Bugun O‘zekspomarkazda O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi, “Milliy PR-markazi” DUK, “THE SAYS LOT” MChJ tomonidan tashkillashtirilgan “Ipak yo‘lida turizm” Toshkent Xalqaro turizm yarmarkasi bo‘lib o‘tdi. Tadbirni Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov ochib berdi.
Vazir o‘z nutqida ushbu xalqaro turizm yarmarkasining ahamiyatiga ham to‘xtalib o‘tdi:
“Ipak yo‘lida turizm” 2022 yilgi Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi dunyoning 30 mamlakatidan 300 nafardan ortiq soha vakillarini o‘zida to‘plagan.
Uch kun davomida soha mutaxassislari ishtirokida forum va sessiyalar, mahorat darslari bo‘lib o‘tadi.
Shu bilan birga, turizm sohasi rivojida muhim ahamiyat kasb etuvchi B2B uchrashuvlari o‘tkaziladi. Qolaversa, tadbirga tashrif buyurgan mehmonlar bir pavilonning o‘zida O‘zbekistonning barcha hududlarining turizm salohiyati bilan tanishish imkoniga ega bo‘lishadi”, – dedi Aziz Abduhakimov.
Turizm vaziri va chet ellik mehmonlar O‘zbekistonning 12 ta viloyati va xorijiy sayyohlik xizmatlarini taklif qilayotgan stendlarga ham tashrif buyurishdi.
Turizm va madaniy meros vazirligi vaziri maslahatchisi Timur Mirzayev quyidagicha ta’kidladi:
“Biz turizm potensialimizning hamma jihatlarini yoritishga harakat qilganmiz. 30 ta mamlakatdan 300 dan ziyod ekspert tashrif buyurgan.
Imkon qadar O‘zbekistonning 2022 yil mobaynida erishgan yutuqlarining barchasini turli taqdimotlar, u yerdagi mahalliy va xorijiy stendlar orqali namoyish qilishga harakat qilganmiz”, - dedi vazir maslahatchisi.
Ko‘rgazma 1-2 dekabr kunlari ham o‘z ishini davom ettiradi. Unda turizmda xalqaro raqobat va brending, oshpazlardan mahorat darslari, Milliy va xorijiy dizaynerlarning moda namoyishi, Markaziy Osiyoni jahon bozorida targ‘ib qilish restarti va yana bir qator tadbirlar o‘rin olgan.