Qashqadaryoda YTH oqibatida 2 kishi halok bo‘lib, 5 kishi jarohatlandi

O‘zbekiston 16:00 / 28.11.2022 31195

Qashqadaryo viloyatining Ko‘kdala tumanida Labo va Isuzu ishtirokida insonlar o‘limiga sabab bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Bu haqda IIV YHXB axborot xizmati xabar bermoqda.

Hodisa 12 noyabr kuni soat 09:30 larda, «Toshli» MFY hududidan o‘tuvchi 4R-87 avtomobil yo‘lining 46-kilometrida sodir bo‘lgan.

Ma’lum qilinishicha, 1986 yilda tug‘ilgan haydovchi B.Sh. odam tashish qoidalarini buzgan holda Labo yukxonasida yo‘lovchilar mindirib ketayotgan vaqtda vaqtda yonilg‘isi tugab, mashina sekinlashgan.

Haydovchi Labo’ni yo‘l chetiga olib chiqayotgan vaqtda ushbu yo‘nalishda uning ortidan harakatlanib kelgan Isuzu yuk mashinasi uning aynan odamlar minib olgan qismiga qattiq zarb bilan urilgan va ikki mashina yo‘l chetiga ag‘darilgan.

YTH oqibatida Labo yukxonasida bo‘lgan ikki yo‘lovchi og‘ir tan jarohatlari olib, voqea joyida halok bo‘lgan. Yana besh yo‘lovchi turli darajadagi tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan.

Hodisa yuzasidan Qashqadaryo viloyati IIB huzuridagi tergov boshqarmasi YTHlar bilan bog‘liq jinoyatlarni tergov qilish bo‘linmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-modda 3-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

  • 2022 yil 1 noyabr kuni Dehqonobod tumanida sodir bo‘lgan YTHda uch kishi halok bo‘lgandi.
  • 2022 yil 1 yanvar kuni M-39 Almati-Toshkent-Termiz xalqaro avtomobil yo‘lining Dehqonobod tumani hududidan o‘tgan qismida sodir bo‘lgan YTHda 5 kishi vafot etgandi.
  • Shuningdek, 2021 yil 5 avgust kuni M-39 xalqaro avtomobil yo‘lining Dehqonobod tumanidan o‘tgan qismida Toshkent shahrida yashovchi fuqaro boshqaruvidagi Lacetti Termiz-Toshkent yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanib borayotgan Isuzu yuk mashinasiga urilgan. Oqibatda Lacetti mashinasida yong‘in kelib chiqqan va uning ichida bo‘lgan to‘rt nafar fuqaro tanib bo‘lmas darajada kuyib vafot etgandi.
Ko‘proq yangiliklar: