Amputantlar terma jamoasi a’zolariga avtomobillar berilishi mumkin

O‘zbekiston 18:57 / 01.12.2022 14337

Sport vazirligi SUBeKTIV loyihasi mualliflarini taqdirlash marosimiga taklif etdi. Sovg‘alar masalasida hozircha aniq ma’lumot yo‘q.

Jamoa vakillari ularga Cobalt avtomobillari berilishi kutilayotgani haqida gap-so‘zlarni eshitishganini ma’lum qilishdi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston amputantlar milliy jamoasi 30 sentabrdan 9 oktyabrgacha Turkiyada bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida 3-o‘rinni qo‘lga kiritgan edi.

SUBeKTIV loyihasining o‘tgan oydagi soni qahramonlari bo‘lgan futbolchilar ularga bu yutuqlari uchun 10 mln so‘mdan pul mukofoti berilganini aytib, bundan noroziliklarini bildirgan edi. Futbolchilarning aksariyati oila tebratish uchun turli kasblar bilan shug‘ullanishadi, mashg‘ulotlar o‘tkazish uchun esa boshqa hududlardan Toshkentga qatnashadi.

Ko‘rsatuv e’lon qilingach, sport vaziri Adham Ikromov ko‘rsatuv mualliflari va OAV ishtirokida jamoa a’zolari bilan uchrashdi.

Uchrashuvda futbolchilar chempionatda 4-o‘rinni olgan Haiti milliy jamoasi a’zolariga 25 ming dollardan berilganini ta’kidlab, ularning murojaatlarini davlat rahbariga yetkazishni, ularga doimiy oylik maosh tayinlashni va jahon chempionatidagi bronza medali uchun Spark avtomobili taqdim etilishini so‘radi.

Adham Ikromov futbolchilarga agar ular Paralimpiya qo‘mitasiga a’zo bo‘lishsa, 6 mln so‘mdan stipendiya qilib berilishini aytdi. Avtomobil masalasidagi iltimos esa prezidentga kiritilishini bildirdi.

Ko‘proq yangiliklar: