Qashqadaryo viloyatining Kitob tumani Mingchinor muntazam yo‘l-patrul maskanidan o‘tayotgan Labo rusumli avtomobil to‘xtatib ko‘zdan kechirilganda, tekshiruv davomida avtomobilga ham metan (siqilgan tabiiy gaz), ham propan (suyultirilgan gaz) ballon o‘rnatilgani aniqlangan.
IIV Telegram-kanalida e’lon qilingan videoda propan ballon avtomobilning yukxonasiga, metan esa tag qismiga o‘rnatilgani ko‘rinadi.
Aniqlangan qoidabuzarlik yuzasidan haydovchiga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, avtomobil vaqtincha jarima maydoniga joylashtirilgan.
Avvalroq Senatda portlayotgan gazballonlar muammosi ko‘tarilgan, senator Qutbiddin Burhonov yuk mashinalari va avtobuslarga o‘rnatilayotgan gazballonlarini texnik ko‘rikdan o‘tkazish laboratoriyalarini xarid qilishga oid hukumat qarori bajarilmayotganini aytgandi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda so‘nggi yillarda portlagan gazballonlarining qariyb 70 foizi Xitoyda ishlab chiqarilgan.
Toshkentdagi avtoturargohda turgan Isuzu yuk mashinasining gazballoni portlab ketgan, buning oqibatida yana bir nechta Isuzu yuk mashinasiga zarar yetgandi.