda umumiy qiymati 407,3 mln dollarlik kimyo mahsulotlari eksporti amalga oshirilib, yillik reja (400,8 mln dollar) 31 oktyabr holatiga 101,7 foizga bajarildi. 2021 yilning yanvar-oktyabr oylariga nisbatan 155 foizga o‘sish ta’minlandi.

Ushbu ko‘rsatkichlarga sohaning eksport salohiyatini yuksaltirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan tizimli chora-tadbirlar hisobiga erishilmoqda. Jumladan, eksport qilinayotgan mahsulotlarni diversifikatsiyalash bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda. Joriy yil davomida 37 turdagi kimyo mahsulotlari eksportga chiqarildi. Shuningdek, 13 turdagi umumiy qiymati 18 mln dollarlik yangi mahsulotlar murakkab mineral o‘g‘itlari (9 xil), polianion sellyuloza, suyuq mineral o‘g‘itlari (2 xil) eksportga chiqarildi. Ta’kidlash joizki, ayrim turdagi mahsulotlar eksportining o‘sish sur’ati o‘tgan 2021 yilning mos davriga nisbatan katta ko‘rsatkichlarni tashkil etdi. Bulardan superfosfat eksporti 35 barobarga, suyultirilgan ammiak mahsuloti eksporti 16 barobarga, avtomobil shinasi eksporti 11 barobarga, suyuq argon va ammoniy xloridi eksporti 6 barobarga oshgan.

“O‘zkimyoimpeks” MChJ tomonidan yangi bozorlarni o‘zlashtirish hisobiga eksport geografiyasi kengaytirilmoqda. Yil boshidan buyon jahonning 36 ta davlatiga mahsulotlar eksporti amalga oshirildi. Bu ko‘rsatkich 2021 yilda 28 tani tashkil qilgan. Shu jumladan, Mongoliya davlatiga umumiy qiymati 625,8 ming dollarlik karbamid va NPK mahsulotlari eksportga chiqarildi.

Shu bilan birga, mahsulot eksportida tashqi bozordagi yirik treyderlar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Litva davlatining “ UHB Agro ” kompaniyasi bilan hamkorlikda “Samarqand-NPK” MChJ QKda NPK o‘g‘itlarini ishlab chiqarish va eksportga yo‘naltirish yo‘lga qo‘yildi. Yanvar-oktyabr oylarida 19,6 mln dollarlik 41,8 ming tonna NPK o‘g‘itlari eksportga chiqarildi.

Iste’molchilar va tashqi bozorning talabidan kelib chiqib birinchi marta “Farg‘onaazot” AJda mineral o‘g‘itlarni qop bilan bir qatorda big-beglarga yuklash amaliyoti qo‘llanildi. Bu esa, o‘z navbatida, samarali natija berdi.

Shuningdek, jahon bozoridagi mineral o‘g‘itlar narxi dinamikasi doimiy ravishda tahlil qilinib, mahsulotlarni yuqori rentabelli narxlarda sotishga erishildi. Masalan, 2021 yilning yanvar-oktyabr oylarida 198,5 mln dollarlik 871,5 ming tonna mineral o‘g‘itlari eksportga chiqarilgan bo‘lsa, joriy yilda 753 ming tonna mineral o‘g‘itlari 329,4 mln dollarga eksportga chiqarildi, ya’ni o‘tgan yilga nisbatan eksportga chiqarilgan har bir tonna mineral o‘g‘itdan 209 dollar ko‘p foyda ko‘rildi.

Qolaversa, Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi ziddiyatlar oqibatida vujudga kelgan geosiyosiy holatning “O‘zkimyosanoat” AJ tashqi iqtisodiy faoliyatiga salbiy ta’sirini kamaytirish borasida tegishli chora-tadbirlar ko‘rildi. 2022 yilda Ukraina davlatiga eksporti mo‘ljallangan umumiy qiymati 127,2 mln dollarlik 10 xil turdagi mahsulotlarni boshqa davlatlarga yo‘naltirish rejasi ishlab chiqildi. Bundan tashqari, Yevropa davlatlari tomonidan Rossiyaga qo‘llanilgan sanksiyalar tufayli kimyo mahsulotlari bo‘yicha bo‘shab qolgan bozorlarni egallash choralari ko‘rilmoqda.

2021 yil yanvar-oktyabr oylarida 7,6 ming tonna xlorat natriysi eksport qilingan bo‘lsa, joriy yilda ushbu ko‘rsatkich 13,8 ming tonnani tashkil etdi (o‘sish sur’ati - 182 foiz). Joriy yilda 2,98 mln dollarlik 111,5 ming dona avtomobil shinalari eksport qilindi. Yil yakuni bilan xlorat natriysi eksport ko‘rsatkichini 14,8 ming tonnaga, avtomobil shinasi bo‘yicha ko‘rsatkichni 122 ming donaga yetkazish ko‘zda tutilmoqda. Shuningdek, ko‘rilgan choralar, o‘z navbatida, Rossiya davlatiga amalga oshirilayotgan umumiy eksport ko‘rsatkichiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

2021 yil yanvar-oktyabr oylarida Rossiya davlatiga umumiy qiymati 4,5 mln dollarlik 7 turdagi kimyo mahsulotlari eksport qilingan bo‘lsa, 2022 yil mos davrida 12 turdagi umumiy qiymati 15 mln dollardan ortiq kimyo mahsulotlari eksport qilindi (o‘sish sur’ati - 333 foiz). 

Yana bir muhim jihat shundaki, mahsulotlarni eksport qilishda xorijiy mamlakatlarda ochilgan savdo uylaridan unumli foydalanilmoqda. Joriy yilda savdo uylari orqali 33,6 mln dollarlik mahsulotlar eksportga chiqarildi.

Hozirda ichki zaxira va imkoniyatlarni qayta ko‘rib chiqib, qo‘shimcha ravishda 25 mln dollarlik kimyo mahsulotlarini eksportga chiqarish rejalashtirilmoqda. Ushbu qo‘shimcha eksport ko‘rsatkichini hisobga olib, 2022 yil yakuni bilan yillik eksport ko‘rsatkichini 450 mln dollarga yetkazish va belgilangan rejani 112,3 foizga bajarish, 2021 yilga nisbatan o‘sishni 117,8 foizga ta’minlash kutilmoqda.

 Reklama

Ko‘proq yangiliklar: